Afg‘on Toliboni rahbari og‘ir yarador

Image caption Ayrim Tolibon qo‘mondonlari Mulla Mansurga bo‘ysunmasdan, o‘z guruhlarini tuzishgan

Tolibon manbalariga ko‘ra, Afg‘oniston-Pokiston chegarasiga yaqin Kvetta shahri chekkasidagi uchrashuvda Tolibon qo‘mondonlari o‘zaro tortishib qolishgan.

Yuzaga kelgan otishmada esa Afg‘on Toliboni rahbari og‘ir yaralanib, to‘rt nafar Tolibon zobiti halok bo‘lgan.

Otishma sabablari noma‘lum.

"Bahs-munozara payti ba‘zi yuqori martabali qo‘mondonlarning fikrlari o‘zaro to‘g‘ri kelmay qoldi va ular bir-birlariga qarata o‘t ochishdi" - degan Tolibon manbasi.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, Mulla Mansur ham halok bo‘lgan. Lekin bu xabar hali tasdiqlangani yo‘q.

Ayni damda, Tolibon voizi uchrashuvda otishma kelib chiqqanini rad etdi.

"Bunday voqea bo‘lgani yo‘q. Avvalambor, u Afg‘onistonda, Pokistonning siz aytgan joyida emas. Ikkinchidan, uning atrofidagi xavfsizlik bu kabi hodisaga yo‘l qo‘yish darajasida zaif emas" - degan BBC bilan suhbatda Zabihulla Mujohid.

Tolibonning marhum rahbari - Mulla Umar ortidan o‘tgan yozda Mulla Mansur rahbar etib tayinlangandi.

Biroq qator Tolibon qo‘mondonlari unga bo‘ysunmaymiz, deb norozilik bildirishgani ham ma‘lum.

Shu asno Tolibon o‘rtasida jiddiy bo‘linish yuzaga kelgan.

O‘zini har doim panada tutib kelgan Mulla Umardan farqli tarzda, Mulla Mansur jamoatchilikka tez-tez ko‘rinish beradi. U hatto Tolibon siyosati va strategiyasini muhokama qilish uchun boshqa qo‘mondonlar bilan uchrashuv hamda yig‘inlar o‘tkazib turadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq