Armaniston parlament boshqaruviga o‘tadi

Image copyright Reuters
Image caption Prezident Sarkisyan referendumni qo‘llab-quvvatlagan

Armanistonda yakshanba kungi referendumda ovoz berganlarning aksariyati parlament boshqaruviga o‘tishni ma‘qullashgan.

Dastlabki natijalarga ko‘ra, ovoz berganlarning 63,35 foizi yoki 825 ming kishi konstitutsiyaviy islohotlar loyihasini qo‘llab-quvvatlagan.

Markaziy saylov komissiyasi raisi Tigran Mukuchyanning aytishicha, ovozlarni sanash jarayoni nihoyasiga yetgan.

Armaniston qonunlari bo‘yicha, ovoz berganlarning 50 foizdan ko‘pi ma‘qullagani taqdirda referendum kun tartibidagi masala qabul qilingan bo‘ladi.

Bunda ro‘yxatga olingan saylovchilarning kamida chorak qismi ishtirok etishi kerak.

Rasmiylarga ko‘ra, referendumda qatnashganlar soni 50 foizdan oshgan.

Referendumning nihoiy natajilari kelayotgan yakshanba kuni e‘lon qilinadi.

Oktyabr oyida Armaniston parlamenti prezident boshqaruvidan parlament boshqaruviga o‘tishni nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy islohotlar loyihasini ma‘qullagan.

Referendum tashabbusi iqtidordagi Respublika partiyasidan chiqqan, uni prezident Sarj Sarkisyan qo‘llab-quvvatlagan.

Islohot tarafdorlarining aytishlaricha, o‘zgarishlar mamlakatdagi siyosiy vaziyatni barqarorlashtirishga xizmat qiladi.

Muxolifat esa unga qarshi chiqqan.

Muxolifat nazarida parlament boshqaruviga o‘tishdan asosiy maqsad 2018 yilda ikkinchi muddati tugashi kutilayotgan joriy prezident Sarkisyanning bosh vazir sifatida hokimiyatda qolishini ta‘minlashdir.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio