Toshkentni endi kameralar kuzatadi

Image copyright AFP
Image caption Toshkentdagi har bir qadamingiz endi kameraga tushishi mumkin

Toshkent shahridagi ko‘p qavatli uylar, mahalla va mavzelarda video-kuzatuv moslamalari o‘rnatilishini rasmiylar aholi xavfsizligini ta‘minlash hamda jinoyatchilikning oldini olish maqsadlari bilan izohlashmoqda.

Ko‘pchilik ayni sa‘y-harakatni olqishlab kutib olgan.

Ayrim o‘zbekistonliklar esa kamera bahona militsiya, poraxo‘rlik, chiroqsiz hamda o‘nqir-cho‘nqir ko‘chalar masalasini ham ko‘targanlar.

Biroq ba‘zilar bunchalik ko‘p kuzatuv kamerasini sotib olish, o‘rnatish va ta‘mirlash xarajatlari soliq to‘lovchilar zimmasiga tushishidan norozilik ham bildirishmoqda.

"Amaldorlar xonasida ham o‘rnatishsin"

"Menimcha, bu qonunlarga rioya qiladigan odamlar uchun juda foydali" - yozadi Ilsiyar Nazarova - "Agar qonunlarni buzmasangiz, kameralar muammo emas!"

Toshkentda ko‘plab garajlar buzilgani uchun ko‘plab odamlar o‘z avtomashinalarini hozir tashqarida qo‘yishga majburlar. Shu bois ayrimlar kuzatuv kameralaridan xursand.

"Har holda, mashinalarni o‘g‘ri urmaydigan, g‘ildiraklari o‘g‘irlab ketilmaydigan bo‘ladi" - yozadi Murat Kurbaniyazov.

Daniyar Usmanov ismli o‘quvchi esa kuzatuv kameralarini ko‘chalardan ba‘zi idoralarga ham olib kirishni tavsiya etadi.

"Unday bo‘lsa, amaldorlarning xonalariga, avtosalonlarga ham o‘rnatishsin" - yozadi o‘quvchimiz - "Poraxo‘rlik kamayarmikan..."

Chiroqsiz ko‘chada kamera ishlaydimi?

Ba‘zi o‘zbekistonliklar esa kuzatuv kameralari kecha-kunduz ish berishiga ishonishmaydi.

"Ko‘cha yoritgichlari bo‘lmasa, kameralardan nima foyda?" - savol qo‘yadi Asat Hisamitdinov - "Avvalo, ishni o‘cha va uylarga kirish yo‘lakchalarini yoritishdan boshlaganimiz ma‘qul!"

Image caption Ko‘pchilikka ko‘ra, kuzatuv kameralari - jinoyatchilikka qarshi yaxshi vosita

Asatning fikrini ma‘qullagan Mari Merish taxallusli ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi esa e‘tiborini qonun posbonlari masalasiga qaratadi.

"Bizda bunaqa militsiya bor ekan, kameralar ham yordam bermaydi" - deydi Mari Merish - "Menimcha, militsiyani almashtirish kerak".

Chingiz Sadyxovning umid bildirishicha, o‘rnatilajak kameralar yo‘llardagi o‘nqir-cho‘nqirlar odamlarga qanday noqulaylik tug‘dirayotganini ham namoyon etib qo‘yishi mumkin.

"Barcha xizmat haqini aholi to‘lashi kerak ekan, ana bo‘lmasa..." - deb kameralar sarf-xarajatini eslatadi Abdumalik Rafikovich Kadyrov.

Valyutafurushlar ko‘chasida-chi?

"Yirik bozorlardan boshlash kerakmidi" - fikr tashlaydi Dilyarochka Fazlitdinova - "Kamerasiz ham valyutafurushlarni bemalol aniqlash mumkin, militsiya esa ularning qo‘riqlayapti".

"Oldiniga kamerasiz ham shundoqqina ko‘zga tashlanayotgan ishlardan boshlash maqulmasmidi?" - yana savol qo‘yadi bu o‘zbekistonlik.

Ayrimlar esa O‘zbekistondagi boshqa yirik loyihalar (shaharlarni ta‘mirlash, archa ekish va hokazo) kabi bu safar ham ba‘zilar boyib qolishi mumkinligini qistirib o‘tadilar.

"Muhimi, kimdir yaxshigina pul ishlab oladi" - deydi Ikrom Abdulla - "Xalq esa har doimgidek pul to‘lashga ko‘ndiriladi..."

Lekin hokimiyat tashabbusini qonuniy nuqtai nazardan savol ostiga olganlar ham bor.

"Bir narsalarni o‘rnatish uchun hokimning odamlarni pul to‘lashga undashga haqqi bormi?" - savol qo‘yadi Stanislav Kurchatov.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq