"Tojikiston IShIDga qarshi islomiy koalitsiyaga qo‘shilmaydi"

Image copyright AP

Bu haqda Tojikiston Tashqi ishlar vaziri muovini rasman bayon qilgan.

Parvoz Davlatzodaga ko‘ra, mamlakati IShIDga qarshi Saudiya Arabistoni boshchiligidagi yangi islomiy koalitsiyaga qo‘shilish masalasini ko‘rib chiqayotgani yo‘q.

Avvalroq ayrim arab nashrlarida xuddi shunday mazmundagi xabarlar paydo bo‘lgan, jumladan, "Ash-Sharq al-Ausut" umumarab gazetasi bu haqda yozib chiqqandi.

Bu haqda xabar berarkan, arab nashri Tojikistonning Riyoddagi elchisi Sharifi Azamsho Latifzodaning so‘zlariga tayangan.

Elchi janoblaridan keltirilgan iqtibosda, "Tojikiston rahbariyati joriy paytda Saudiya Arabistonining bu xususdagi taklifini ko‘rib chiqayotgani" aytilgandi.

"Ovro‘po Ittifoqi-Markaziy Osiyo" Tashqi ishlar vazirlarining yig‘inida ishtirok etish uchun Qozog‘iston poytaxti Ostonaga kelgan janob Davlatzodanining aytishicha, "bu masalaga, hatto, umuman to‘xtalib o‘tirishgani ham yo‘q".

Poytaxt Riyodda o‘tgan hafta boshida Saudiya Arabistonida asos solingan yangi islomiy koalitsiyaga dunyoning aksariyat aholisi musulmon bo‘lgan 34 davlati bosh qo‘shgan.

Ularning orasida Yaqin Sharqdan tortib, Afrika va Osiyo qit‘asi vakillarigacha bor.

Ammo, alohida ta‘kidlash joiz, asosiy maqsadi IShID barobarida umuman terrorchilikka qarshi kurash bo‘lgan yangi koalitsiya tarkibida biror bir sobiq Sho‘ro davlati yo‘q.

Shu jumladan, so‘nggi yillarda Yaqin Sharqdagi IShID guruhi tahdididan jiddiy xavotirda bo‘lgan Markaziy Osiyo mintaqasi vakillari ham.

"Ash-Sharq al-Ausut" umumarab gazetasi esa, Tojikiston barobarida Ozarbayjon ham Saudiya Arabistoni boshchiligidagi yangi islomiy koalitsiyaga qo‘shilish masalasini ko‘rib chiqayotgani haqida yozgandi.

BBCga ma‘lum bo‘lishicha, Saudiya Arabistoni bu xususda Ozarbayjon tomoniga rasman taklif bilan chiqqan, ammo rasmiy Boku bunga anchayin ehtiyokor munosabat ko‘rsatgan: Ya‘ni, Ozarbayjon rahbariyati bu masalani rasman ko‘rib chiqish darajasiga bormagan.

Shu o‘rinda alohida ta‘kidlash joiz, sobiq Sho‘ro davlatlari orasidan eng katta sondagi fuqarolari IShID saflarida jang qilayotgan va o‘zi ham yaqinda dunyodagi eng qudratli bu jangari guruhning Yaqin Sharqdagi mavqe‘lariga qarshi qaratilgan havo hujumlariga qo‘shilgan Rossiya ham yo‘q.

Image copyright AFP

Rossiya va barcha Markaziy Osiyo davlatlari esa, so‘nggi yillarda IShID guruhi tahdidiga qarshi eng ko‘p chora-tadbirlarga qo‘l urayotgan sobiq Sho‘ro Respublikalari bo‘lishadi.

IShID ning shundoq biqinlaridagi Afg‘onistonda faollashib, Iroq va Suriyada jang qilayotgan fuqarolarining soni ortib borayotgani ma‘lum bo‘larkan, Rossiya, Qirg‘iziston va Tojikistonda bu guruhning faoliyati rasman taqiqlangan.

Agar, so‘nggi ikki yil ichida e‘lon qilingan turli ma‘lumotlarga tayanilsa, birgina shu besh davlatning o‘zidan IShID guruhi saflarida jang qilayotgan odamlarning soni bir necha mingga yetgani ma‘lum bo‘ladi.

Jumladan, Tojikiston Milliy Xavfsizlik Davlat qo‘mitasi vakili keltirgan yangi raqamlarga tayanilsa, o‘tgan yarim yil ichida "Islomiy Davlat" saflarida jang qilayotgan tojik fuqarolarining soni qariyb ikki barobarga ortgan va 700 dan ziyod kishiga yetgan.

Shu yil avgust oyida esa, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon "Islomiy davlat" va boshqa terrorchi guruhlarga aloqadorligi aniqlangan shaxslarning avtomatik ravishda mamlakat fuqaroligidan chiqarib yuborilishiga oid yangi farmonga imzo chekkan birinchi Markaziy Osiyo davlati rahbariga aylangandi.

IShID guruhi Afg‘onistondan turib solishi mumkin bo‘lgan tahdid esa, so‘nggi yillarda sobiq Sho‘ro davlatlari ishtirokidagi turli tashkilotlar oliymaqom yig‘inlarining kun tartibidagi asosiy masalalardan biriga aylangan.

Bu uchrashuvlar chog‘ida yangi xavfga bahamjihat va yelkama-elka turib qarshi kurash borasida ko‘p so‘z yuritilgan.

Ammo, oradan bir hafta o‘tib ham, IShID xavfidan jiddiy xavotirda bo‘lgan aksariyat sobiq Sho‘ro davlatlari Saudiya Arabistoni boshchiligidagi yangi islomiy koalitsiyaga rasman va oshkora munosabat bildirib chiqishmagan.

IShID guruhi o‘tgan yil boshida Pokistonda o‘zining Janubiy Osiyodagi yangi tarmog‘iga asos solgan.

Orada O‘zbekiston Islomiy Harakati Yaqin Sharqdagi bu boyvachcha guruhga to‘lig‘icha rasman bay‘at ham keltirgan.

IShIDning mintaqadagi yangi a‘zolarining soni joriy paytda bir necha yuzdan bir necha mingtagacha ekani taxmin etiladi.

Saudiya Arabistoni boshchiligidagi yangi islomiy kolatsiya tarkibida esa, mintaqa davlatlari orasidan faqat Pokiston bor.

Eng qizig‘i, yangi ittifoq IShID guruhi asos solingan, o‘z islomiy xalifatini barpo etgan va so‘nggi yillarda faollashishga muvaffaq bo‘layotgan Suriya, Iroq va Afg‘onistonni o‘z ichiga olmagan.

Boshqa tomondan, yillarki, Saudiya Arabistoni bilan aloqalari tangligicha qolayotgan, Yaqin Sharqdagi shia hukumatlarining "asosiy dastaklovchisi" sifatida ko‘riluvchi va mintaqadagi asosiy o‘yinchi davlatlardan biri bo‘lgan Eng ham bu koalitsiya tarkibida yo‘q.

Suriya va Iroq esa, o‘z navbatida, IShID guruhi tomonidan e‘lon qilingan global jihodning asosiy jang jabhasi bo‘ladi.

Mavjud holat allaqachon tahlilchilar orasida yangi ittifoq faoliyatining qanchalik samarali bo‘lishi va maqsadining nechog‘liq samimiy ekaniga oid savollarni ham paydo qilmay qo‘ymagan.

Image copyright AP

Boshqa tomondan, so‘nggi yangilik qudratli Amerika boshchiligidagi harbiy ittifoqning IShID ga qarshi Yaqin Sharqdagi qariyb ikki yillik amaliyotlari keskin tanqidlar tig‘iga tutilayotgan, guruh Ovro‘poning qoq markazidagi Parijdan tortib, ummonortidagi San-Bernardinoda uyushtirilgan qonli hujumlarga mas‘uliyatni o‘z zimmasiga olib chiqayotgan bir manzarada o‘rtaga chiqqandi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq