AQSh va Rossiya Suriya bo‘yicha kelishuv yo‘lini qidirmoqda

Image copyright EPA
Image caption Kerri va Lavrov

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Moskvaga kelgan.

Bu safardan maqsad ikki mamlakatning Suriya bo‘yicha ehtimoliy tinchlik muzokaralariga doir farqlarni imkon qadar aritishdir.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuvdan avval Kerri o‘z hamkasbi bilan umumiy til topishish istagi borligini izhor qilgan.

Vladimir Putin bilan uchrashuvlarida Jon Kerri Suriya tinchlik muzokaralariga qaysi guruhlarni kiritish masalasini muhokama qiladi.

Ikki o‘rtada ayni masalada jiddiy farqlar saqlanib qolmoqda.

Vashington va Moskva o‘tish davrida Bashar al Asadga qanday mavqei berilishi borasida ham ixtilofdadir.

Amerika Asad iste‘fo berishi kerak deb hisoblaydi, Rossiya esa uning taqdirini Suriya xalqi hal etishi kerak degan fikrda.

Rossiya sentyabr oyida Asad hukumatini qo‘llab-quvvatlash uchun Suriyada bombardimon kampaniyasini boshlab yuborgandi.

Moskva Suriyada faqatgina "terrorchilar"ni bombalayotganini aytadi, ammo qator suriyalik faollar, Rossiya uchoqlari isyonkor guruhlarni ham nishonga olayotganini urg‘ulashadi.

Amerika boshchiligidagi ittifoqchi kuchlar esa o‘tgan yildan beri IShID jangarilarini bombalab kelayotganini aytadi.

Ittifoqning ayni harbiy amaliyoti Damashq bilan muvofiqlashtirilmaydi.

Rossiya o‘tgan hafta Suriya muxolifati va qurolli guruhlar ishtirokidagi uchrashuv natijalarini rad etgan edi.

Moskvaning ishonishicha, Riyodda kechgan bu uchrashuv barcha tomonlarni qamrab olmagan va ayrim "terrorchi guruh"lar ham aralashgan.

Uchrashuv ishtirokchilari chiqargan bayonotda tinchlik muzokaralarning shartlari belgilangan.

Unga ko‘ra, prezident Asad va uning yordamchilari o‘tish davrida hech qanday mavqeiga ega bo‘lishmaydi.

IShIDga doir Rossiya va AQSh yakdil mavqeida ekani aytiladi.

Vashington va Moskva bu guruhni "dunyoning barcha davlatlariga xatar" deb taniydi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq