Alisher Usmonov "yilning metsenati"

Image copyright Getty

Rossiyaning xuddi shu nomdagi tashkiliy qo‘mitasi asli o‘zbekistonlik milliarderni yilning madaniyat va san‘atga homiylik qiluvchi badavlat odami, deb topdi.

Xabarlarga ko‘ra, mukofot allaqachon Alisher Usmonovga topshirilgan.

Taqdirlash marosimi esa, IV Xalqaro madaniyat forumi doirasida Sankt-Peterburgdagi Rossiya etnografiya muzeyida bo‘lib o‘tgan.

O‘z qarori sababini izohlarkan, tashkiliy qo‘mita "Madaniyat, ilm-fan va sport" xayriya jamg‘armasi asoschisining ko‘plab loyihalarini alohida qayd etib o‘tgan.

Ularning sirasida ulug‘ rus shoiri Lermontovning bolaligi kechgan "Tarxani" muzey-qo‘riqxonasining qayta ta‘mirdan chiqarilishi, taniqli rassomlar ijod namunalarining qo‘lga kiritilishi va jamg‘arma tomonidan uyushtirilgan qator ko‘rgazmalarni tilga olgan.

Bundan tashqari, jamg‘armaning ayrim mashhur teatrlar faoliyatini dastaklash, Rossiya Tinchlik jamg‘armasi bilan hamkorlikda qator taniqli shaxslar xotirasiga haykallar barpo etishda qo‘shgan hissasini ham alohida ta‘kidlab o‘tgan.

Rossiyaning qator nashrlari, o‘z o‘rnida, Alisher Usmonovning xayriyaparvarlikka oid so‘zlaridan iqtibos keltirishni ham unutishmagan.

"Xayriyaparvarlik tushunchasini men kabi butun jamiyat uchun ham bir jumlada o‘z ifodasini topadi, u ham bo‘lsa - insonlar yaqinlarini xuddi o‘zlari kabi sevishlari kerak", - deb aytgan asli o‘zbekistonlik milliarder.

"Yilning metsenati" mukofoti Rossiya Madaniyat vazirligi tomonidan ta‘sis etilgan va ilk bor o‘z sohibiga 2014 yilda topshirilgan.

Ushbu mukofotni ta‘sis etishdan maqsad esa, Rossiyadagi muassasa, korxona, tashkilot, jismoniy shaxslarni madaniyat va san‘at sohasida ko‘proq xayriyaparvarlik va homiylik qilishga undash bo‘lgan.

Image copyright RIA Novosti

Janob Usmonov, yillarki, turli xalqaro nufuzli nashrlar tasnifida Rossiya, Britaniya va dunyodagi eng boy odamlardan biri sanalib kelinadi.

Milliarder mobil aloqa, media va internet sohasidan tashqari Angliyaning yetakchi futbol jamoalaridan biri – "Arsenal"ning ham anchagina foiz hissalariga egalik qiladi.

Alisher Usmonov yaqinda amerikalik biolog olim Jeyms Uotsonning Christie's kimoshdi savdosiga qo‘yilgan Nobel mukofoti medalini 4,8 million dollarga sotib olib, katta shov-shuvga sabab bo‘lgandi.

Rossiyalik milliarder medalni o‘z sohibiga qaytarishga qaror qilgandi.

Britaniyaning "Independent" gazetasi o‘shanda amerikalik olimning medalini bunchalik yirik bahoda xarid qilib, janob Usmonov o‘ziga xos rekord o‘rnatganini alohida qayd etib o‘tgandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ham bu xabar anchagina bahsu munozaralarga sabab bo‘lgandi.

Bir qancha foydalanuvchilar Usmonov Nobel mukofotini sotib olguncha, o‘sha pullarni Rossiyada yurgan muhojirlarga sarflasa yaxshi emasmi, degan fikrni ham bildirishgandi.

Boshqa birlari shunday saxovatli insonning o‘zbek ekanligidan faxrlanishlari haqida yozishgandi.

Rossiyalik milliarder Alisher Usmonov bundan avval ham ko‘plab xomiylik tadbirlariga bosh qo‘shgan.

Janob Usmonov matbuot xizmati ma‘lumotlariga qaraganda, milliarderning shirkatlari Rossiya va qisman O‘zbekistondagi sport, ilm-fan, tibbiyot, madaniyat ishlariga 700 million dollardan ortiq mablag‘ sarflagan.

Amerikaning nufuzli "Forbs" jurnali shu yil boshida Alisher Usmonovning boyligini 14.4 milliard dollarga baholagandi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq