Bu gal Turkiya tomoni g‘azabda...

Image copyright Reuters

Bunga esa, Turkiya suvlarida ekan, rossiyalik harbiyning qo‘lida raketa otishga mo‘ljallangan ko‘chma zenit majmuasini ushlab turgani aks etgan fotosuratlar sabab bo‘lgan.

Fotosurat olingan paytda Rossiyaning harbiy kemasi Bosfor bo‘g‘ozidan o‘tib ketayotgan bo‘lgan.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavshuoglu buning "ig‘vorgarlik" amali ekanini aytgan.

So‘nggi hodisa ikki davlat orasidagi aloqalarga jiddiy darz yetgan bir manzarada kuzatilmoqda.

Shu yilning 24 noyabr kuni Turkiya Suriya bilan o‘zaro chegarasida Rossiyaning Su-24 rusumidagi qiruvchi uchog‘ini urib tushirgan.

Rossiyalik uchuvchilar o‘z havo hududlarini buzib kirishgani bunga sabab bo‘lganini iddao qilgandi.

Hodisada qiruvchi uchoqning ikki uchuvchisidan biri halok bo‘lgandi.

Yuz bergan mazkur voqeaga Rossiya g‘azabnok munosabat bildirgan, Turkiya hukumatining izohlarini qabul qilmagandi.

Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedev esa, qiruvchi uchoqlarining urib tushirilishi Turkiya bilan aloqalariga raxna solib bo‘lganini bayon qilgandi.

Image copyright AP

Buning ortidan, prezident Vladimir Putinning buyrug‘i bilan Rossiya hukumati Turkiyaga qarshi to‘plam jazo choralari kiritishga qaror qilgan.

Ularning sirasidan qator keskin iqtisodiy sanktsiyalar ham o‘rin olgan.

Kelasi yilning yanvar oyidan boshlab Turkiya bilan ikki o‘rtadagi vizasiz tizimni ham bekor qilgan.

"Tsezar Kunikov" harbiy kemasida bo‘lgan rossiyalik harbiyning yelkasida zenit komleksini ushlab turgani aks etgan suratlar Turkiya ommaviy-axborot vositalarida chop etilgan.

"Hurriyet" nashri, ayni o‘rinda, Turkiya Tashqi ishlar vazirining "Agar Rossiya harbiy kemasida bo‘lgan askar zenit kompleksi yoki shunga o‘xshash havodan mudofaa tizimini oshkora ko‘z-ko‘z qilib tursa, bu – g‘irt ig‘vorgarlikdan boshqa narsa emas", - degan so‘zlaridan iqtibos keltirgan.

Birinchi Jahon urushi ortidan imzolangan bitimga muvofiq, Turkiya tinch zamonlarda Bosfor bo‘g‘ozidan o‘tuvchi barcha harbiy va yuk kemalarining erkin harakatlanishiga izn berishi shart ko‘riladi.

Rossiyaning Qora dengizdagi floti uchun esa, bu – O‘rta Yer dengizi va undan uyog‘iga dunyo ummonlariga chiqishning yagona yo‘lidir.

Turkiya tomoni esa, Rossiyaning amallariga "og‘ir-bosiqlik bilan javob qaytarishi"ni bayon qilib keladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq