Sangin nazorati qo‘ldan ketmoqdami?

Image copyright AFP

Xabarlarga ko‘ra, Afg‘oniston hukumati bir necha kundan beri qaqshatqich janglar davom etayotgan Helmand viloyati Sangin shaharchasi markazidagi nazoratini qo‘ldan bergan.

Guvohlarning BBCga aytishlaricha, Tolibon mahalliy hukumati binosi va politsiya idorasini ishg‘ol qilgan.

Toliblar butunboshli tumanni egallagani va bayroqlari Sangin uzra hilpirayotganini da‘vo qilishgan.

Ammo, Afg‘oniston Mudofaa vazirligi janglar davom etayotgani va qo‘shimcha kuchlar jo‘natilganini aytadi.

Tumandan kelayotgan xabarlarda ma‘lum sondagi hukumat kuchlari hamon kurashayotgani, ammo markazga tomon yo‘llar to‘silgani aytiladi.

Tuman hokimi Hoji Sulaymon Shohning BBCga aytishicha, u va yana xavfsizlik kuchlarining yaralangan 15 askari bilan Lashkargohga harbiy havo kuchlari tomonidan ko‘chirilgan.

Ayni paytda Sangindan yetti chaqirim uzoqlikdagi Afg‘on politsiyasi zobiti Ashiqullahga ko‘ra, butun shahar Toliblar nazorati ostiga o‘tgan.

Uning aytishicha, bir necha yuz xavfsizlik kuchlari askarlari o‘z barraklarida qurshab olingan.

Helmand strategik nuqtai nazardan Toliblar uchun juda muhim bir mintaqa sanaladi.

Toliblar daromadlarining kattagina qismi bu viloyatda etishtiriladigan ko‘knori hosiliga bog‘liq.

Pokistonga yaqinligi bilan ham ushbu viloyat alohida harbiy ahamiyatga molikdir.

Afg‘oniston Mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Masum Stanikzayga ko‘ra, vaziyat "boshqarsa bo‘ladigan" holatda, mintaqaga yangi kuchlar jo‘natilgan.

Ammo BBC muxbiri Vohid Masudga ko‘ra, mintaqadagi eng yuqori lavozimli mulozimni chiqarib olish Toliblarning qo‘li baland kelayotganidan darak beradi.

Avvalroq esa Tolibon mulozimi shahar butunlay ularning nazorati ostiga o‘tganini aytgan edi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq