Britaniya IDni bombalashni boshladi

Image copyright Getty
Image caption Islomiy Davlatga qarshi ilk hujumlarda Qibrisdagi qiruvchi uchoqlar ishga solindi

Britaniya parlamenti vakillari Suriyadagi o‘zini Islomiy Davlat, deb ataydigan jangarilarga qarshi hujumlarni yoqlab ovoz berishlari ortidan bir soat o‘tar-o‘tmas Britaniya Qirollik Havo Kuchlariga qarashli qiruvchi uchoqlar Qibrisdagi harbiy bazadan ko‘tarilib, Suriyaga ilk bombalarni tashlashgan.

Ayni hujumlarda o‘zini go‘yo Islomiy Davlat, yeb atovchi jangarilar nazoratida qolayotgan Suriya sharqidagi "Umar" neft koni nishonga olingan.

London harbiy mulozimlari ayni amaliyotni "muvaffaqiyatli kechdi" deb baholashmoqda. Biroq hujum tafsilotlari hali aniq emas.

Chorshanba oqshomi soat 22.30da parlament vakillari ko‘pchilik ovoz bilan harbiy hujumlarin yoqlab ovoz berishdi va soat 23.30dayoq havo zarbalari boshlab yuborildi.

Britaniya Mudofaa vazirligiga ko‘ra, ilk bomba hujumlari o‘zini Islomiy Davlat, deb atovchi guruh uchun katta daromad keltiradigan neft manbalariga qaratilgan.

Ayni hujumlarda raketalar emas, balki bombalar ishlatilgan. Shu bois ularda harakatlanuvchi ob‘ekt yoki shaxslar emas, balki bir joyda turgan inshoot hamda nishonlar urilgani haqiqatga to‘g‘ri keladi.

Bombalashdan oldin qiruvchi uchoqlar uzoq masofadagi nishonlar va hududlarni aniq ko‘rsatuvchi jonli akslarga qarab harakat qilganlar.

Maxsus zamonaviy jihozlar yordamida amalga oshirilgan mazkur amaliyotlar bir yerda turgan bino va nishonlarni aniq urish hamda tinch fuqarolarga zarar yetkazmaslikni maqsad qiladi.

Darvoqe, Suriyadagi o‘zini Islomiy Davlat, deb biladigan jangarilarni bombalash kerakmi yoki yo‘qmi, degan bahslar Britaniya parlamentida 10 soat davom etdi va bu jarayonda endi ushbu guruhni Islomiy Davlat emas, balki Dayesh deb atashga ham kelishildi.

Britaniya Bosh vaziriga ko‘ra, musulmonlarni yomonotliq qilayotgan bu guruh Islom diniga aloqador ham emas, davlat ham emas.

Dayesh so‘zi "dajjol" yoki "shayton" ma‘nolarini ham bergani uchun Islomiy Davlat jangarilari o‘zlariga nisbatan bu kalimani ishlatishsa, o‘ta g‘azablanishadi.

Biroq Yaqin Sharq va Janubiy Osiyodagi aksar musulmon xalqlari ularni aynan Dayesh deb atashadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq