"Murod Jo‘rayevning pasport olishiga to‘sqinlik qilinmoqda"

Image copyright none
Image caption Murod Jo‘rayev ozodlikka chiqqan kun

O‘zbekistonda eng uzoq qamoq muddatini o‘tagan siyosiy mahkumlaridan biri Murod Jo‘rayevning pasport so‘rab qilgan murojaatlari javobsiz qoldirilgan.

Parijdagi Markaziy Osiyoda inson huquqlari tashkiloti rahbari Nadejda Atayevaning aytishicha, Murod Jo‘rayev ozodlikka chiqqaniga bir oy bo‘lganiga qaramay, pasport olish uchun navbatga ham tura olgani yo‘q.

"Mana bir oydirki, unga pasport berilmayapti. Qamoqdan chiqqan va ozod qilingani haqidagi ma‘lumotnomasi bo‘lgan odamlarga navbatdan tashqari ravishda pasport berilishi kerak. Ammo, turfa to‘siqlar va bahonalar bilan bunga yo‘l qo‘yishmayapti", deydi "Markaziy Osiyo Inson huquqlari uyushmasi" rahbari Nadejda Atayeva.

Ma‘lumki, 21 yillik mahkum Murod Jo‘rayev joriy yilning 12 noyabrida ozodlikka chiqqandi.

Muxolifatdagi "Erk" partiyasi a‘zosi bo‘lgan 63 yoshli Murod Jo‘rayev 1995 yilda davlat hokimiyatini ag‘darishga urinishda ayblanib, 12 yilga mahkum etilgan.

Uning qamoq muddati uch marta uzaytirilgan. Qamoq yillari uning salomatligiga jiddiy putur yetgani aytib kelinadi.

"Pasport ololmaslik uning uchun jiddiy oqibatlarni keltirib chiqaradi. U bu hujjatsiz bir hech qayerga bora olmaydi, hatto bir shahardan ikkinchi shaharga ketolmaydi. Hozir huquq-tartibot organlari barcha shubhali shaxslarni ushlash huquqiga ega bo‘lgan. Agar kishida shaxsini tasdiqlovchi hujjat bo‘lmasa, u odam shaxsini aniqlashtirish uchun qo‘lga olinishi muqarrar. Murod Jo‘rayev Toshkentga borib, kasalxonada davolashni istayotgandi. Pasportsiz u na poyezd va na samolyotga chipta ola oladi. Hatto, avtomobilda ham Toshkentga keta olmaydi, chunki yo‘l-trasporti nazoratchilari tekshirishlari va pasport taqdim qila olmagani taqdirida u nihoyasiz surishtiruvlarga ro‘baro‘ bo‘lishi mumkin".

O‘zbekistonda biometrik pasport olish jarayoni hali nihoya topmagan.

O‘zbekistonlik faollar yangi pasport olish uchun navbatlar kelasi yilning iyul oylariga qadar ham cho‘zilganini aytishadi.

Prezident qaroriga ko‘ra, eski pasportlarning amal qilish muddati 2015 yil dekabrigacha belgilangan.

Ammo, Nadejda Atayevga ko‘ra, rasmiylar Murod Jo‘rayevning pasport olish uchun ariza topshirishiga to‘sqinlik qilishmoqda.

"Xuddi unga pasport bermaslik to‘g‘risida og‘zaki buyruq berilgandek tasavvur hosil bo‘ladi. Bilasiz, Murod Jo‘rayevning sog‘lig‘i juda yomon. Qamoqda u sil bilan og‘ridi. Sovuqda ushlab qiynoqqa solinishi ortidan surunkali buyrak shamollashini orttirgan. Quloqlari og‘riydi, ko‘zi xiralashgan, tishlari to‘kilgan. Uning ham asabiy va ham jismoniy jihatdan ahvoli yomon. unga zudlik bilan tibbiy muolaja zarur. Pasportsiz esa, buning hech iloji yo‘q", deydi

1980 yillarning ikkinchi yarmida Murod Jo‘rayev Qashqadaryo viloyatidagi Muborak shahar ijroiya qo‘mitasi raisi lavozimida ishlagan, bu yillarda Prezident Islom Karimov Qashqadaryo viloyatini boshqargan.

Murod Jo‘rayev hali Boris Yeltsindan ham ilgari kommunistik partiyaning Muborakdagi boshlang‘ich tashkilotini tarqatib yuborgan.

U 1990 yilda saylangan O‘zbekiston parlamenti deputati bo‘lgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq