Mashhur ozari huquqbon ozod etildi

Ozarbayjonning eng mashhur huquq faoli qamoqxonadan shartli ozod etilgan.

U 19 oydan beri qamoqda jazo muddatini o‘tayotgan edi.

Leyla Yunus 59 yoshda bo‘lib, soliq to‘lamaslik va soxtakorlikda ayblangan va 8 yarim yillik qamoq jazosiga hukm etilgandi.

Bakudagi mahkama uning ishini qayta ko‘rib chiqqan va jazo muddatini qariyb 3 yilga qisqartirib, shartli qamoq jazosiga almashtirgan.

Bundan qaror olinishiga sabab, mulozimlarga ko‘ra, Yunus xonimning salomatligi yomonlashganidir.

U mahkama zalidan ozod etilgan.

Qariyb ikki yil qamoqda bo‘lgan Leyla Yunusning sog‘lig‘i yomonlashgan, u gepatit S va qand kasalligi bilan og‘rigani aytiladi.

Ozarbayjon hukumatining ashaddiy tanqidchisi bo‘lgan Yunus xonim mahkama binosini hassaga tayanib tark etgan.

U anchayin nimjon va ham abgor ko‘ringan.

Yunus xonimni turmush o‘rtog‘i, tarixchi Orif Yunus yetaklab olib chiqqan.

U ham shartli ravishda bundan ikki oy avval qamoqdan ozod etilgandi.

Orif Yunusning ham salomatligi yaxshi emas, hibsda qolar ekan, ikki bora yurak xurujini boshidan kechirgan.

Yunus xonim jurnalistlarga qisqa bayonotida, o‘zining ozod etilishini "ishonib bo‘lmas" deb ta‘riflagan.

U qamoqxonalardagi vaziyatga qiziqqan barchani Soljenittsin asarlarini o‘qishga da‘vat qilgan.

Ikki faolning himoyachisiga ko‘ra, Leyla va Orif Yunuslar Bakudagi o‘z uylarida turishi va har oy mahalliy mulozimlar bilan uchrashib, ro‘yxatdan o‘tib turishlari shart.

Himoyachiga ko‘ra, ikkovlon barcha ayblarni rad etishgan va butunlay oqlanmaganlaridan hafsalalari pir bo‘lgan.

Ular o‘zlariga qarshi ish siyosiy ekani, inson huquqlarini himoya qilganlari uchun jazolanganlarini aytib kelishadi.

O‘tgan bir yarim yil ichida Ozarbayjonda bir necha inson huquqlari faollari, muxolifat a‘zolari va jurnalistlar qamoqqa tashlangan.

Leyla va Orif Yunus shuningdek, xiyonatda ayblanishgan, bu ayblov uchun umrbod qamoq jazosi belgilangan.

Ammo, hozirda ularning mahkamaga tortilish yoki tortilmasligi aniq emas.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio