Sulton Sulaymonning qabri topildi

Image copyright
Image caption Sulton Sulaymon imperatorligi Afrikadan Bolqonlarga qadar uzangan edi

Vengriyaning Sigetvar shahri yaqinida 16-asrdagi Usmonli (Usmoniy) turklarining hukmdori Qonuniy Sulton Sulaymonning qabri topilgan.

Bu haqda Budapeshtda o‘tgan matbuot anjumanida e‘lon qilingan.

Turkiyaning Vengriyadagi elchisi Shokir Fakili, Turkiya hamda vengriyalik olimlar qatnashgan matbuot anjumanida ma‘lum qilinishicha, havodan va yerdan olib borilgan tadqiqotlar natijasida qabr Sigetvar Uzum tepaligida ekani aniqlangan.

Vengriyalik va turk olimlaridan tashkil topgan qo‘mita faoliyati natijasida qo‘lga kiritilgan ma‘lumotlarni professor Norbert Pap taqdim etgan.

Unga ko‘ra, tepalikda faqat maqbara emas, balki uning atrofida tashkil topgan kichik Usmonli mavze‘si qoldiqlari ham topilgan.

1566 yilda Sigetvar qamali chog‘ida vafot etgan Usmonli imperatori Sulaymon Qonuniyning ichki a‘zolari Sigetvarda dafn etilgan, jasadi esa Istanbulga yuborilgandi. Dafn yeri keyinroq maqbara holiga kelgan, ammo oradan yillar o‘tib, Sigetvardagi qabr yo‘qolib ketgan.

Bir necha yil oldin Sulton Sulaymonning qabrini aniqlash bo‘yicha maxsus qo‘mita tuzilgandi.

Sulton Sulaymon 1494 yil tavallud topib, 1566 yil vafot etgan.

U o‘zi yaratgan qonunlar tizimi yoki tuzuklar bois Qonuniy nomini olgan.

Uning hukmdorligida Usmonli imperatorligi dunyoda eng qudratli harbiy va madaniy davlat bo‘lgan.

Sulton Sulaymon vafot etgan paytda Usmonli imperiyasining bir sarhadi Shimoliy Afrikaga, yana biri esa Bolqon yoki zamonaviy Vengriyaga qadar yetgan edi.

Turkiyalik kinoijodkorlar Sulton Sulaymonning hayotidan ilhomlanib, suratga olgan "Muhtasham yuz yil" ko‘p qismli badiiy filmi dunyoning ko‘plab davlatlari, jumladan, o‘zbekistonlik tomoshabinlar orasida ham shuhrat qozongandi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq