Ingliz klubi: "Yosh o‘zbek o‘yinchilari biznikidek kuchli"

Image copyright fleetwoodtownfc.com

O‘zbekistonlik yosh futbolchilarining Angliya futbolining 1-ligasidan joy olgan Flitvud Taun futbol klubida o‘tkazgan uch oylik mashg‘uloti nihoyasiga yetdi.

Rustam Nortojiyev va Sergey Proxorov ingliz futbol klubining xalqaro sherigi bo‘lmish Lokomotiv Toshkent klubida to‘p suradilar.

21 yoshgacha bo‘lgan jamoa a‘zolari bo‘lmish ikkovlon Flitvud Taun murabbiysi Barri Nikolson qo‘li ostida sentyabr oyidan beri tayyorgarlik ko‘rib, yaqinda Karlayl Yunaytedga qarshi o‘yinda maydonga tushgandilar.

Flitvud Taun klubi websaytiga intervyu bergan darvozabon Nortojiyev Angliyadagi mashg‘ulotlaridan o‘ta mamnun bo‘lgani va yaqin orada yana qaytishga niyat qilayotganini bildirgan.

"Bu yerdagi treyninglar O‘zbekistondagidan juda farq qiladi. Ancha qiyinroq, o‘yinchilari esa kuchliroq va tezroq. Meni ko‘p ishlarga jalb qilishdi. Har kuni yangi narsalarni o‘rgandim va menga bu juda yoqdi. Eng asosiysi, inliz tilim juda yaxshilandi. Flitvud va Lokomotiv Toshkent yaxshi kelishuvga erishganlar va yangi yilda yana qaytamiz deb umid qilaman", - deb aytgan Rustam Nortojiyev.

BBC bilan suhbatda Flitvud Taun klubi ijrochi direktori Stiv Karvud Angliya futbolning vatani bo‘lgani uchun, bu kabi hamkoroik Lokomotiv Toshkentga ko‘p foyda keltirishini aytdi.

"Lokomotiv Toshkentning rahbariyati o‘tgan yili bizga tashrif buyurdi, shaxsan men va texnik direktorimiz ham bu yil iyunda Toshkentda bo‘lib, o‘zaro hamkorligimizni muhokama qildik. Maqsadlarimizdan biri futbolchi o‘smirlarga tajriba almashishga imkon berish edi, shuning uchun inliz futbol klubida o‘ynash uchun o‘zimiz Toshkentda ko‘rgan ikki yosh o‘yinchini taklif qildik", - deydi klub rahbari.

U toshkentlik o‘yinchilarning professional mahoratidan yaxshi taassurot olganini ham bildirdi.

"Ikkovlari ham juda yaxshi o‘yinchilar. Rustam - darvozabon, Sergey markaziy himoyachi. Men bilan suhbatda ular mashg‘ulotlar ancha qiyin va shiddatli bo‘lganini aytishdi, lekin ikkovi ham juda yaxshi kirishib ketdilar. Ular 3-4ta do‘stona matchlarimizda ham qatnashdilar, xususan Evertondagi bir o‘yinda ishtirok etdilar. Bu yoshlar o‘zimizning 21 yoshgacha bo‘lgan ba‘zi o‘yinchilarimiz kabi kuchli edilar".

Ayni damda Stiv Karvud o‘zbek futbolining tezlik surati ingliz futboliga qaraganda sustroq ekanini ko‘rganini aytdi.

"O‘zbek o‘yin stili sustroq ekanini ko‘rdik, lekin ularda texnik qobiliyatlari ko‘proq ekan. Menimcha, iqlimning ham ta‘siri bor, chunki men Toshkentga borganimda harorat +42 edi va bu, albatta, o‘yinga ta‘sir qilmay qolmaydi. Lekin, ularda texnik qobiliyat va agressiya kuchli edi. Menimcha, tezlik va ana shu qobiliyatlar uyg‘unlashtirilsa, yaxshi bo‘ladi. Shunday ekan, Lokomotivda bizdan o‘rganadigan, va bizda Lokomotivdan o‘rganadigan jihatlar bor", - deydi klub rahbari.

Janob Karvud O‘zbekistondagi futbol inshootlaridan juda katta taassurot olgani, ammo ulardan ko‘proq foydalanishni yo‘lga qo‘yish mumkinligi bo‘yicha o‘zbek tomoniga maslahat berishga tayyor ekanini ham aytdi.

"Men Toshkentda milliy stadion, Paxtakor va Lokomotiv stadionlarini borib ko‘rdim. Ular ajoyib inshootlar edi, ular bu kabi yaxshi ahvolda bo‘ladi deb men hech tasavvur qilmagan ekanman. Lekin, bu inshootlardan yanada samaraliroq foydalanishda biz ingliz klublari yo‘l ko‘rsata olamiz. Chunki bu inshootlardan mahalliy aholi va tijoratchilar ham foydalanishlari mumkin. Britaniyada stadionlardan yilning 365 kuni foydalaniladi. Ana shu jihatdan biz yordam berishimiz mumkin".

Flitvud rahbari yaqin kelajakda Toshkentda Flitvud murabbiylari bilan yozgi futbol kurslarini ochish, hamda Lokomotiv Toshkentga ikki yosh ingliz o‘yinchisini yuborish rejalari borligini bildirdi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio