Merkel: Jinsiy zo‘ravonlik qilganlar mamlakatdan chiqariladi

Image copyright Reuters
Image caption "Jinoyatchilarni mamlakatdan chiqarib yuborish masalasi ko‘riladi"

Olmoniya kantsleri Angela Merkelga ko‘ra, Kyoln shahrida jinsiy zo‘ravonlikda aybdor deb topilgan xorijliklar vatanlariga qaytarish masalasini ko‘rib chiqish kerak.

Olmon qonunlariga bo‘ysunmaydiganlarga "aniq ishoralar" berilishi kerak.

Jinsiy zo‘ravonlik hujumlar ortida shimoliy afrikaliklar va arablar bor deb ishonilmoqda.

Yangi yil oqshomida shunga o‘xshash hujumlar Finlandiya va Shveytsariyada ham ro‘y bergani aytilmoqda.

"Yangi yil oqshomida ro‘y bergan voqealar qabul qilib bo‘lmasdir", deb aytgan Merkel o‘z bayonotida.

"Bu vahshatnok jinoiy amallarni Olmoniya qabul qilmaydi".

Hujumchilarni shimoliy afrikalik va arab deb ta‘riflanishi Olmoniyani larzaga soldi.

O‘tgan yil mamlakat bir milliondan ortiq qochqinlarni qabul qilgan edi.

Olmoniya Adliya vaziri Heyko Maas ham bu hujumlarga aloqador xorijliklarni mamlakatdan chiqarib yuborish ehtimoli mavjud ekanini urg‘ulagan.

Funke gazetasi bilan suhbatda vazir Olmoniya qonunlari boshpana so‘rayotgan shaxs bir yil yoki undan ortiqroq muddat bilan qamoq jazosiga loyiq topilsa, uni mamlakatdan chiqarib yuborishga ruxsat beradi.

Image copyright EPA
Image caption Hujumchilarning aksariyati muhojirlar ekani aytilmoqda

Olmoniya matbuotiga sizdirilgan politsiyaning ichki hisobotiga ko‘ra, Kyolnda ro‘y bergan hujumlarning barchasini tergov qilish va tekshirish "o‘ta mushkul"dir.

Politsiya hisobotida yozilishicha, shaharning asosiy temiryo‘l stantsiyasi atrofida mast va tajovuzkor erkaklar ikki tarafga tizilib olishgan va ayollar ularning orasida o‘tishga majbur qilingan.

Politsiya yetib kelganida ular "odamlar sarosima, yig‘lagan va bolalar dahshatga tushgani" manzaraga guvoh bo‘lishgan.

"Xiyobonda esa asosan muhojir erkaklar mushakbozlik qilishar, onda-sonda to‘planganlar tomonga bo‘sh shishalarni uloqtirishardi".

Hozirga qadar bu kabi jinoyatlardan arzlar soni 121ga yetgan, ularning to‘rtdan uch qismi jinsiy zo‘ravonlik harakati ekani aytiladi.

Jinsiy zo‘rlash bo‘yicha ikkita ish ochilgan.

Kyoln politsiyasi rahbari Yangi yil oqshomidagi hujumlarni "jinoyatchilikning yangi ko‘rinishi" qabilida ta‘riflaganyu

Arab tilidagi ijtimoiy tarmoqlar ushbu voqealarga nisbatan g‘azabnok munosabatlar bilan to‘lgan.

Facebook foydalanuvchisi Isra Ragab "men har gal bu hujumlarda shimoliy afrikalik va arablar shubha qilinmoqda deb eshitsam, uyalaman, nafratlanaman", deb yozadi.

Deutsche Welle ning arab jurnalisti Nahla Elhenaviy esa "mintaqamizning xunuk basharasi Olmoniyaga ham keldi", deb fikr bildirgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio