Rossiya zarbalari "200 oddiy suriyalikni o‘ldirgan"

Image copyright Reuters
Image caption Idlibdagi turar joyga 20 dekabrda uyushtirilgan hujumda Rossiya uchoqlari ayblandi

Rossiyaning Suriyada 30 sentyabr va 29 noyabr orasida amalga oshirgan havo zarbalari kamida 200 oddiy odamni o‘ldirgan, deyiladi Xalqaro Amnesti tashkilotining hisobotida.

Inson huquqlarini himoya qiluvchi mazkur tashkilot guvohlar hikoyalariga tayanib Rossiyani oddiy aholi yashaydigan joylarga sochma bombalarni tashlashda ayblagan va bu kabi hujumlar urush jinoyatlariga teng bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Moskva faqat "terrorchi" guruhlar mavqelarini nishonga olayotganini aytadi.

Amnesti o‘z hisobotida AQSh boshchilik qiluvchi koalitsiyaning Suriyadagi havo zarbalari borasidagi xavotirlarni ham tekshirayotganini aytdi.

AQSh 2014 yil sentyabrida boshlagan IShIDga qarshi bombalash amaliyotlarida oddiy insonlar halok bo‘lganini kamdan-kam hollarda tan olgan, ammo ba‘zi kuzatuvchilar guruhlariga ko‘ra, bu talafotlar soni yuzlab bo‘lishi mumkin.

Rossiya o‘z havo zarbalarini bu yil sentyabrida boshlagan va o‘z aralashuvi Suriya Prezidenti Bashar al-Assadning iltimosga binoan amalga oshirilayotganini aytgan.

Rossiya uchoqlari nafaqat IShID, balki G‘arb tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi guruhlarni ham "terrorchi" deya nishonga olmoqda.

"Harbiy bo‘lmagan nishonlar"

O‘z hisobotida Amnesti 30 sentyabr va 29 noyabr orasida Homs, Hama, Idlib, Latakiya va Halabda yuz bergan 25ta havo zarbasini "yiroqdan tadqiqot qilgan"ini aytdi.

U telefon va interent orqali hujumlar guvohlari bilan suhbatlar qilgani, audio va video isbotlarga ega ekani, hamda "qurol mutaxassislaridan maslahat" olganini bildirdi.

Tashkilotning aytishicha, "Rossiya armiyasi aholi zich joylashgan hududlarda bomba tashlagani va odat tanlamasdan sochma o‘qlarni qo‘llagan"iga isbot bor.

Amnesti oltita hujumni tekshirgan va ularning har biri o‘nlab oddiy odamlarni o‘ldirgani, hamda yaqin orada harbiy nishonlar bo‘lmaganini aytgan.

Masalan, 29 noyabrda, tashkilotning aytishicha, Rossiya uchog‘i Idlib viloyatidagi Ariha shahrining odamlarga gavjum bozoriga uchta raketa tashlagan.

Mahalliy faol bu hujumda kamida 49 oddiy odam o‘lgani yoki bedarak yo‘qolgani ishonilishini xabar qilgan.

"Bu oddiy yakshanba edi. Odamlar bozor qilishayotgandi, bolalar ovqatlanishayotgandi. Avvaliga yirik portlash yuz berdi, osmonga chang ko‘tarildi, keyin hamma shokka tushdi. Bir necha soniya o‘tgach, odamlar baqirishni boshladilar, havoni tutun qopladi", - deb aytgan faol Muhammad Qurabi al-G‘azal.

Unga ko‘ra, bu hududni qurolli Jaysh al-Fotih nazorat qilgan, ammo uning jangchilari Arihaning ichida bo‘lmaganlar.

Rossiya prezidenti voizi Dmitriy Peskov mudofaa vazirligi Amnesti hisobotining haqqoniyligini tekshirayotganini bildirdi.

Dushanba kuni Rossiya Suriyada sochma bombalarni qo‘llayotgani borasidagi da‘volar haqida so‘ralganda, u "Rossiya xalqaro qonunlar tamoyillari va normalariga muvofiq tarzda o‘z amaliyotlarini bajarayapti", deb aytdi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio