Olmoniyada Gitlerning Mein Kampf asari sotuvga chiqdi

Image caption Gitlerning Mein Kampf kitobi

Bu kitob yangi emas, ammo aynan shu kitob bahsu munozaralar markazida...

Ayni kitob haqida "yaxshi yozilgan" ham deyish qiyin.

Ammo... muallif Adolf Gitler va Mein Kampf Olmoniyada 70 yildan beri endi nashr qilinmoqda.

Gitlerning yahudiylarga qarshi qarashlari keyinroq ularni qatliom qilinishiga asos bo‘lgan deyish mumkin.

Xuddi ana shu nuqtai nazardan ham tarixchilar bu asarni nashr qilish kerak deyishdi.

Gitler kitobning aksar qismini 1920 yillarda qamoqxonada yozgan.

Natsistlar oradan o‘n yil ham o‘tmay qudratga kelishdi.

Tarixchilarga ko‘ra, ularning yovuz g‘oyasini anglash uchun ana shu qamoqxona davriga nazar tashlash kerak.

Olmoniyada nashr qilingan bu kitob tanqidiy nusxadir, ya‘ni, kitobga minglab akademik izohlar kiritilgan.

Olmoniyada natsistlar payti chiqarilgan nusxada esa bu kabi izohlar bo‘lmagan.

Hozirga qadar, Gitlerning bu asari Bavariya hukumatining mualliflikni himoya qilish huquqi bilan bir ma‘noda qo‘riqlanar edi.

Ammo 70 yil o‘tdi, mualliflik huquqi muddati tugadi.

Taqiqdan naf yo‘qmi?

Image copyright Other
Image caption Mein Kampf

Olmoniya asar chop etilishiga taqiq qo‘yishi mumkin edi.

Mamlakatda svastika va natsistlarning boshqa ramzlari taqiqlab qo‘yilgan.

Olmonlar bu kabi taqiqlarni so‘z erkinligini cheklash emas, balki fashist guruhlarga ana shunday erkinlikdan foydalanib, boshqalarni tahqirlamaslik kafolati deb tushunishadi.

Mein Kampf taqiqlab qo‘yish shuningdek, uning "qudratini" oshirishi mumkin.

Neo-natsistlar esa zamonaviy Olmoniya o‘zgacha qarashlarga toqat qilolmaydi deb jar solishlari ham tayin.

Asarni o‘qish bilan uning "sirliligi" yo‘qoladi.

Poyintar soyintar qilib bitilgan bu asar aslida anchayin abgor va‘zxonlikdan ortiq qimmatga ega emas.

Olmoniya mulozimlari shunda ham kitobni o‘z holicha emas, balki tanqidiy izohlar bilan to‘ldirilgan holda nashr qilishga ruxsat berishdi.

Aksariyat olmonlar Gitlerning basharasi kitob do‘konlari rastalarida paydo bo‘lishi va yahudiylarga qarshi bu asar savdosidan foyda olinishidan norozi qolishmoqda.

Xuddi shu sababdan ayrim kitob do‘konlari Gitlerning asarini sotishdan bosh tortishdi.

Berlindagi eng yirik kitob do‘koni Dussmann xodimlariga ko‘ra, ularda faqatgina bir nusxa bor.

Ayni nusxa ham Tarix bo‘limida ekanini aytishdi.

Ammo ayni kitob hech qanaqasiga reklama qilinayotgani yo‘q.

Kimdir kitobni buyurtma bersa, shundagina uni olib kelishadi.

Boshqa tomondan, mabodo biror bir kitob do‘koni Gitler asarining savdosidan qisqa muddat ichida foyda ko‘radigan bo‘lsa...bu ham bir g‘avg‘o.

G‘avg‘osi shuki, ommaviy-axborot vositalari bu kitob do‘konini Gitlerning asarini sotib boyidi qabilida tanqid ostiga olishadi...

Natijada esa bunaqa kitob do‘koniga boradigan olmonlar soni ozayadi.

Qarashlar o‘zgarmoqda

Image copyright Hulton Archive
Image caption Dunyo nafrati sohibi

Ammo o‘tgan yillar davomida Gitlerga munosabat ham o‘zgardi.

Yodimda, bundan o‘n yil avval Olmoniyaning eng mashhur aktyorlaridan biri Bruno Gans "Qulash" filmida Gitlerning rolini ijro etgandi.

O‘z bunkerida so‘nggi soatlarini yashayotgan Gitlerning bu aktyor siymosida gavdalanishi olmoniyaliklar orasida zolimga nisbatan mehr uyg‘otishi mumkin degan da‘volar yangragandi.

"So‘nggi kuz" nomli komediya ham Gitler haqida edi.

Bu film haqida ham shunday xavotirlar o‘rtaga tashlandi.

Mein Kampf nashr etilishi esa asosan matbuotning o‘z-o‘zi bilan bahsiga o‘xshab qoldi.

Ehtimol, Gitler haqida o‘tgan o‘n yil davomida komediyalar paydo bo‘lishi bilan zolimning "jiddiyligi" yo‘qolgandir...

Aksariyat yosh olmonlarning bobolari ham Gitler o‘lganidan keyin dunyoga kelgan avlod vakillaridir... aynan shu nuqtai nazardan, avvalgi avlodlar kabi o‘z bobolaridan uyalish hissi ham tarixga singib bormoqda.

Mein Kampf ( Mening kurashim):

*Mein Kampf ilk bor 1925 yilda nashr etilgan, oradan sakkiz yil o‘tib Gitler qudratga keladi

*Kitobda Gitlerning Olmoniya uchun siyosiy qarashlari aks etadi. Olmoniya qo‘shni hududlarni mustamlaka qilishi haqida so‘z boradi.

*Natsistlar Olmoniyasi 1945 yilda mag‘lub bo‘lar ekan, ayni kitob mualliflik huquqi Bavariya shtatiga beriladi.

*Mahalliy mulozimlar Mein Kampf qayta nashr etilsa, yana o‘zaro nafrat siyosatini qo‘zg‘aydi deb unga taqiq qo‘yishadi.

*Olmoniya qonunlariga ko‘ra, mualliflik huquqi muddati 70 yilda tugaydi.

Image copyright Getty

Ammo natsistlar vahshiyliklari uchun Olmon jamiyatida gunohkorlik tuyg‘usi hamon saqlanib qolgan.

1945 yildan keyin Olmoniyaning konstitutsiyasi Gitlerning shafqatsiz siyosatiga qarshi g‘oyalarga qurilgandi.

Qonstitutsiyaning16a moddasiga ko‘ra, siyosiy qarashlari uchun zulm ko‘rgan har qanday shaxs Olmoniyadan boshpana so‘rash huquqiga egadir.

Qochqinlarga Olmoniya eshiklari yopilishi, Angela Merkelning aytishicha, mamlakat konstitutsiyasini o‘zgartirishga teng bir amaldir.

Ammo natsistlar soyasi hamon to‘la arigani yo‘q.

Bu Kyolnda yuzdan ortiq xotin-qizlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik hujum harakatlaridan keyin ko‘zga tashlandi.

Hujumchilar shimoliy afrikalik va arablar ekani aytildi.

Natsistlar uchun bu ayni muddao edi.

Natsistlarning eski iddaosi uyg‘ondi: pokiza Olmon ayoliga "xorijlik"hujum qildi"...

1930 yillarda natsistlar uchun bu "xorijliklar" yahudiylar edi, bugun ular musulmonlardir...

Gitlerning kitobi Olmoniyaga qaytgani rost, ammo aksariyat uning g‘oyalari qaytmasligi kerak degan fikrda sobit.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio