"Muhammad Bekjonni ozod qiling"

Image caption Muhammad Bekjon dunyodagi eng uzoq muddat qamoqda o‘tirgan jurnalistdir

Qarorgohi Londonda joylashgan Xalqaro Amnistiya tashkiloti qamoqdagi jurnalist Muhammad Bekjonni ozod etishga qaratilgan global kampaniyani boshlagan.

Inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha dunyodagi eng yirik deb ta‘riflangan kampaniya chog‘ida Muhammad Bekjon bilan birga dunyo bo‘ylab qamoqdagi yana 11 nafar faolning ozod etilishi talab etiladi.

Amnesty International eng uzoq vaqt qamoqda qolayotgan jurnalist Muhammad Bekjonni 4 dekabrdan 17 dekabrga qadar davom etadigan kampaniyaning boshiga qo‘ygan.

Kampaniya davomida Xalqaro Amnistiyaning yuz minglab tarafdor va faollari Prezident Islom Karimov nomiga Muhammad Bekjonni ozod etish talabi bilan xat, elektron maktub va fakslar yuborishadi, shuningdek, Twitterdagi sahifalarida chaqiriqlar qoldiradilar.

Tashkilotning aytishicha, o‘tgan yili dunyoning 200 davlati va hududlarida yashovchi yuz minglab odamlar qamoqdagi 12 nafar faolni dastaklab 3 milliondan ortiq maktub va matnlar yo‘llashgan.

Xususan, saudiyalik blogger Rauf Badaviyning himoyasiga 1 milliondan ortiq maktub va SMSlar yo‘llangan.

Amnesty International Bosh kotibi Salil Shettining aytishicha, yuz minglab odamlar mujda yo‘llashgan payt "ta‘sir ulkan bo‘ladi".

Bu Xalqaro Amnistiyaning Muhammad Bekjonni ozod etishga qaratilgan birinchi chaqirig‘i emas.

O‘zbekiston hukumati bu boradagi xalqaro chaqiriqlarni javobsiz qoldirib keladi.

Image copyright amnesty.org
Image caption "Umid bilan yashash juda og‘ir..."

61 yoshli Muhammad Bekjon muxolifatdagi "Erk" demokratik partiyasi rahbari Muhammad Solihning ukasi va "Erk" ro‘znomasining sobiq bosh muharriridir.

U 1999 yildagi Toshkent portlashlari ortidan Kiyevdagi uyidan o‘g‘irlab ketilgan va portlashlarga aloqadorlikda aybdor, deb topilib, 15 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Muhammad Bekjon 2012 yil fevralida ozodlikka chiqarilishi kerak edi, ammo muddati tugashiga bir oy qolganida qamoqxona ma‘muriyatiga bo‘ysunmaslik aybi bilan yana 4 yilu 8 oyga mahkum etilgan.

Shafqatsiz qiynoqlar

Xalqaro Amnistiya Prezident Karimovni Muhammad Bekjonni darhol va shartsiz ozodlikka chiqarish bilan birga, unga nisbatan qiynoq qo‘llangani haqidagi iddaolar yuzasidan xolis va samarali tekshiruv o‘tkazishga chaqirmoqda.

1999 yil avgustida Toshkentda o‘tgan mahkamada Muhammad Bekjon ayblarga iqror bo‘lish uchun qiynoqqa solinganini aytgan.

"Men bir necha kun davomida qonga botgan alfozda yotdim, suvsiz va ovqatsiz. Hayotimdagi barcha yaxshi narsalar-bolalarim, ayolimni eslashga tirishardim. Ruhan o‘zimni o‘limga tayyorlardim", deya Muhammad Bekjonning so‘zlaridan iqtibos keltiradi Xalqaro Amnistiya.

Tashkilotning aytishicha, maxsus xizmatlar Muhammad Bekjonni "davlatga qarshi" jinoyatlarga iqror bo‘lishi uchun rezina tayoqlar bilan do‘pposlagan, bo‘g‘gan va elektrik shok qo‘llagan.

"Garchi O‘zbekiston BMTning Qiynoqlarga qarshi Konventsiyasini imzolagan esa-da, o‘zbek mahkamalari tasavvur qilib bo‘lmaydigan darajadagi shafqatsiz qiynoqlar natijasida olingan "iqrorlik" ko‘rsatmalariga tayanadi. Mahkamada hakam Muhammad Bekjonning qiynoqqa solingani haqidagi ko‘rsatmasini rad etgan", deyiladi Xalqaro Amnistiya bayonotida.

"Umid so‘ngan"

O‘tgan yili Muhammad Bekjonni qamoqda ko‘rgan ayoli uni taniy olmaganini aytgan.

"Uni tanib bo‘lmas edi. Ko‘zlarida umid butunlay so‘ngan. Hayot-mamot uchun kurashayapti", - deb aytgan Nina Bekjonova.

AQShda yashayotgan qizi Oygulning BBCga aytishicha, hozirda otasining sog‘ligi juda og‘ir.

"Otam 61 yoshga to‘ldi. Sog‘ligi yomon, tishlari yo‘q, qulog‘i eshitmaydi... Hammasi o‘tgan 16 yildagi qiynoqlar tufayli", -deydi Oygul Bekjon.

Uning aytishicha, AQSh fuqarosi bo‘lgan qizlari otasini ko‘rish uchun viza so‘rab, bir necha marta o‘zbek rasmiylariga murojaat etishgan, ammo ularga viza berilmagan.

"Biz dadamning tug‘ilgan kunida albatta yig‘ilamiz, hamma joyda uning rasmlari... Umid bilan yashash juda og‘ir", - deydi Oygul.

Xalqaro Amnistiya o‘z kampaniyasi doirasida Muhammad Bekjoning AQShdagi oilasi haqida maxsus videolavha tayyorlagan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio