Aksi eng ko‘p buzilgan payg‘ambar

Image caption Iso Masih o‘z davridagi o‘rtahol yahudiy kabi miqti va qoramag‘iz bo‘lgan

Iso payg‘ambar - G‘arb tasviriy san‘atida eng ko‘p rasmi chizilgan shaxs.

Bu akslarda u uzun bo‘yli, oq tanli, moviy ko‘z, sariq sochli, xullas, g‘irt shimoli-sharqiy ovro‘polik erkak sifatida tasvirlanadi.

Ammo Iso Alayhissalom haqiqatan ham ovro‘pochehra bo‘lganmi? Qator tarixchi va olimlar hozir bunga "yo‘q" deb javob berishadi.

Iso aksining buzib-bejalganini tadqiq qilar ekansiz, ayni jarayonda Nasroniy dinidagi ko‘plab tarixiy haqiqatlar ham o‘zgarib ketganiga shohid bo‘lasiz.

Majusiylik ta‘siri

Ilk bora Nasroniylikni qabul qilgan va keyin uning dunyoga yoyilishida muhim o‘rin tutgan rimliklar Isoni o‘z irqdoshlari sifatida tasvirlashgan.

Hatto bugun G‘arbiy Ovro‘po nishonlaydigan Iso mavludi (Rojdestvo) ham aslida Rim xudolaridan birining tavallud kunidir.

Tarixchilar Iso aksining ovro‘polashtirilishini IV asr Vizantiya saltanati davriga bog‘lashadi.

U davrda vizantiyaliklar payg‘ambar chehrasining tarixiy xususiyatlariga ahamiyat berishmagan.

Balki Vizantiya xalqlari og‘zaki ijodi va tasavvuridagi ilohiy odam qiyofasini tasviriy san‘atga ham ko‘chirishgan.

Image copyright Thinkstock
Image caption Ovro‘poliklar Iso Alayhissalomni o‘zlari kabi oq tanli, sariq soch, bo‘ydor va moviy ko‘zli qilib tasvirlashgan

Biroq qit‘adagi mumtoz tasviriy san‘at qadim ildizlaridan butunlay uzilib ketolmagan va majusiylik davridagi xudolarning oq tanli suratlaridan ham ilhomlangan.

Hatto Iso rasmlarida uning boshi uzra muallaq turadigan ilohiy halqa ham aslida Apollon xudosi aksidan olingan va keyinchalik to‘liq Nasroniy san‘atiga ko‘chgan.

Uning kursidagi aksiga qarasangiz, sochi, soqoli va kiyimi ham qadim yunonlarning taxtda o‘tirgan Zevs xudosiga qarab chizilganini ilg‘aysiz.

Aslida, Vizantiya musavvirlari Isoni Zevsining yoshligiga o‘xshatib tasvirlay boshlashgan.

Keyinchalik, Ovro‘po davlatlari dunyoning aksar hududlarini bosib olib, Nasroniylikni targ‘ib qilisharkan, Iso oq tanli odamlarning payg‘ambari sifatida o‘rtaga chiqqan.

Shu asno Iso Masihning oq tanli chehrasi jahon bo‘ylab insonlar tasavvuri va shuuriga chuqur singgan.

Kaltasoqol yahudiy

Ammo Iso yashagan davrlarda odamlar uzun soqol o‘stirishmagan.

Hatto u davrning faylasuflari ham kalta soqol qo‘yganlar.

Eng asosiysi, Iso Alayhissalom yahudiy bo‘lgan.

Yahudiylar esa ta‘qibga uchramaslik uchun hukmdor rimliklar kabi kalta soqol qo‘yishni odat qilganlar.

Hatto eramizning ilk 70-yillari rimliklar zarb etgan tangalarda akslangan yahudiylar ham kalta soqolli bo‘lishgan.

To‘g‘ri, Nasroniylik yo‘lini tanlagan yahudiylar bir muddat soch-soqollarini olishmagan yo sharob ichishmagan.

Ammo maxsus marosimda soch-soqollarini olib tashlashgan.

Ya‘ni Nasroniylar muntazam uzun soch-soqol o‘stirib yurmaganlar.

Tavqi la‘nat

Rimlik tarixchilar o‘zlarni Muqaddas Zamindan chiqarib yuborishni istagan yahudiylarni o‘ta salbiy qiyofada tasvirlashgan.

Xususan, ularning uzun va ranggi uniqqan ridolarini ayollarning ko‘ylagiga qiyoslab, "bu odamlar qotil hamjinsbozlardir", deb ayblashgan.

Image copyright Alamy
Image caption Boshqa yahudiy payg‘ambar - Muso Alayhissalom aksiga qarab ham Iso Masih haqida muayyan tasavvurlarga borish mumkin

Iso Masih ham oq rido kiymagan. Lekin aksar suratlarda Iso payg‘ambar oq kiyimda tasvirlanadi.

Chunki uning tarafdorlari payg‘ambarning Rim tarixchilari qoralab yozgan "ayol kiyimini kiyadigan hamjinsboz qotillar" sirasiga kirib qolishini istashmagan.

Ammo undan oldingi yahudiy payg‘ambar - Muso Alayhissalom tasvirlangan qadimiy suratlarga qarab, Iso Masihning ham ko‘rinishi va kiyinishi haqida muayyan tasavvurlarga borish mumkin.

Yaqin Sharqdagi eng qadimiy sinagogalardan birida Qizil dengiz ikkiga ajralib, bani Isroil uchun yo‘l ochishi tasvirlangan devoriy surat bor.

Unda yahudiy Muso payg‘ambar kalta soch-soqolli, qoramag‘iz va hatto tirsagini sal yopadigan kalta yengli kiyim kiygan holda tasvirlangan.

G‘arbchehra payg‘ambar

Iso Masih davridagi yahudiy qavmi hali ovro‘poliklar bilan aralashmagandi. Shu bois ularning ranggi, tani va chehrasi ham Yaqin Sharq odamlariga xos edi.

Ya‘ni o‘rta bo‘y, qoramag‘iz, jingalakka moyil qorasoch va qo‘yko‘z bo‘lishgan.

Uzoq yillik ilmiy izlanishlar natijasida Iso davridagi o‘rtahol yahudiyning yuz qiyofasi tiklangan.

Tadqiqot boshida turgan antropolog olim Richard Niv bu o‘rinda nafaqat havoriylarning bitiklari va tarixiy asarlarga, balki o‘sha davrdan qolgan bosh chanoqlariga ham tayangan.

"Bu aynan Iso payg‘ambarning surati emas, ammo o‘sha davrdagi o‘rtacha bir yahudiy erkakka xos chehra" - degan olim.

Image copyright epa
Image caption Nasroniy afrikaliklar Iso Masih qora tanli bo‘lgan, deb ishonishadi

"Isoning asil ko‘rinishi haqida tarixiy tasvirlar bo‘lmagani bois, qayta tiklangan mazkur qiyofani payg‘ambarga eng yaqini, deyish mumkin".

Ovro‘po rassomlarining dunyo bo‘ylab yoyilgan asarlariga qaramasdan, Iso Alayhissalom moviy ko‘zli bo‘lmagani aniq.

Qora tanli payg‘ambar

Ammo Nasroniylik Ovro‘poning asosiy diniga aylanarkan, bu qit‘a xalqlariga xos ko‘rinish Iso Masih tasvirlariga ham ko‘chgan.

Qolaversa, qaysi xalq o‘z payg‘ambarini ajnabiy qiyofada tasvirlardi?

Afrika va Amerikani ishg‘ol qilgan ovro‘poliklar o‘z dinlari Nasroniylikni ham turli yo‘llar bilan tarqatishdi.

Ammo bugungi Afrikada "Iso Masih qora tanli bo‘lgan", degan tushunchalar kuchaymoqda.

Ular ilk nasroniylik yoyilgan mintaqa, xususan, Efiopiya, ya‘ni Habashistonni misol qilib keltirishadi.

Janubiy Amerikada esa Bibi Maryam tasvirlari mahalliy hindularning ayol xudolariga o‘xshatib tasvirlanadi.

Ular tasviridagi Bibi Maryam - tiqmachoqdan kelgan bug‘doy rang ayol.

Eronchehra Ali

Islom dinida va san‘atida odam chehrasi tasvirlanmaydi.

Ayniqsa, payg‘ambarlar va ularning oila a‘zolari akslarini chizish hamon qat‘iy taqiqlanadi.

Image copyright bbcuzbek.com
Image caption Shialar Ali va Husaynni eronchehra qilib tasvirlashadi

Lekin shia musulmonlari Muhammad payg‘ambar (S.A.V) kuyovi Ali va uning o‘g‘li Husayn akslarini chizishadi.

Eron eng katta shia davlati bo‘lgani uchun, bu yerda chop etiladigan suratlarda Ali va Husayn eronchehra - oq yuzli, qora soqolli qilib tasvirlanadi.

Ushbu suratlar bugun shialar yashovchi boshqa davlatlarga ham yetib bormoqda.

Har muharram oyi Imom Husayn qatl etilgan Oshuro kunida motam tutadigan shialar Husayn hamda Ali suratlari chizilgan bayroq va taqvimlarni ko‘chalarga iladilar.

Hazrat Alining Shia Eronda chizilgan ayni rasmlari esa Islomdan avvalgi qadim fors afsonalarida tasvirlangan Iskandar Zulqarnayn yo Shoh Doro akslarini eslatadi.

Ya‘ni Turkiya, arab davlatlari, Janubiy va Markaziy Osiyo hamda Kavkazda ham shialar yashashsa-da, biroq shia peshvolari akslari eng yirik shia davlati bo‘lmish Erondagi tasavvurlarga mos ko‘rinishda tasvirlanmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq