Tojik faollari bosimlardan BMTga arz qilishdi

Image copyright internet
Image caption Muhiddin Kabiriy

Tojikistonlik taniqli inson huquqlari faollari, jurnalistlar va muxolifat namoyondalari BMT Bosh kotibiga murojaat bilan chiqishgan.

Ayni murojaat Bosh kotib Pan Ki Mun e‘tiborini mamlakatdagi Islom Uyg‘onish partiyasi rahbarlari, faollari va ularning oila a‘zolariga nisbatan hukumat tomonidan "chidab bo‘lmas" tazyiqlarga qaratadi.

Xabarlarga ko‘ra, hozir taqiqlangan Islom Uyg‘onish partiyasining yuzlab a‘zolari qamoqqa tashlangan.

Shu hafta partiya lideri Muhiddin Kabiriyning 95 yoshdagi otasi doxil bir necha qarindoshlari hibsga olib, xavfsizlik xizmati tomonidan so‘roqqa tutilgandi.

Garchand, so‘roq qilinib keyin ozod etilgan bo‘lsa ham, Muhiddin Kabiriyning qarindoshlari ayni masalada matbuot bilan suhbatlashishdan bosh tortishmoqda.

Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Islom Uyg‘onish partiyasi a‘zolarini birinchi marta so‘roqqa tutayotgani yo‘q.

Xabarlarga ko‘ra, har bir so‘roqdan keyin ulardan bu haqda hech kimga gapirmaslikka doir tilxat olinmoqda.

BMT Bosh kotibiga bu kabi tazyiqlarni to‘xtatish talabi bilan bitilgan maktubga Tojikiston konstruktiv kuchlar kongressi rahbarlari Dodojon Atovulloyev, "Rossiya tojiklari" Rossiya jamoatchilik tashkiloti raisi Sobir Valiyev, mashhur inson huquqlari faoli Fayziniso Vohidova, olim Mehmonshoh Sharifzoda va muxolifatdagi jurnalist Sayidyunus Istaravshaniylar imzo qo‘yishgan.

Muhiddin Kabiriy o‘z qarindoshlariga bosimlarni izohlar ekan, Tojikiston hukumati uni endi shu yo‘lda "jazolayotgani"ni aytgan.

"Jinoyat" o‘laroq, Kabiriy Fridom Houz tashkiloti tomonidan AQShdagi xalqaro anjumanga taklif qilinganini atagan.

Tojikiston hukumati muxolifatga toqatsiz

Image copyright newsgid.net
Image caption General Nazarzoda

Sentyabr oyi oxirlarida Tojikiston Oliy mahkamasi Bosh prokuraturaning Islom Uyg‘onish partiyasi faoliyatini taqiqlash va uni terrorchi guruh sifatida qayd etish so‘rovini qondirgan edi.

Mahkama qaroriga binoan partiyaning rasmiy websahifasi, "Najot" gazetasi hamda ayni partiyaga tegishli bo‘lgan uchta jurnalni chiqarish ham to‘xtatiladi.

Shuningdek, mahkama Tojikiston hududida Islom Uyg‘onish partiyasining audio va video mahsulotlari, kitoblari va varaqalarini tarqatishni ham taqiqlangan.

Bunga qo‘shimcha, Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasiga aloqador har qanday materiallarni mamlakatga olib kirish ham man qilingan.

4 sentyabr kuni Dushanbe va Vahdat shaharlaridagi militsiya postlariga qarshi qurolli hujumlar uyushtirilgan va bunda General Abduhalim Nazarzoda boshchiligidagi guruh ayblangandi.

Tojikiston hukumatiga ko‘ra, Islom Uyg‘onish partiyasi va rahbarlari ayni isyonni dastaklashgan.

Muhiddin Kabiriy va boshqa muxolifat faollari bu kabi ayblovlarni qat‘iy rad etib kelishadi.

Bir necha kunlik harbiy amaliyotlar natijasida Romit darasida yashiringani aytilgan Abduhalim Nazarzoda va uning tarafdorlari yo‘q qilingani xabar qilindi.

Markaziy Osiyodagi yagona Islomiy partiya

Image copyright
Image caption Izohsiz

Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasi Markaziy Osiyoda rasman faoliyat yuritgan yagona Islomiy partiya edi.

1991 yilgi prezidentlik saylovlaridan avval rasman qayddan o‘tkazilgan partiya Tojikiston siyosiy sahnasida ham muhim o‘rin tutib kelayotgandi.

Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasi dastlab mamlakatda hamma noislomiy amallar taqiqlanishi, cho‘chqa go‘shti iste‘moli va alkogol ichimliklar savdosini to‘xtatish, ko‘proq masjidlar ochib, dam olish kunini yakshanbadan jumaga o‘tkazish kabi talablarni ilgari surgandi.

1992 yili muxolifat va Tojikiston hukumati o‘rtasida Milliy Yarashuv Bitimiga erishilgan bo‘lsa ham bu bitim samarasiz bermay, fuqarolar urushi kelib chiqishiga olib kelgandi.

Ammo besh yillik urushdan keyin 1997 yili Moskvada ikki tomon o‘rtasida yarashuv bitimi imzolandi.

Ushbu bitimga muvofiq, Tojikiston hukumatida muxolifatga 30% o‘rin berilgandi.

Joriy yil martida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida esa, TIUP o‘rin olishga muvaffaq bo‘lmadi.

G‘arblik va muxolifat kuzatuvchilari saylovni demokratiya andazalariga mos o‘tmagan, deb aytishgandi.

Partiya rahbari Muhiddin Kabiriy saylovlardan so‘ng mamlakatni tark etgan edi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq