Migrant qayerda eng ko‘p pul topadi?

Image copyright Reuters

Agar, Jahon Bankining yangi hisob-kitoblariga tayanilsa, Amerika Qo‘shma Shtatlarida.

Ya‘ni, jahon miqyosida olganda, Amerika chetdan kelgan mehnat muhojirlari o‘z yurtlariga eng ko‘p pul yuborayotgan mamlakat bo‘lib chiqqan.

Jahon Bankining bu yilgi ro‘yxatida yuqori uchlikni Saudiya Arabistoni va Rossiya to‘ldirishgan.

Amerika Qo‘shma Shtatlarida mehnat muhojirlarining ja‘mi yillik sof daromadlari $56 milliard dollarni tashkil etgan.

Saudiya Arabistonidagilari $37 milliard dollar ishlagan bir paytda, Rossiyadagi migrantlarning ulardan to‘rt milliard dollar kamroq pul ishlashgani ma‘lum bo‘lgan.

Bu uchovlonning ortidan, Olmoniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Buyuk Britaniya, Frantsiya, Kanada, Ispaniya va Avstraliya dunyodagi mehnat muhojirlarini o‘ziga eng ko‘p jalb etuvchi davlatlar o‘nligidan joy olishgan.

Umuman olganda esa, dunyoning turli burchaklarida mehnat qilayotgan muhojirlari o‘z yaqinlariga ja‘mi $601 milliard dollar mablag‘ yuborishgan.

Image copyright AFP

Bu - Jahon Bankining 2012 yilgi ma‘lumotlari bilan taqqoslanganda, naq $200 dollarga ko‘p pul deganidir.

Shundan $441 milliardi iqtisodi rivojlanayotgan davlatlar fuqarolarining hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Jahon Bankiga ko‘ra, bu – mazkur davlatlarga berilayotgan xalqaro moliyaviy yordamlardan ikki barobar ko‘proq mablag‘, deganidir.

Iqtisodiy tahlilchilarga ko‘ra, to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyalar miqdori keskin pasayib ketgan bir paytda, chetdagi fuqarolari yuborayotgan buncha pul ular mamlakatlarining iqtisodiga ham nihoyatda oro kirgan.

O‘zbekiston doxil aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari uchun esa, bu pullar, yillarki, ijtimoiy muhofaza kamari vazifasini bajarib kelgan.

Bu yil eng ko‘p pul Hindiston($72 milliard)ga ketgan.

Xitoy esa, Hindistondan keyin chetda mehnat muhojirligida band fuqarolari orqasidan eng ko‘p pul ishlagan ikkinchi davlat bo‘lgan.

Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, butun dunyodagi mehnat muhojirlarining soni bugun ikki yuz million kishidan ortadi.

Ammo..

Aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari misolida bo‘lgani kabi, Rossiyadan O‘zbekistonga ham pul o‘tkazmalari qariyb yarmiga kamaygan.

Rossiya Markaziy Banki kuni-kecha e‘lon qilgan so‘nggi raqamlarga ko‘ra, joriy yilning ilk olti oyida o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining vatanga yuboradigan pullari miqdori 54,7%ga qisqargan va 1 milliard 149 million dollarga tushib qolgan.

Bor-yo‘g‘i o‘tgan yil bu miqdor 5 yarim milliard dollardan ortiq mablag‘ni tashkil qilgan.

Undan avval esa, hatto , bu pullar 7 milliard dollardan iborat ekani haqida ham xabar qilingan.

Mazkur holat Rossiya rubli qadrining tushib ketishi va maoshlar kamayishi bilan izohlanayapti.

Ammo, xuddi shu manzarada, joriy yilning birinchi choragida O‘zbekistondan Rossiyaga yuborilayotgan pul-mablag‘lar miqdori 10 foizga o‘sib, 150 million AQSh dollarini tashkil etgan.

Bu haqda "TMT Konsalting" agentligi va Contact to‘lov tizimi shu yil iyul oyida e‘lon qilgan ma‘lumotlar dalolat qilgandi.

Mavjud holat ham jahonning yetakchi valyutalariga nisbatan Rossiya rubli qurbining tushib ketishi bilan izohlangandi.

Mehnat muhojiri Rossiyada ishlab topayotgan pulning AQSh dollaridagi nisbati o‘tgan yilga nisbatan qariyb ikki barobarga kamaygani holda, rublning tushishi manzarasida o‘zbekistonliklar Rossiyadan arzonroq narxdagi mol va ko‘chmas mulkni ko‘proq sotib olayotganliklari kuzatilgan.

Umumiyat-la, o‘zbek mehnat muhojirlari 2015 yilning birinchi uch oyligida Rossiyadan pul o‘tkazmalari hajmi bo‘yicha birinchilikni saqlab qolishgan.

Pul o‘tkazmalari hajmining kamayib ketishi barcha MDH davlatlarida kuzatilmoqda.

Image copyright Reuters

Tahlilchilarga ko‘ra, pul o‘tkazmalarining kamayib ketishiga rublning qadrsizlanishi bilan birga Rossiyadagi muhojirlik tartibining kuchaytirilishi ham sabab bo‘lgan.

Ayni paytda Rossiyadagi iqtisodiy inqiroz xorijiy ishchi kuchi oqimining keskin kamayib ketishiga olib kelmagan.

Federal Muhojirlik Xizmati bergan raqamlarga ko‘ra, 2015 yilning ilk choragi oxirida Rossiya hududidagi xorijiy ishchilar soni 10.9 million kishini tashkil etgan.

Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1.7 foiz ko‘p demakdir.

Rasmiy raqamlarga ko‘ra, hozirda Rossiyada 2.1 million O‘zbekiston fuqarolari bor.

Ammo norasmiy ma‘lumotlarda ularning soni rasman aytilayotganidan ancha ko‘p ekani taxmin etiladi.

Rossiya va Qozog‘istonga ish izlab ketayotganlarni O‘zbekistonda rasman "mavjud noz-ne‘matlarga shukur qilmay, mo‘may pul topish ilinjida chetga ketayotganlar" deb tasvirlashadi.

Qator muhojirlar uyinini tiklab olish, to‘y qilish va yo oilasi uchun doimiy daromad keltiradigan avtomashina sotib olish niyatida Rossiyada ishlashayotganini tan oladilar.

Ammo Rossiya ko‘chalarida og‘ir ishlarni qilayotgan aksar muhojirlarga ko‘ra, ular bor-yo‘g‘i bolalariga non topib berish ilinjida vatanni tashlab kelishgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio