"Qabr davosi"

Image caption Tobutga kirayotgan odam

Janubiy Koreya o‘z joniga qasd qiluvchilar darajasi bo‘yicha dunyodagi eng ilg‘or mamlakatlardan biridir.

Ishchilarning aksariyati asabiylashish va tushkunlikdan zorlanishadi.

Ayrim shirkatlar o‘z ishchilariga hayotdan nolimaslik, shukr qilishni o‘rgatish uchun misli ko‘rilmagan amallarga qo‘l urmoqda ekan.

Bu shirkatlar o‘z ishchilarining yolg‘on dafn marosimlarini uyushtirishmoqda.

Seuldagi yirik shirkatning idorasidagi kattagina xonada ishchilar o‘z dafn marosimlarini boshlab yuborishgan.

Oppoq choponlarni kiyib olgan shirkat xodimlari o‘z yaqinlariga so‘nggi maktublarini bitishmoqda.

Avvaliga bu xodimlarning ko‘zlaridan yosh oqadi, keyin esa ochiqchasiga uvvos tortib yig‘lay boshlashadi.

Keyin esa... hamma o‘rnidan turadi va avvaldan tayyorlab qo‘yilgan tobutlarning ichiga kiradi.

Har birining qo‘lida qora lenta bilan bezatilgan surat.

Suratda "o‘lik" xodimning aksi...

Xodimlar tobutda osmonga qarab yotishar ekan, go‘yo o‘lim farishtasi keladi, ya‘ni qora libos kiygan shaxs tobut qopqog‘ini qarsillatib yopadi.

Image caption Tobutga kirish marosimi

Tobut ichidagi xodimlar esa endi o‘z hayotlari, tashvishu quvonchlari haqida o‘ylashlari kerak.

Bu o‘ziga xos marosim xodimlarga hayotning qadriga yetishni o‘rganitishi kerak.

Tobutga tushishdan avval ularga maxsus videolavhalar ko‘rsatiladi.

Videolavhalarda saratonga chalingan insonlarning so‘nggi kunlari yoki qo‘lsiz tug‘ilgan odamning suzishni o‘rgangani akslanadi.

"Bularning bari ishchilarni o‘z muammolari bilan yuzma-yuz kelish, ularni hayotning bir qismi ekanini anglab yetishga undaydi", deydi sobiqda dafn marosimlarini uyushtiruvchi shirkatda ishlagan Jeong Yong-mun.

U rahbarlik qiladigan shirkatning bu galgi mijozlari Staffs deb atalmish kompaniya xodimlaridir.

"Shirkatimiz doim xodimlarimizni eskicha fikrlashdan voz kechishga, o‘z hayotlarini isloh qilishga undar edi. Ammo o‘zgarish bo‘lishi qiyin kechardi", deydi shirkat prezidenti Park Chun-woong.

"Men tiriklayin tobutga tushish quvvai hofizamizni isloh qilib, hayotimizni qaytadan boshlashga turtki beradi deb o‘yladim".

"Tobutga kirib chiqqanimdan keyin menda o‘z hayotimni isloh qilish niyatini tug‘ildi, ko‘plab xatolar qilgan ekanman, buni tushundim. Men umid qilamanki, endi ishda va oilamda boshqacha, anchayin shavq bilan yo‘l tutaman", deydi shirkat xodimlaridan biri Cho Yong-tae tobutni tark etar ekan.

Image caption "Maza" qilib kulishmi yo...

Shirkat rahbari Park Chun-woong ish beruvchining ishchilar oldidagi mas‘uliyati faqatgina shirkatdagi faoliyat bilan cheklanib qolmasligiga ishonadi.

Masalan, u o‘z xodimlarining ota-onalariga faqat ularni voyaga yetkazganlari uchun rahmat aytib guldastalar jo‘natadi.

U har bir xodimga ertalab badantarbiya bilan shug‘ullanish va zo‘raki bo‘lsa ham qahqaha otib kulish lozimligini uqtiradi.

Bu manzarani kuzatish biroz g‘alati tuyuladi.

"Avvaliga birgalikda kulish ancha g‘alati va notabiiy edi, bundan nima naf bor deb o‘yladim. Ammo bir boshlab olganingizdan keyin atrofdagi hamkasblarga qarab to‘xtash qiyin bo‘ladi".

Janubiy Koreyadagi shirkatlarga kulgi tabobati juda ham kerak.

Mamlakat dunyo bo‘ylab o‘z joniga qasd qilish bo‘yicha eng ilg‘or qatorlarda...

Koreya Nevropsixologiya Assotsiyasiyasi o‘tkazgan so‘rov - tadqiqot natijalariga ko‘ra, so‘ralganlarning to‘rtdan bir qismi ishdagi asabiylashish ruhiy zo‘riqishning asosiy sababi ekanini aytgan.

Ammo yolg‘ondakam dafn marosimlarida ishtirok etish ham ayrim shirkat xodimlari uchun yarim majburiy...majburiy qahqaha otishga undash ham alal-oqibat majburiy bo‘lib qolaveradi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio