Rubl ham quladi, ortidan so‘m ham...

Image copyright RIA Novosti

11 yanvar kuni Rossiya Banki 1 AQSh dollari qiymatini 75,95 rubl etib belgiladi. Dollarning O‘zbekistondagi real kursi deb ataladigan "qora bozor"da yana 6000 so‘mdan oshib ketdi.

75 rubl 95 kopeyek Rossiyada pul denominatsiya qilingan 1998 yildan shu kungacha kuzatilgan Rossiya valyutasining eng qadrsizlangan nuqtasi bo‘lgan.

Yevro ham uch rublga qimmatlab, 82,8 rublni tashkil etgan.

Rossiya rubli jahon bozorida neft bahosi tushishi manzarasida yanada qadrsizlangan.

11 yanvar kuni Brent nefti 2,2 foiz arzonlagan.

Brentning 1 barreli 32,8 dollarga sotilmoqda.

WTI neftining 1 barreli bahosi 32,5 dollarga baholanmoqda.

Morgan Stanley banki hisobot chiqargan, ushbu hisobot bashoratiga ko‘ra, neft narxi 20 dollargacha tushishi mumkin.

Jahon bozorida neft bahosi tushishidan Rossiya, Qozog‘iston va Ozarbayjon singari iqtisodi neft savdosiga bog‘liq mamlakatlar jiddiy zarar ko‘rgan.

2014 yilning boshidan neft eksportchisi hisoblangan mamlakatlar milliy valyutalari jiddiy qadrsizlanishi kuzatilgan.

Rossiya rubli 53 foizdan ortiq qadrsizlandi.

2015 yil yoziga kelib Qozog‘iston tengesining bir yarim yil mobaynidagi qadrsizlanishi qariyb 54 foizni tashkil etgan.

Avgust oxirida Qozog‘iston hukumati valyutaning "suzib yuradigan kursi"ni joriy etishga qaror qildi.

2015 yil dekabri oxirida Ozarbayjonda 1 AQSh dollari 1,55 manatga baholangan.

2014 yil boshida 1 dollar 0,78 Ozarbayjon manatiga teng edi.

Ikki yil mobaynida manat qariyb 2 barobar qadrsizlanishi ortidan Ozarbayjon Markaziy banki ham suzuvchi valyuta kursiga o‘tishga majbur bo‘ldi.

O‘zbekiston chetga neft sotmasa-da, iqtisodiyoti hamon tashqariga paxta, gaz va oltin sotishga ixtisoslashganicha qolgan, xorijdan mehnat muhojirlari yuborib turgan pul jo‘natmalariga bog‘liq iqtisodiyot hisoblanadi.

Hukumat rasman tan olmasa-da, ayrim iqtisodiy tahlilchilar O‘zbekistonda mavjud valyutaning "qora bozori"ni O‘zbek so‘mining haqiqiy qadrini belgilab beradigan bozor deb ko‘radilar.

2015 yil oktyabrida O‘zbekistondagi "qora bozor"da 1 AQSh dollarining bahosi 6000 so‘mga chiqib ketdi.

Bu Rossiya rublining qadrsizlanishi, jahon xomashyo bozorida narxlar tushishi va Rossiyadan mehnat muhojirlariga oilalariga yuborib turgan pul jo‘natmalarining kamaygani ta‘siri deb ko‘rildi.

Buning ortidan hukumat dollarning "qora bozor"dagi narxini sun‘iy pasaytirish choralariga qo‘l urdi.

Odamlar orasida "O‘zbekiston keyingi yildan Koreyaningmi-Xitoyningmi puliga o‘tarmish" degan ovozalar tarqaldi.

Bu qanchalar bema‘ni ovoza bo‘lmasin, qo‘lidagi dollarlarini sotib, bor jamg‘armasini so‘m qilib olgan odamlar bo‘ldi.

Bu ovoza dollar narxini tushirishda naqadar samarali vosita bo‘lganini ko‘rsatadi.

11 yanvar kuni "qora bozor"da dollarning qiymati 6000-6050 so‘mga chiqqan.

Dollar Samarqand va Andijonda 6150-6180 so‘mgacha ham ko‘tarilgan.

Aksar kuzatuvchilar fikricha, O‘zbekistondagi mansabdorlar orasida "qora dollar" mavjudligidan, Markaziy Bank kursi bilan "qora bozor"dagi kurs o‘rtasidagi farqdan mo‘may daromad ko‘rib kelayotgan manfaatdor shaxslar bor, shuning uchun "qora bozor"ni yo‘q qilishga 1996 yildan buyon harakat qilinmaydi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq