Qozog‘iston tengesining "Ovro‘poda tengi yo‘q"

Image copyright Reuters

Agar, Ukrainadagi Forex Club tahliliy markazining xulosasiga tayanilsa, qadrsizlanish bobida bu yil Qozog‘iston tengesiga yetadigani topilmagan.

Markazning yangi ro‘yxatida yuqori uchlikni to‘ldirgan qolgan ikki milliy pul birligi ham sobiq Sho‘ro davlatlariniki bo‘lib chiqqan.

Ya‘ni, Belarus rubli va Ukraina grivnasi Qozog‘iston tengesidan keyin yil davomida AQSh dollariga nisbatan eng ko‘p qiymatini yo‘qotgan milliy valyutalar, deb topilgan.

Markaz tahlilchilariga ko‘ra, kechayotgan yilda tenge 85.2, Belarus rubli 54.3 va Ukraina grivnasi 48.7 foizga devalvatsiya bo‘lgan.

Bu haqda Qozog‘istonning tengrinews.kz axborot agentligi Ukrainaning ayrim yetakchi internet nashrlariga tayanib, xabar bergan.

Forex Club tahlilchilariga ko‘ra, Xitoy milliy pul birligi – yuanning "zaiflashishi" va shu yil boshidan buyon "Brent" markali neft qiymatining jahon bozorida o‘ttiz foizdan ortiqroqqa arzonlab ketishi Qozog‘iston iqtisodiga jiddiy ta‘sirini o‘tkazgan.

Qozog‘iston Milliy bankini avgust oyida tengeni erkin bahoda iste‘molga chiqarishga majbur qilgan.

tengrinews.kz axborot agentligining ma‘lumotlariga tayanilsa, qozoq tengesi so‘nggi kunlarda "antirekord" o‘rnatishda davom etmoqda.

Deylik, 18 dekabr kuni Olma ota va poytaxt Ostonadagi valyuta ayirboshlash shoxobchalarida 1 AQSh dollarining qiymati o‘rtacha olgandan 350 tengega teng bo‘lgan.

Mahalliy kuzatuvchilarga ko‘ra, bunga o‘xshash holat Qozog‘istonda bu yaqin yillar ichida kuzatilmagan.

Ro‘yxatdagi qolganlar...

Image copyright Getty

Markazning yangi ro‘yxatida yuqori o‘nlikni ham Turkiya istisno faqat sobiq Sho‘ro davlatlari to‘ldirishgan.

Qozog‘iston, Belarus va Ukrainadan so‘ng ro‘yxatni Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Tojikiston, Gurjiston, Turkiya, Moldova va Rossiya davom etdirishgan.

Turkmaniston shundoqqina Rossiyadan keyingi o‘rinda kelgan bo‘lsa, Markaziy Osiyo davlatlari orasidan o‘zbek so‘mi AQSh dollariga nisbatan eng kam arzonlagan milliy pul birligi bo‘lib chiqqan.

Agar, xabarda ilova qilingan jadvaldagi ma‘lumotlarga tayanilsa, joriy yilda o‘zbek so‘mi 14.8 foizgagina o‘z qadrini yo‘qotgan, xolos.

Ammo...

Qanchalik barqaror ekani borasida esa, sobiq Sho‘ro davlatlari orasida Armaniston dramiga yetadigani topilmagan.

Ya‘ni, arman drami joriy yil boshidan buyon AQSh dollariga nisbatan bor-yo‘g‘i ikki foizcha arzonlagan.

Markaz diqqatiga tushgan barcha davlatlar orasidan esa, Shveytsariya franki AQSh dollarini "umuman pisand etmagani" bo‘lib chiqqan.

Image copyright REUTERS

Milliy valyutalari AQSh dollariga qarshisida deryali "miq etmay turib bergan" qolgan ikki mamlakat Islandiya va Buyuk Britaniya bo‘lishgan.

O‘z o‘rnida, Ovro‘po milliy pul birliklari orasidan eng ko‘p arzonlagani Norvegiyaning kroni ekani ham ma‘lum bo‘lgan.

Markaz tahlilchilariga ko‘ra, bunga jahon bozorida neft va gaz bahosining bir tushib, bir chiqib turgani sabab bo‘lgan.

Ana sizga...

Xabarlarga ko‘ra, manatning keskin arzonlab ketishi Ozarbayjondagi savdo tarmoqlarida xorijiy tovarlar savdosining cheklanishiga olib kelgan.

Ayon bo‘lishicha, bunga ham Ozarbayjon Milliy Bankining 21 dekabrdan boshlab manat narxini erkin qo‘yib qo‘yish qarori sabab bo‘lgan.

Bankning qarori ortidan, asosan maishiy texnika bilan savdo qiluvchi ko‘plab do‘konlar va dorixonalar vaqtinchalikka yopilishgan.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, ular o‘z tovarlari qiymatini qayta baholashga tushib ketishgan.

Oziq-ovqat do‘konlarida esa, chet elda ishlangan mahsulotlarning tortilib qolgani kuzatilgan.

Agar, rasmiy ma‘lumotlarga tayanilsa, Ozarbayjon Milliy Bankining so‘nggi qarori ortidan, manat AQSh dollari, yevro va Rossiya rubliga nisbatan qariyb 50 foizga arzonlab ketgan.

Sobiq Sho‘ro davlatlari orasidan milliy pul birligining qadrsizlanishi bobida birinchilardan bo‘lib Rossiya rubli rekord o‘rnatishga borgan.

Ovro‘po Ittifoqi va G‘arbning ustma-ust iqtisodiy sanktsiyalari va jahon bozorida neft narxining keskin tushib ketishi o‘tgan yili Rossiya rublining haqiqiy inqirozini boshlab bergandi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq