Saudiya Arabistoni: Zinoda ayblangan oqsochning ishi qayta ko‘riladi

Image copyright EPA
Image caption Kolomboda hukmga qarshi norozilik chiqishlari uyushtirildi

Saudiya Arabistoni zinoda aybdor topilib, o‘limga hukm qilingan Shri Lanka fuqarosi ustidan mahkama ishini qayta ochishga rozi bo‘lgan.

Bu haqda Shri Lanka Tashqi ishlar vaziri ma‘lum qilgan.

Saudiyada oqsoch bo‘lib ishlagan 45 yoshli ayolga o‘tgan avgust oyi uylanmagan shri lankalik erkak bilan birga hukm o‘qilgandi.

Mahkama ikki bolaning onasi bo‘lgan ayolni toshbo‘ron qilish haqida hukm chiqargan. Erkak esa, 100 darra urish bilan jazolanishi aytilgan.

Saudiya Arabistonining ayolga nisbatan chiqargan hukmi Shri Lankada g‘azabnok munosabatlarga sabab bo‘lgan, norozilik chiqishlari ham bo‘lib o‘tgandi.

Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Xarsha De Silvaga ko‘ra, Shri Lanka elchixonasi rasmiylari yakshanba kuni ayolni ko‘rish uchun qamoqxonaga borishgan.

Shri Lanka Saudiya Arabistonidan mahkumlarni avf etishni so‘rab murojaat qilgan.

"Katta g‘alaba"

"Bizning aralashuvimiz bilan ular ishni qayta ochishga rozi bo‘lishdi", deb aytdi janob De Silva.

"Bu katta g‘alaba. Biz ayolni huquqiy yordam bilan ta‘minlaymiz".

Shri Lanka Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosarlaridan yana biriga ko‘ra, hukumat mazkur mahkama ishidan joriy yilning avgust oyida hukm o‘qilganidan keyingina xabar topgan. Biroq, oqsoch ayol 2014 yilning aprelida hibsga olingan.

"Shariat qonunlariga binoan bu kabi ish uchun 4 nafar musulmon guvoh zarur", deydi u. Ammo, rasmiyga ko‘ra, ayolning holatida hech qanday guvoh hozir bo‘lmagan.

"Afsuski, qonunni bilmasligi bois hech qanday huquqiy yordamsiz bosim ostida qolgan ayol qo‘yilgan aybga iqror bo‘lgan".

Shri Lanka poytaxti Kolombodagi BMT qarorgohi va Saudiya Arabistoni elchixonasi qarshisida norozilik namoyishlari ham bo‘lib o‘tgan. Chiqishlar chog‘i shri lankaliklarni Saudiya Arabistoniga ishga jo‘natmaslik chaqiriqlari ham yangragan.

Shri Lanka hukumati Yaqin Sharqqa ishlash uchun boradigan ayollar sonini bosqichma-bosqich kamaytirayotganini aytadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq