"Turkiya O‘zbekiston bilan yana viza rejimini tiklaydi"

Image copyright Reuters

Bu haqda Turkiya ommaviy-axborot vositalari xabar berishmoqda.

Jumladan, www.haberizmir.com internet nashrining xabariga ko‘ra, viza tartibi shu yil iyun oyidan kuchga kiradi.

Ammo, ayni o‘rinda ta‘kidlash joiz, O‘zbekiston Turkiya viza rejimini joriy etmoqchi bo‘layotgan 89 davlatdan bittasi bo‘ladi.

Ya‘ni joriy yilning o‘rtasidan boshlab, Turkiya bilan qolgan barcha Markaziy Osiyo davlatlari, Rossiya, Gurjiston, Ozarbayjon, Eron,..o‘rtasida ham viza tartibi amal qiladi.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, Rossiya allaqachon Turkiya bilan vizasiz tartibni bekor qilib bo‘lgan.

Rossiya hukumatining bu xususdagi qarori joriy yilning 1 yanvaridan boshlab kuchga kirgan.

Bunga esa, Turkiyaning o‘tgan yil noyabr oyida Suriya bilan o‘zaro chegarasida Rossiya qiruvchi uchog‘ini urib tushirib, bir uchuvchisini halok etgani sabab bo‘lgandi.

Ammo Turkiya tomoni shu paytga qadar o‘zlarining bunday yo‘l tutish niyatida emasliklarini bayon etib kelayotgandi.

O‘z o‘rnida ta‘kidlash joiz, Turkiyadan olingan so‘nggi yangilik rasmiy Kreml va Anqara o‘rtasidagi munosabatlarga jiddiy ziyon yetgan bir manzarada ham kuzatilmoqda.

Agar, turk ommaviy-axborot vositalaridagi chiqishlarga tayanilsa, Turkiya Ovro‘po Ittifoqining talabi ostida bu kabi qadamga borgan.

Image copyright AFP

Ya‘ni, joriy yilning kuziga borib, Turkiya Ovro‘po Ittifoqi davlatlari bilan ikki o‘rtada vizasiz rejimni qaror toptirishga erishmoqchi.

Ammo buning uchun Turkiya Ovro‘po Ittifoqining talabiga yon bosishi, ittifoq bilan bu kabi bitimga ega bo‘lmagan davlatlarga nisbatan viza rejimi joriy etishi lozim bo‘ladi.

Turkiya rahbariyati bunga anchayin ijobiy munosabat bildirgan, Ovro‘po Ittifoqi bilan munosabatlarida yangi davr boshlanishiga umid qilayotganliklarini oshkora bayon qilgandi.

O‘tgan yil oktyabr oyi o‘rtalarida Ovro‘po Ittifoqi qochqinlar bilan bog‘liq global bo‘hronni biroz yengillashtirish uchun Turkiya bilan bu jarayonni tezlashtirish borasida kelishib olgani xabar berilgandi.

O‘shanda Ovro‘po Hay‘ati raisi Jan-Klod Yunker 2016 yilning kuz oylariga borib, Turkiya bilan vizasiz tartibga o‘tishlari mumkinligi haqida so‘z yuritgandi.

Turkiya hukumati esa, bundan avval katta sondagi sayyohlarni o‘z mamlakatlariga jalb etish uchun dunyoning aksariyat davlatlari bilan viza tizimini bekor qilgandi.

Ularning bu qarori allaqachon Turkiya ichkarisi va tashqarisida ham aks-sado berib ulgurgan.

Bundan, ayniqsa, Turkiyadagi sayyohlik tarmog‘i vakillari nihoyatda tashvishda.

Ularning aytishlaricha, bu qaror ortidan Ovro‘po Ittifoqi davlatlariga boruvchi fuqarolarining soni ortsa-da, o‘z mamlakatlariga kelayotgan xorijiy sayyohlarning soni keskin kamayib ketadi.

Turkiya ommaviy-axborot vositalaridagi bu kabi xabarlarga mintaqa davlatlaridan olinayotgan munosabatlar esa, turlicha.

Agar, xabarlarga tayanilsa, Turkiyaning o‘zlari bilan viza tizimi 2007 yilda bekor qilingan Dushanbedagi elchixonasi, hozircha, bu xabarlarni sharhlay olmasligini bildirgan.

Qirg‘izistondagi turk elchiligi esa, joriy paytda qo‘llarida bunga oid biror bir rasmiy bayonot ham, qaror ham yo‘qligini bildirgan.

Turkiyaning Ozarbayjondagi elchixonasi vakillari, Toshkentdagi konsuli ham xuddi shunga o‘xshash munosabat bildirishgan.

Ammo bu borada hukumat darajasidagi rasmiy bayonotlar, halicha, na-da Turkiya va na-da viza rejimi joriy etilishi kutilayotgan davlatlardan yangragan.

So‘nggi bor Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi viza tizimi 2006 yilda bekor qilingan.

Bu ikki davlat o‘rtasida amalda bo‘lgan vizasiz rejim shartlariga muvofiq, o‘zbekistonliklar vizasiz borishdan tashqari, Turkiya hududida bir oygacha qolishlari ham mumkin bo‘ladi.

Turkiya, yillarki, aksariyat mintaqa aholisi uchun tijorat va sayyohlik markazi bo‘lib kelgan.

Ulardan ko‘pchiligining tirikchiligi Turkiyadan keltirilayotgan turli xil tovarlar savdosi orqasidan o‘tadi.

Ustiga ustak, Turkiya ular uchun til va madaniyati o‘zlariga juda yaqin bo‘lgan dunyodagi sanoqli davlatlardan biri sanaladi.

Xuddi shu manzarada Turkiya ommaviy-axborot vositalaridagi bu kabi xabarlar esa, allaqachon mintaqa aholisining xavotirlariga sabab bo‘lmay qolmagan.

Ularning aytishlaricha, agar, viza tartibi qayta kuchga kirgudek bo‘lsa, bu – eng avvalo mintaqa tijoratiga zarba beradi, keyin sayyohlik sohasi ham yaxshigina ziyon ko‘radi.

Turkiya bilan vizasiz tizimning amal qilishi esa, ularni turk elchiligidan viza olish uchun hujjat to‘ldirish va kutish kabi ortiqcha sargardonlikdan qutqargan.

Agar, Turkiya bilan viza rejimi qayta kuchga kirgudek bo‘lsa, bu jarayonning qanday shaklda kechishi, hozircha, ma‘lum emas.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq