"Islom islohga muhtoj"

Image copyright PETER PARKS AFP

Bunday bayonot bilan Avstraliya sobiq Bosh vaziri chiqqan.

Toni Ebbotning iddao qilishicha, Islomning "muammosi katta" va xuddi shu bois ham, u "isloh etilishga muhtoj".

Ammo, oradan qisqa vaqt o‘tmay, qilgan ana shu da‘volari uchun Avstraliya sobiq Bosh vaziri keskin tanqidlar ostida qolib ketgan.

Toni Ebbottning Islom dini haqidagi shaxsiy qarashlari aks etgan maqolasi Avstraliya nashrlaridan birida chop etilgan.

Sobiq Bosh vazir unda "barcha madaniyatlarning teng emasligi" va G‘arb o‘z qadriyatlarini himoya qilgani uchun uzr so‘rashni bas qilishi lozimligini ham ta‘kidlagan.

Toni Ebbottni qilgan da‘volari uchun birinchilardan bo‘lib o‘z mamlakatining muxolifat liderlaridan Bill Shorten tanqid tig‘i ostiga olgan.

Bill Shortenga ko‘ra, sobiq Bosh vazirning Islom haqidagi so‘zlari faqat teskari samara beradi, xolos.

Xuddi shu manzarada Avstraliyaning amaldagi Bosh vaziri Malkolm Ternbull ham Islom va musulmonlar haqidagi qarashlarini bayon qilgan.

Bosh vazir janoblari o‘zining bu haqdagi fikrlarini Pertda, jurnalistlar qarshisida izhor qilgan.

"Bu o‘rinda bizning terrorchilar toriga o‘ynab bermasligimiz muhim. Ya‘ni, bizning bir nechtasining qilmishiga barcha musulmonlarni mas‘ul ko‘rishga haqqimiz yo‘q", - deya bayon qilgan Malkolm Ternbull.

Uning qo‘shimcha qilishicha, aksariyat musulmonlarning o‘zlari ham "ekstremizm" hollaridan larzaga tushishgan.

Janob Ternbull, o‘z o‘rnida, "Musulmon olamida ayrim zo‘ravonlik unsurlari borligi hech kim uchun yangilik emasligi, ammo Islom dinining o‘zi demokratiya va ochiq jamiyatga muvofiq" ekanini ta‘kidlagan.

Turli esktremistik guruhlar qurbonlarining aksariyati ham musulmonlarning o‘zlari ekanliklarini aytgan.

Ammo Malkolm Ternbull sobiq hamkasbining fikrlariga bevosita to‘xtalib o‘tmagan.

O‘zi haqida gapirib, "Avstraliyani xavfsizroq qilish va mamlakati xavfsizlik xizmatlarining faoliyatini yanada qiyinlashtirmaslik uchun" ekstremizm masalasida qilayotgan bayonotlarida nihoyatda ehtiyot bo‘lishini aytgan.

Sobiq Bosh vazir

Toni Ebbott o‘z partiyasidagi ichki ovoz berishlar ortidan, shu yil sentyabr oyida Bosh vazirlikni topshirishga majbur bo‘lgan.

Saylovlarga esa, uning Bosh vazirlik faoliyati mamlakatdagi ko‘pchilikni qoniqtirmagani sabab bo‘lgandi.

Joriy paytda u faqat Avstraliya parlamentining deputati maqomiga ega.

Toni Ebbott siyosat olamiga kirmasidan avval katolik ruhoniysi bo‘lish uchun tahsil olgan.

U o‘zining "News Corps" tabloid nashrida chop etilgan maqolasida "musulmonlarni yomonotliq" qilish niyati yo‘qligini bayon qilarkan, G‘arb Islom dini to‘qnash kelib turgan ulkan muammo qarshisida jim qarab turolmasligini iddao qilgan.

"Garchi aksariyat musulmonlar terrorizmga butkul qarshi bo‘lishsa-da, ayrimlari o‘sha onning o‘zidayoq "kofirning o‘ldirilishi"ni oqlashlarini da‘vo etgan.

"Islomning hech qachon Islohot va Ma‘rifatparvarlik yoki turfafikrlilikni qabul qilish va dinni davlatdan ajratish masalasida o‘z g‘oyasi bo‘lmagan", - deya o‘z so‘zlarida davom etgan sobiq Bosh vazir.

Toni Ebbotga ko‘ra, "Avstraliyaga sodiq bo‘lish va G‘arb tamaddunini hurmat qilishni talab qilish o‘zga madaniyatga nisbatan hurmatsizlik bo‘lmaydi".

Avstraliya sobiq Bosh vazirining aytishicha, madaniyatlar bir xil emas.

Janob Ebbot, xuddi shu o‘rinda, faqat musulmonlarning o‘zlari zo‘ravon ekstremizm tarafdorlarini jilovlashlari mumkinligini ham bayon qilgan.

Avstraliya AQSh boshchiligidagi koalitsiyaning "Islomiy Davlat" guruhiga qarshi Yaqin Sharqda olib borayotgan harbiy amaliyotlariga bosh qo‘shgan.

Xuddi shu manzarada jangarilar bilan bir safda jang qilayotgan yoki ularni qo‘llab-quvvatlayotgan fuqarolaridan ham xavotirda.

So‘nggi paytlarda mamlakatning turli nuqtalarida qator reydlar ham amalga oshirilgan.

Avstraliyalik mas‘ullar buning ortidan bir qancha fitnalarni fosh etganliklarini bayon qilib chiqishgan.

O‘tgan oy esa, Sidneyda bir o‘spirin yigit politsiya xodimini otib o‘ldirgan, politsiya kuchlarining uning mutaassib bo‘lganini iddao etishgandi.

Yaqinda o‘tkazilgan so‘rov esa, Avstraliyada musulmonlarning, o‘rtacha olganda, uch barobar ko‘p irqiy kamsitilishlarga duch kelishlariga dalolat qilgandi.

So‘rov butun Avstraliya bo‘ylab olti yuzga yaqin musulmon orasida olib borilgandi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq