Moskvada sobiq o‘zbek vaziri ushlangan

Image copyright lifenews

Moskva politsiyasi rasmiy Toshkent talabiga binoan O‘zbekiston Bosh vazirining sobiq muovini Valeriy Atayevni hibsga olgan va ozod qilgan. Bu haqida LifeNews xabar agentligi Moskva huquq-tartibot idoralariga tayanib xabar tarqatdi.

O‘zbekistonda janob Atayev byudjet pullarini o‘g‘irlash va o‘z lavozimini suiste‘mol qilishda ayblanadi.

Aytilishicha, u hibsga olinishidan keyin Rossiya fuqarosi ekani aniqlangach, uni O‘zbekistonga topshirmaslik qarori qabul qilingan. Janob Atayevga Gagarin tumani prokurori idorasiga kelib ko‘rsatma berish buyurilgan.

"Men hayotimda biron narsa o‘g‘irlamaganman. Hammasi o‘zbek fuqaroligidan voz kechib, Rossiya fuqaroligini olganimdan keyin boshlandi", - deya iqtibos keltiradi Atayevdan LifeNews.

67 yoshli Valeriy Yo‘ldoshevich Atayev 1994 va 1998 yillar orasida O‘zbekiston Respublikasi energetika va elektrlashtirish vaziri bo‘lib xizmat qilgan.

2000-2001 yillarda O‘zbekiston Bosh vazirining neft va gaz sohasi bo‘yicha muovini bo‘lib ishlagan.

Oxirgi yillarda u Uzneftegaz shirkati kengashi raisi bo‘lib faoliyat yuritgan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, u Rossiyaning Lukoyl kompaniyasiga O‘zbekistondagi neft maydonlarining ajratilishi, hamda Qozog‘istonning O‘zbekiston oldidagi elektr quvvati uchun qarzlari bug‘doy bilan qoplanishi borasidagi kelishuvlarda nomi chiqqan.

Uni tanigan tahlilchiga ko‘ra, u energetika sohasini nochor holda qabul qilib olib, uni yangi jihozlar bilan jihozlashdek qiyin vazifani bajargan.

"Menimcha, O‘zbekistondagi rahbariyat o‘zining bugungi xatolari uchun aybdorni o‘tmishdan qidiryapti. Shaffoflik yo‘q bu ishda. Aslida bu jinoiy ish emas, siyosiy. Umid qilamanki, Rossiya tomoni o‘z fuqarosi bo‘lgan Valeriy Atayevni himoya qiladi, va O‘zbekiston Havo Yo‘llarining sobiq rahbari va Rossiya fuqarosi bo‘lgan Arslon Ro‘zmetovni topshirgandek Toshkentga topshirib yubormaydi", - dedi tahlilchi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio