Toliblar Helmandni to‘la olishga urinmoqda

Image caption Helmandning Sangin tumani

Afg‘onistonning Helmand viloyatidagi politsiya qarorgohi Toliblar qurshovida qolgan.

Politsiya kuchlari qurol-yaroqlar tugab borayotganini aytishgan.

Sangin tumani politsiya idorasi boshlig‘i Muhammad Dovudning aytishicha, uning kuchlari qurshab olingan va zudlik bilan yordam kelmasa, "tiriklayin qo‘lga olinishlari" mumkin.

Helmand viloyati so‘nggi paytlar qaqshatqich janglarga sahna bo‘lgan, allaqachon mintaqaning aksar qismi Toliblar nazorati ostiga o‘tgan.

Mulozimlarga ko‘ra, agar zudlik bilan harbiy yordam berilmasa, butun bir viloyat Toliblar tomonidan egallanishi mumkin.

Reyters axborot agentligiga ko‘ra, Parvan viloyatidagi Bagram havo bazasi yaqinida xudkush hujumchi Amerika va Afg‘on kuchlarining qo‘shma karvoni yaqinida o‘zini portlatib yuborgan.

Natijada ittifoqchi kuchlarning besh askari qurbon bo‘lgan.

Image copyright Reuters
Image caption Afg‘on hukumati qo‘shinlari Helmandda, 2015 yil, oktyabr

Helmand viloyati Toliblar qarorgohlaridan biri, bu yerda ular uchun moliya manbai sanalgan ko‘knori ekiladi.

Britaniya kuchlari mintaqada 13 yil qolishgan va 450 dan ortiq harbiylarini qurbon bergan edi.

Sangin tumanining o‘zida 100 dan ortiq britaniyalik harbiy qurbon bo‘lgani aytiladi.

Buyuk Britaniya Afg‘onistondagi jangovar amaliyotlarini o‘tgan yil oktyabr oyida to‘xtatgan edi.

Mahalliy politsiya qo‘mondoni BBC bilan suhbatda ikki kundan beri tuz totishmagani, agar kelasi soatlarda yordam kelmasa, jangchilari Toliblar tomonidan tiriklayin qo‘lga olinishlari ehtimoli haqida aytgan.

Muxbirlarimizga ko‘ra, Helmand viloyatidagi vaziyat tangligicha qolayotir.

Sangin tumani yordamsiz soatlar ichida Toliblarga taslim bo‘lishi mumkin.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq