"Gallup": Amerikaliklarni eng ko‘p nima qo‘rqitadi?

Image copyright epa

Agar, yangi so‘rov natijalariga tayanilsa, terrorchilik...

Nufuzli "Gallup" omma fikrini o‘rganish markazi ma‘lumotlariga tayanilsa, qariyb har olti amerikalikdan bittasi bugun xuddi ana shunday fikrda ekan.

Markazning e‘tirof etishicha, Amerika Qo‘shma Shtatlarida bu kabi kayfiyat 2001 yil 11 sentyabr hujumlari ortidan ilk bor kuzatilmoqda.

Ya‘ni, bu yil amerikaliklarni tashvishga solayotgan muammolar ro‘yxatida terrorchilik qolgan barcha odatiylarini ortda qoldirib ketgan.

Na-da AQSh iqtisodining ahvoli va na-da Amerika hukumatining faoliyati – birortasi terrorchilik muammosi yaqiniga yo‘lay olmagan.

O‘z o‘rnida ta‘kidlash joiz, "Gallup" ning yangi so‘rovi Parij va Kaliforniyadagi qonli hujumlar ortidan o‘tkazilgan.

So‘nggi so‘rov bu kabi kayfiyat hozir demokratlardan ko‘ra, respublikachilar orasida kuchliroq ko‘zga tashlanishiga ham dalolat qilgan.

Agar, hatto, "Gallup" ning o‘zi tomonidan olib borilgan so‘rov natijalariga tayanilganda ham, bor-yo‘g‘i bir yil avval iqtisod – Amerika xalqini eng ko‘p tashvishga solgan muammo bo‘lgan.

Iqtisoddan keyin ular Amerika hukumatining faoliyati va ishsizlik ko‘lamidan jiddiy xavotirda ekanliklarini izhor etishgandi.

G‘arbiy Afrikani o‘z zabtiga olgan halokatli Ebola xastaligi esa, o‘tgan yili ilk bor amerikaliklarni qo‘rqitgan o‘nta muammodan bittasiga aylangandi.

Image copyright AP

Ammo yangi so‘rovning yana bir o‘ziga xos jihati shundaki, terrorchilik – asosiy muammomiz deb turgan amerikaliklarning soni 20 foizga yetay, deb turganda, iqtisodning ahvoli haqida qayg‘urganlarning miqdori buning yarmiga ham yetmagan.

Ya‘ni dekabr oyidagi natijalar 2007 yildan buyon ilk bor iqtisod oz sondagi amerikaliklarni o‘ylantirayotganiga dalolat qilgan.

Lekin, shunda ham, mualliflarning e‘tirof etishlaricha, iqtisod – hozir ham amerikaliklarning eng asosiy suhbat mavzularidan biriligicha qolgan.

Agar, yangi so‘rov natijalariga tayanilsa, Amerika xalqining "boshini qotirayotgan" muammolar ro‘yxati yana bittaga boyigan.

O‘n foizga yaqin amerikalik qurol-yarog‘ va ularning nazoratini mamlakatlari to‘qnash kelib turgan muammolardan biri sifatida alohida qayd etib o‘tishgan.

Muqoyasa o‘rnida aytiladigan bo‘lsa, deylik, 2013 yilda bunday fikrda bo‘lgan amerikaliklarni uchratish qiyin bo‘lgan.

Xuddi shu manzarada bu yaqin yillar nazarda tutilganda, hukumat o‘zlarini terrorchilik balosidan himoya eta olishiga ishongan odamlarning soni ham Amerikada ozchilikni tashkil etgan.

Markaz tadqiqotchilariga ko‘ra, aksariyat odamlar kayfiyatidagi bu kabi qarash AQSh hukumatining terrorchilik xavfiga qanchalik bas kelishi va dunyoning qay bir nuqtasida bo‘lmasin, yirik hujumlarning nechog‘liq amalga oshishi-oshmasligiga bog‘liq.

Amerikaning nufuzli "Gallup" omma fikrini o‘rganish markazi o‘zining so‘nggi so‘rovini 2-6 dekabr kunlari oralig‘ida olib borgan.

Markazning so‘rovi telefon suhbatlariga asoslangan va butun Amerika Qo‘shma Shtatlarini qamrab olgan.

So‘rov jarayonida yoshi 18 dan katta bo‘lgan 824 kishining fikri o‘rganilgan. Ishtirokchilar alohida tanlab o‘tirilmagan.

Image copyright AP

Eng so‘nggida eslatib o‘tish joiz, prezident Barak Obama ham o‘zining qariyb sakkiz yillik boshqaruvi davrida Oq Uyda qilgan bor-yo‘g‘i uchinchi chiqishini o‘tgan hafta aynan terrorchilik muammosiga bag‘ishlagandi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq