BMT Xitoydagi qiynoqlarni qoraladi

Image copyright
Image caption Qiynoq "qurollari"

BMT Xitoy qamoqxonalarida qiynoqlar keng qo‘llanilishi holatlariga chek qo‘yish da‘vati bilan chiqdi.

Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xitoyni mamlakatdagi barcha maxfiy qamoqxonalarni yopishga chaqirgan.

BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi Xitoydan inson huquqlari faollari va huquq himoyachilariga qarshi hukumat tazyiqlarini zudlik bilan to‘xtatishini talab qilgan.

Bu hisobot chiqarilishidan avval, BMT qo‘mitasi Xitoy hukumatining yirik guruhi bilan ikki kunlik uchrashuv o‘tkazgan.

Ayni hisobotda Pekinga bir yil muddat berilishi aytilgan.

Bir yil ichida Xitoy BMTning qiynoqlarga qarshi konventsiyasida ko‘rsatilgan asosiy moddalarni hayotga tadbiq etishi kerak bo‘ladi.

Qo‘mita Xitoy "jinoiy jazo tizimiga chambarchas bog‘lanib ketgan qiynoqlar" haqidagi xabarlardan xavotirlarini izhor etadi. Ayni tizim, hisobga ko‘ra, qiynoqlar oqibatida ko‘rsatmalarga asoslanib hukmlar chiqaradi.

2008 yildan beri ilk bor o‘tgan bu uchrashuvda Xitoy mamlakatda siyosiy mahbuslar borligini inkor etgan, qiynoqlar esa taqiqlanganini urg‘ulagan.

BMT qo‘mitasida o‘n nafar mustaqil mutaxassis ishlaydi.

Qo‘mitaga ko‘ra, iyul oyidan beri Xitoyda 200 advokat o‘ziga xos qurshovda, ularning 25 nafari esa hibsda saqlanmoqda.

Ayni paytda BMT qo‘mitasidagilar Xitoy qamoqxonalarida o‘lim holatlarining ko‘pligidan ham tashvish bildirishgan.

Qo‘mita a‘zolaridan biri Xitoy delegatsiyasi bilan uchrashuv chog‘ida so‘roqqa tortilganda ishlatiladigan maxsus o‘rindiqlar borasida xavotir izhor etgan.

Ayni o‘rindiqlarda mahbuslar og‘riqli shaklda soatlab o‘tirishga majbur qilinadilar.

Xitoy tomoni esa ayni o‘rindiqlar mahbuslar o‘zlarini jarohatlab qo‘ymasliklari uchun ishlatishini aytgan.

Xitoy tomoni maxfiy qamoqxonalar mavjudligini ham rad etishgan.

Tashqi ishlar vazirligi mulozimi esa "so‘nggi yillar Xitoy qonun ustivorligi yo‘lida ulkan o‘zgarishlar qilgani va ular orasida qiynoqlarga qarshi choralar ham borligini" aytgan.

Qiynoqlar keng tarqalgan

Image copyright Getty Images
Image caption Qiynoqlarga qarshi namoyishdan sahna

O‘tgan oy Xalqaro Amnistiya tashkiloti e‘lon qilgan yangi hisobotga ko‘ra, Xitoy hukumati islohotlarni va‘da qilganiga qaramasdan, iqrorlik ko‘rsatmalarini qo‘lga kiritish maqsadida politsiya qiynoq qo‘llashni davom ettirmoqda.

Qiynoqlar, ayniqsa, dissidentlar, milliy ozchiliklar vakillari va diniy tashkilotlar a‘zolari so‘roqqa tutilayotgan paytda ko‘proq qo‘llanadi, deyiladi hisobotda.

Amnesty International hisoboti qariyb 40 xitoylik inson huquqlari himoyachisining intervyulariga asoslangan.

Hisobotda aytilishicha, "tikanli darra" va "yo‘lbars stuli" deb ataladigan qiynoq usullari keng tarqalgan va muntazam ishga solinadi.

Faollar "yo‘lbars stuli"ning shafatsizligini ta‘riflab berishgan.

Unda tutqun oyoqlari uzatilib qattiq bog‘lanadi, tovoni tagiga g‘isht qo‘yilib g‘ishtlar soni ko‘paytirib borilaveradi.

Shuningdek, uzoq vaqt davomida uxlashga ruxsat berilmaydi, ovqat va suvsiz qoldiriladi.

Politsiya istagan iqrorni olish uchun gumondorlar poyafzal yoki suv to‘ldirilgan idishlar bilan urish, tepishlarga duch keladi.

Xitoy oliy mahkamasi qiynoqlarni 2013 yili rasman taqiqlaganiga qaramasdan, mamlakatda qiynoq amaliyotlaridan hamon keng miqyosda foydalanilmoqda, deya tasdiqlaydilar inson haqlari tashkilotlari.

Shu yil may oyida inson huquqlarini himoya qilish Human Rights Watch xalqaro tashkiloti Xitoydagi qiynoq usullariga bag‘ishlangan hisobot e‘lon qilgan, unda ham qiynoqlar muntazam va keng miqyosdaligi urg‘ulangan edi.

Bunga javoban Xitoy Tashqi ishlar vazirligi mamlakat qonunchiligi so‘roq paytida qiynoq qo‘llashni taqiqlashini aytib chiqqan edi.

Xitoy rasmiylari qiynoq qo‘llagan shaxs jinoiy javobgarlikka tortiladi, deydilar.

Biroq Xalqaro Amnistiyaga ko‘ra, advokatlarning qattiq harakat qilishlariga qaramasdan, qiynoqlar haqidagi da‘volar oddiygina inkor qilinadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq