Mona Liza ostida "boshqa rasm yashiringan"

Image copyright

Frantsiyalik olimning aytishicha, yog‘duni aks ettiruvchi texnologiya yordamida Mona Liza portreti ostida boshqa rasm borligi aniqlandi.

Paskal Kotte Mona Liza rasmini tahlil qilish uchun 10 yil davomida shu texnologiyadan qo‘llanganini aytadi.

Uning da‘vosiga ko‘ra, Leonardo da Vinchining eng mashhur asari ostida boshqa bir portret yashirinib yotibdi.

Rekonstruktsiyada boshqa bir odamning yon tomoniga qarab turgan tasviri ko‘rinadi.

Mona Lizaga egalik qiluvchi Parijdagi Luvr muzeyi bu da‘vo uning tadqiqotchilar guruhiga tegishli emasligini bildirib, biron sharh berishdan bosh tortdi.

San‘at shinavandalarini 500 yildan beri rom qilib keladigan Mona Lizaning nigohi va sirli tabassumi uning ortidagi portretda yo‘q.

Image copyright Courtesy Brinkworth Films

Janob Kottening mubohasali da‘vosi Leonardo mutaxassislari orasida farqlarga sabab bo‘ldi.

Parijdagi Lyumer Texnologiya markazining asoschilaridan bo‘lgan janob Kottega Luvr 2004 yilda Mona Lizani tadqiq qilishga ruxsat bergan.

U Qatlamlarni Kattalashtirish usulini ishlab chiqib, Mona Lizani tahlil qilgan.

Olimga ko‘ra, bu usul rasmga "qator kuchli yorug‘likni tushirish" yo‘li bilan qo‘llaniladi. So‘ngra kamera shu yog‘dularning aksini o‘lchab, rasmning qatlamlari orasida nimalar borligini qayta tiklashga yordam beradi.

Mona Liza o‘tgan yarim asrdan ko‘proq vaqt davomida turli ilmiy tekshiruvlar markazida bo‘lgan.

Ammo, janob Kotte bu tekshiruvlarning hech biri uning usulichalik rasmga chuqur kirib bormaganini aytadi.

"Biz endi rasm qatlamlarini xuddi piyoz qatlamlaridek archishimiz mumkin. Biz rasm yaratilishi tarixini qayta tiklay olamiz", - dedi u.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio