"IShID kambag‘allashmoqda"mi?

Image copyright AP

Agar, Amerikaning IHS xalqaro axborot va tahlil markazi ma‘lumotlariga tayanilsa, dunyodagi eng qudratli va jangari bu guruh o‘z byudjeti haqida o‘ylay boshlaganining dastlabki nishonalari paydo bo‘la boshlagan.

Markaz qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan xabarlarga ko‘ra, guruh jangarilari oylik maoshlarini "qirqib", o‘z nazorati ostidagi hududlarda elektr toki va boshqa maishiy xizmatlar haqlarini ko‘targan, qishloq xo‘jalik mahsulotlariga yangi soliqlar kiritgan.

IHS ning yangi hisob-kitoblariga ko‘ra, joriy yil yakuniga kelib, "Islomiy Davlat"ning oylik daromadi qariyb $80 million AQSh dollarini tashkil etgan.

Daromadining teng yarmini soliqlardan, 43 foizini esa, noqonuniy neft savdosi orqasidan qo‘lga kiritgan.

Olayotgan tushumining qolgan qismini giyohvand moddalar kontrabandasi, elektr tokini sotishdan tushayotgan pullar va turli xil xayriyalar tashkil qilgan.

Markazning yetakchi tahlilchisi Kolumb Strak esa, xuddi shu o‘rinda, "Islomiy Davlat" guruhining "al-Qoida" tarmog‘iga o‘xshab chet ellik homiylarining xayriyasiga qarab qolmaganiga ham alohida to‘xtalib o‘tgan.

Uning aytishicha, xuddi shu holat "Islomiy Davlat"ning deyarli mustaqil, hech bir tomonning ta‘siriga tushmay faoliyat olib borishiga zamin yaratgan.

Agar, "Islomiy Davlat" guruhining markaz chamasidagi oylik daromadi bir yilga chaqiladigan bo‘lsa, bu – bir milliard dollarcha mablag‘ deganidir.

Bu – Britaniya Qirollik Birlashgan Xizmatlar Instituti shu yil boshida e‘lon qilgan raqamlardan anchagina farq qiladi.

Qirollik instituti o‘z hisob-kitoblariga tayanib, "Islomiy Davlat"ning yillik daromadi qariyb $2 milliard AQSh dollarini tashkil etishini ma‘lum qilgandi.

Bu esa, ularning hozirgi kunda jahondagi "eng boyvachcha" guruh ekanliklarini ko‘rsatgandi.

Boshqa tomondan, Britaniya Qirollik Birlashgan Xizmatlar Institutining so‘nggi hisobotida IHSnikidan farqli tarzda, "Islomiy Davlat"ning asosiy daromad manbasi – neft kontrabandasi ekani aytilgandi.

Ammo, IHS xalqaro axborot va tahlil markazining ma‘lumotlariga tayanilsa, "Islomiy Davlat" hanuz neft qazib chiqarish salohiyatiga ega bo‘lsa-da, Suriyaning shimoliy Tel Abyad shahrini boy berishi va Turkiyaning Suriya bilan o‘zaro chegarasida ko‘rgan xos choralari ortidan, uni chetga chiqarishi qiyinlashgan. Hozirga kelib, asosan Suriya va Iroqning o‘zidagi ichki bozorlar bilan kifoyalanishga majbur bo‘lmoqda.

Markazning ma‘lumotlariga ko‘ra, joriy paytda "Islomiy Davlat"ning kamida oltita daromad manbasi bor.

Image copyright bbc

Ya‘ni, guruh neft va gaz kontrabandasidan tashqari, o‘z nazorati ostida bo‘lgan hududlardagi barcha tujjoriy faoliyatlarga solayotgan soliqlari, yer va uy-joylarni musodara etish, giyohvand moddalar va noyob osori-atiqalar kontrabandasi, banklar talash, tutqunlarning yaqinlaridan olayotgan tovon pullari orqasidan daromad qiladi.

Bundan tashqari, avvallari davlatga qarashli bo‘lgan turli naqliyot shirkatlari va ko‘chmas mulk savdosi bilan shug‘ullanuvchi agentliklar ham ularning e‘tiborlaridan chetda qolmaydi. Ular ham guruhga o‘z ulushlarini berishlari shart ko‘riladi.

Yaqinda Rossiya Giyohvand moddalar aylanishini nazorat qilish bo‘yicha Federal Xizmati rahbari Viktor Ivanov, hatto, "Islomiy Davlat" guruhining afg‘on geroini kontrabandasidan yiliga bir milliard AQSh dollarigacha daromad qilishini da‘vo etgandi.

O‘z navbatida, afg‘on geroini hozirga kelib, "Islomiy Davlat" guruhining moliyaviy manbalaridan biriga aylanganini iddao qilgandi.

Ammo mintaqaviy tahlilchilar rossiyalik yuqori martabali mulozimning iddaolarini jiddiy shubha ostiga olishgan, birgina jo‘g‘rofiy jihatdan olgandayoq, buning imkonsiz bir ish ekanini aytishgandi.

IHS xalqaro axborot va tahlil markazi yetakchi tahlilchisi Kolumb Strakning aytishicha esa, G‘arb boshchiligidagi koalitsiya tomonidan "Islomiy Davlat"ning daromad manbalariga zarba berish sa‘y-harakatlari o‘z samarasini bermay qolmayotir.

Tahlilchiga ko‘ra, bunga arab tilidagi turli ijtimoiy-muloqot tarmoqlari va o‘z manbalaridan qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan ma‘lumotlari dalolat qilayotir.

Janob Strakning aytishicha, ittifoqning havo hujumlari ortidan, "Islomiy Davlat" guruhining neft kontrabandasi bilan bog‘liq faoliyati anchagina zaiflashgan.

"Ammo AQSh boshchiligidagi ittifoqning "Islomiy Davlat" guruhining asosiy daromad manbasi bo‘lgan soliq tizimini ishdan chiqarishi juda mushkul masala. Chunki bundan oddiy odamlar jabr ko‘rishi va ko‘rilgan choralar teskari samara berishi mumkin", - deydi markaz tahlilchisi.

Ham halqaro va ham mintaqaviy harbiy tahlilchilar esa, "Islomiy Davlat"ning moliyaviy qudrati mintaqadan o‘ziga yangi jangarilar yollashida muhim o‘rin tutgan ikki omildan biri ekanini ta‘kidlab kelishardi.

Image copyright AP

IHS xalqaro axborot va tahlil markazi har hafta turli ijtimoiy muloqot tarmoqlari va ochiq manbalardan Suriya hamda Iroqqa oid 1.000 ga yaqin xabarlarni qayd etadi, izchil ravishda ularning qanchalik ishonchli ekanini baholaydi va shu asosda o‘z tahlilini olib boradi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq