Obama: "Bu – Islom va AQSh o‘rtasidagi urush emas"

Image copyright Getty

Prezident Barak Obamaning bayon qilishicha, o‘zlaridagi musulmonlar Amerika jamiyatining bir qismi va terrorizmni mavh etmoqchi bo‘lishsa, ularni eng kuchli ittifoqchilaridan biri sifatida ko‘rishlari shartdir.

AQSh rahbari bu haqda San Bernardinoda yuz bergan va o‘ndan ortiq odamning umriga zomin bo‘lgan otishma ortidan qilgan chiqishi chog‘ida bayon qilgan.

Barak Obamaning va‘da qilishicha, mamlakati kuchayib kelayotgan terrorchilik tahdidiga bas keladi.

Ammo, AQSh rahbarining ogohlantirishicha, xuddi shu manzarada amerikaliklarning ham bir-birlariga qarshi turishga haqlari yo‘qdir.

"Agar, xuddi shunday qilgudek bo‘lsangiz, bu – AQSh va Islom o‘rtasidagi urush, degan gap-so‘zlarga yo‘l ochasiz", - deb aytgan prezident Obama.

Uning ta‘kilashicha, turli shubhayu gumon va nafrat bilan amerikalik musulmonlarning ko‘ksilaridan itarish to‘g‘ri ish emas.

Xuddi shu so‘zlari ortidan janob Obama mamlakati ahliga mahalliy musulmonlar ham Amerika jamiyatining bir qismi ekanini yana bir bor eslatgan.

"Ha, harbiy libosdagi ayol bo‘ladimi yoki erkak, ular ham bizning mamlakatimiz himoyasiga joniga berishga tayyor bo‘lgan fuqarolarimizdir. Buni hech qachon unutmasligimiz shart", - deb aytgan janob Obama.

AQSh rahbari, o‘z o‘rnida, Amerikadagi musulmon jamoalariga qarshi chiqish – aynan o‘zini "Islomiy Davlat", deb atayotgan guruhning ko‘nglidagi ish bo‘lishi bilan ham ogohlantirgan.

Kaliforniya shtatining San Bernardino shahridagi chorshanba kungi hujumni uyushtirganlikda esa, aynan musulmon er-xotin gumon etilmoqda.

Prezident Barak Obama o‘zining so‘nggi chiqishida bu hujumga "begunoh odamlarni o‘ldirishga qaratilgan terrorchilik amali", deya baho bergan.

Ammo, uning bayon qilishicha, "erkinlik – har qanday qo‘rquvdan ko‘ra qudratliroq bo‘lgan tushunchadir".

Barak Obamaning xuddi shu o‘rinda yana ogohlantirishicha, Amerika jamiyatini parchalashga urinish – bor-yo‘g‘i ekstremistlarga qo‘l keladigan ish bo‘ladi, xolos.

AQSh rahbariga ko‘ra, bundan buyog‘iga shunday yo‘l tutishadiki, ehtimoliy hujumchilarning qurol-yarog‘ topishlari ham oson bo‘lmaydi.

Barak Obamaning aytishicha, Amerika Qo‘shma Shtatlarida terrorchilik yangi bosqichga kirgan: "Al-Qoida" jangari tarmog‘ining keng ko‘lamli hujumlaridan radikal insonlarning anchayin oddiy hujumlariga ko‘chgan.

Unga ko‘ra, "Islomiy Davlat"ga bas kelish uchun mamlakati ega bo‘lgan har qanday kuch-qudrat ishga solinadi.

Eng so‘nggida eslatib o‘tish joiz, bu – prezident Barak Obamaning Oq Uyda qilgan va butun mamlakat ahamiyatiga molik, deya ko‘riluvchi bor-yo‘g‘i uchinchi nutqi bo‘ladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq