Tojikiston xavf ostidami?

Image copyright Getty
Image caption Prezident Rahmonning boshqaruv usullari mamlakatni inqirozga yetaklayotgani aytiladi

"Prezident Imomali Rahmonning 23 yillik boshqaruvi davrida Tojikiston zo‘ravonlik, beboshlik, korruptsiya va ommaviy muhojirotga yuz tutdi" - yozadi Xalqaro Inqiroz Guruhi o‘zining so‘nggi hisobotida.

Tojikistonga bag‘ishlangan ayni bayonot bu mamlakat ham tashqi, ham ichki xavf ostida qolayotganini urg‘ulaydi.

"Asosiy daromad muhojirlar yuboradigan pul va giyohvand moddalar savdosidan keladi" - davom etadi Xalqaro Inqiroz Guruhi.

"Diniy va siyosiy muxolifatni nazoratga olish va Tojikiston Islomiy Uyg‘onish partiyasini taqiqlash esa norozliklarga yetaklamoqda".

Zaif bo‘g‘in

Tojikiston - mintaqadagi eng qashshoq davlat. Ayni paytda bu mamlakat va Afg‘oniston o‘rtasida qariyb 1 yarim ming kilometrlik zaif chegara cho‘zilib ketgan.

Shimoliy Afg‘onistonda Tolibon va ularning ittifoqchilari o‘z faoliyatlarini kuchaytirishmoqda.

Ayni holat esa Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonga birdek xavf soladi.

Hisobotga ko‘ra, hozir Tojikiston ichkarisida Prezident Rahmonga qarshi norozilik oshib bormoqda.

Image copyright bbcuzbek.com
Image caption Tojikistonda giyohvand moddalar kontrabandasi kuchaymoqda

Bu esa Dushanbening himoyachisi bo‘lmish Rossiyani ham xavotirga sola boshlagan.

Mazkur masalada AQSh yo Ovro‘po qo‘lida Tojikistonga ta‘sir etadigan vositalar yo‘qligini urg‘ulagan hisobot, ko‘p narsa Rossiyaga bog‘liqligini ta‘kidlaydi.

"Prezident Rahmonning boshqaruv usuli tobora xavfli tarafga qarab og‘ayotgani, davlat inqirozga yuz tutishi mumkinligi hamda Islomiy ekstremistlar tahdidi haqiqatga aylanishi ehtimolini Rossiya va boshqalar nazardan qochirmasligi kerak" - davom etadi Xalqaro Inqiroz Guruhi.

Ayni o‘rinda, o‘tgan yili IShID safiga kirgan yuqori martabali Tojikiston hukumati harbiysi tilga olinadi.

Tojikiston maxsus kuchlari, ya‘ni OMON generali Gulmurod Halimovning Suriyadagi IShID tomonga o‘tib ketishi mamlakat hukumatining yuqori doiralarida ham bo‘linish mavjudligini ko‘rsatadi.

Mamlakatda avj olgan korruptsiya, poraxo‘rlik va tanish-bilishchilik hollari ham diniy, ham dunyoviy tuzum istovchi tojiklarga bitta ishorani bermoqda:

Prezident Rahmon tutgan yo‘lni tanqid qilish imkonsiz bo‘lib qolgan.

Prezident talvasadami?

Xalqaro Inqiroz Guruhining xulosa qilishicha, Prezident Rahmon tutayotgan hozirgi yo‘l talvasa, ya‘ni yashab qolishga tirishishdir.

"Imomali Rahmon o‘z hukumati ham siyosiy, ham axloqiy jihatdan chirib borayotganini tan olib, uni tuzatishga deyarli harakat qilmayapti".

Image copyright BBC World Service
Image caption Tojikiston iqtisodini ushlab turgan Rossiyadagi yuz minglab muhojir vatanga qaytishga majbur bo‘lmoqda

Rossiyadagi iqtisodiy vaziyatning yomonlashishi ortidan Tojikiston iqtisodi falajlanmoqda.

O‘tgan yili 300-400 ming tojik muhojiri vatanga qaytdi.

Bu muhojirlar Rossiyada ishlab, jo‘natidigan pul esa mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 40% edi.

Rossiya, Ovro‘po va AQSh Tojik-Afg‘on chegarasini qo‘riqlashga yordam berishmoqda. Lekin, baribir, bangivor moddalar savdosi oshmoqda.

Bir tarafdan, chegara nazorat qilish qiyin bo‘lgan tog‘li hududlardan o‘tadi.

Ikkinchi tomondan, noqonuniy savdo ta‘mini tatigan Tojikiston xavfsizlik tizimlari ham buzilib bo‘lgan.

Eski choh ehtimoli

Xalqaro Inqiroz Guruhiga ko‘ra, Tojikistonning zaifligi Markaziy Osiyoni nishonga olayotgan islomiy jangarilar uchun juda qo‘l kelishi mumkin.

Image copyright
Image caption Tojikiston OMON kuchlari generali Gulmurod Hakimov IShID safiga o‘tgandi

"O‘zbekiston chegaralari ancha mustahkam, ammo Qirg‘iziston sarhadlari zaif" - yoziladi guruh hisobotida.

"O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston, shaksiz, Tojikistonda tinchlik hamda xavfsizlik barqaror bo‘lishini istashadi".

Shu bois ular o‘rtadagi chegaralarda xavfsizlikni kuchaytirganda, faqatgina o‘zlarini o‘ylab qolmasliklari kerak.

Rossiya, Ovro‘po Ittifoqi va AQSh esa butun Markaziy Osiyo chegaralarini mustahkamlash uchun ko‘shimcha yordam berishlari zarur.

"Mintaqa bilan ish olib borganda esa, Ovro‘po Ittifoqi ham, AQSh ham siyosiy tazyiqlar va inson huquqlarining toptalishi uzoq muddatli beqarorlikka yetaklashini urg‘ulashlari darkor" - deyiladi Xalqaro Inqiroz Guruhi bayonotida.

Aksincha, Tojikiston yana eski nizolar chohiga qulashi mumkin.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq