Allohdan qo‘rqib, maktablar yopildi

Image caption Ko‘plab ota-onalar arab yozuvini ko‘rib, vahimaga tushishgan

Oddiygina jo‘g‘rofiya darsida berilgan vazifa butun shtatning o‘takasini yorib yuborishi kutilmagan hodisa bo‘ldi.

Muallim o‘quvchilardan Islomiy xattotlik namunasini topishni so‘raydi.

Ammo ba‘zi ota-onalar bolamga "radikal qarashlarni singdirishmoqda", deb vahimaga tushishadi.

Rasmiylarga ko‘ra, aslida maktablarni yopish uchun jiddiy tahdid yo xavf-xatar bo‘lmagan. Biroq haddan tashqari ko‘p shikoyat tushgani bois ehtiyot chorasi ko‘rishgan, xolos.

Allohdan qo‘rquv

Bir hafta oldin Yaqin Sharq madaniyatini o‘rganayotgan yuqori sinf o‘quvchilariga arab imlosida bitilgan Islomiy xattotlik namunasini topish uy vazifasi qilib beriladi.

Muallim ayni xattotlik namunasida arab tilida "La Ilaha il-Allah Muhammad ur-Rasul Allah" (Allohdan boshqa iloh yo‘q, Muhammad Allohning rasulidir) deya bitilgan bo‘lishi kerak, deb topshiriq bergan.

Biroq ba‘zi o‘quvchilar uy vazifasini bajarishdan bosh tortishgan. Ota-onalar esa bolalarimiz boshiga Islomiy g‘oyalarni quyishmoqchi, deb ayblashgan.

Ular o‘qituvchini ishdan bo‘shatishni talab qilganlar.

Maktab ma‘muriyati esa ularning talabini rad etib, jo‘g‘rofiya darsi o‘quv dasturiga muvofiq, Yaqin Sharqni o‘rganayotgan talabalar mintaqa dini hamda tilini ham o‘rganishlari kerak, deb aytgan.

Ammo qator talabalar va ota-onalar g‘azabi butun shtatga yoyilib, shikoyatlar ortib boravergach, maktab darvozasini yopib, qo‘riqchi tayinlashga majbur bo‘lishgan.

Juma kuniga kelib esa nafratga to‘la va haqoratli arz-dodlar shunchalik ko‘payib ketganki, rasmiylar shtat bo‘ylab maktablarni yopishga qaror qilganlar.

"Chumchuq pirr etsa..."

Ta‘lim mutasaddilariga ko‘ra, jo‘g‘rofiya darsida arab tilining o‘ziga xos jihatlarini o‘rganmoqchi bo‘lishgan va talabalarga aslo Islom dinini tiqishtirishgani yo‘q.

Ammo kelajakda diniy mazmunga ega bo‘lmagan arab tili namunalaridan foydalanishga qaror berishgan.

Maktablarni yopish qarorini ko‘pchilik tanqid qilmoqda.

"Qo‘rquv yana g‘olib chiqibdi-da" - degan bir virjiniyalik kishi afsus bilan.

Ijtimoiy tarmoqlarda qoldirilgan fikrlar ham har xil.

"Vatanparvar bobolarimiz go‘rida tik turgandir" - deb yozgan bir mahalliy foydalanuvchi.

"Chumchuq pirr etsa, yuragi shirr etadigan bu odamlar har kuni uyidan tashqariga qanaqa chiqarkan?" - degan mazmunda istehzoli javob qaytargan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq