O‘zbek armiyasi hali sinalmaganmi?

Image copyright uza.uz
Image caption O‘zbekiston mintaqada eng yaxshi jihozlangan armiyaga ega. (Uza.uz surati)

Aksar tinglovchilarga ko‘ra, O‘zbekiston armiyasi kuchli va vatanni himoya qilishga qodir.

Alisher Abdujabbarov uni "mintaqadagi eng sog‘lom va eng kuchli armiya" sifatida ta‘riflaydi.

"Kuchlarni kuchaytiraylik"

O‘zbeklarga ko‘ra, Temuriy va Boburiy sarkardalar chiqqan bu yurtning hozirgi qurolli kuchlari ham hech kimdan kam bo‘lmaydi.

Ayrimlar esa mubolag‘a qilib, hattoki "Amerikadan ham o‘tadi" yoki "jahonda birinchi" deb atashgan.

Lekin armiyaning bugungi ahvoliga nazar solish va muqoyasa qilishga intilganlar ham bor.

"Qurolli kuchlarimiz janglarda sinalmagan" - yozadi Shuhrat Ikrom ismli o‘quvchimiz - "Shuning uchun bundayin reytinglar asossiz".

Bu o‘quvchi Amir Temur davridagi armiya soni o‘sha paytdagi aholi soniga nisbatan olganda juda katta bo‘lganini, hozirgi O‘zbekiston armiyasi u darajada emasligini aytadi.

O‘zbekiston armiyasi bugun butun Markaziy Osiyoda eng kuchli va yaxshi jihozlangan armiya sanaladi.

Qolaversa, hozir armiyaga bormoqchi bo‘lganlarni obdon saralashmoqda va jismoniy jihatdan talabga javob bermaganlar askar bo‘la olishmaydi.

Shuhrat Ikromning fikricha, hozirgi davrda Rossiyaning Ukraina va Gurjistonga nisbatan tutayotgan siyosati SSSRni qayta tiklashni eslatadi va shu bois O‘zbekiston o‘z armiyasi safini kengaytirishi kerak.

O‘quvchimiz, hozirgi notinch zamonda militsiya sonini qisqartirib, tejalgan mablag‘ hisobiga armiyani kengaytirishni maslahat beradi.

"Kuchi ayollarga yetadi"

"O‘zbekistonda kuch ishlatar tizimlar, xususan, armiya ham hukumat tarafidan alohida e‘tibor beriladigan sohalardan hisoblanadi" - deydi Birodaringiz Mumin taxallusli o‘quvchimiz.

Unga ko‘ra, hukumat o‘z siyosatini himoya qilish yo noroziliklarni bostirish maqsadida armiyadan foydalanishi bunga sababdir.

Image copyright uznews.net
Image caption Bir necha yil oldin askarlar paxta tergani va mardikorlik qilgani haqida xabarlar chiqqan. (Uznews.net surati)

Maks Iks laqabli foydalanuvchi esa hozirgi mavjud siyosat natijasida O‘zbekiston armiyasi hali yanada kuchayishini aytadi.

Armiya kuchi haqida gap ketganda, ayrim tanqidiy fikrlar ham bildirilgan.

"Chegarachilarning kuchi faqat chegaradan o‘tayotgan qurolsiz ayollaru qariyalarga yetadi" - yozadi O‘shdan huquqbon Izzatilla Rahmatillayev.

"Qolganlari mujohidlar bilan urushganda bilinadi".

"Gapingizda jon bor" - javob yozadi Sanjar Kabulov - "Lekin Xudo o‘zi asrasin. Yurtimiz tinch bo‘lsin".

Maqsad maoshmi?

"Harbiy qudrat nima bilan belgilanadi?" - degan savolni qo‘ygan Mirza Anvar Xamidov ismli Facebook foydalanuvchisi bir nechta jihatlarni eslatadi.

"Qurol soni, uning zamonaviyligi bilanmi, xizmatdagi harbiylarning jismoniy imkoniyati bilanmi, vatanparvar, millatparvar va insonparvarligi bilanmi yoxud hukumatni boshqarib turgan rahbarlarning har qanday topshirig‘ini so‘zsiz bajarishi bilanmi?!"

Bu muxlisimizga ko‘ra, qanday sabablar yoshlarni armiyada xizmat qilishga undayotgani e‘tibor talab qiladi: Imtiyoz bilan o‘qishga kirishmi, harbiylarning maoshi yaxshiligimi yo ertaroq nafaqaga chiqishimi?

O‘quvchimizning urg‘ulashicha, faqat fidokor toifa vatanni tashqi tajovuzlardan himoya qilish uchun armiyaga boradi.

"Ana shularni foizda hisoblash, harbiy qurol-aslahalar soni va sifatini boshqa davlatlar bilan taqqoslash natijasidagina fikr bildirish mumkin" - deydi Mirza Anvar Xamidov.

Abror Abduraxmonovning izohi ayni o‘quvchimiz fikrlariga javobdek yangraydi.

"Tan olish kerak, hozirgi yoshlar armiyaga qandaydir imtiyozlarga ega bo‘lish uchun kiryaptilar. Sal tuzuk maosh o‘zi shu harbiy sohada qolgan" - fikrlaydi muxlisimiz.

Ayrimlar armiyada xizmat qilganlarga beriladigan imtiyozlarni bekor qilishga chaqirishgan.

Image caption Ayrimlar O‘zbekiston armiyasi Andijonda o‘z xalqiga o‘q uzganini eslatgan

"Oliygohga o‘qishga kirish hech qanday istisnosiz, faqat abituriyentning bilim darajasiga qarab amalga oshirilishi kerak" - yozadi Farhod Abdurahmonov.

"To‘g‘ri, qizlarga kim imtiyoz beradi?" - savol tashlaydi Toxir Abdullayev - "Shu uchun bilimli qizlarimiz shartnoma bilan o‘qishyapti".

Paxtakor askar qolmadimi?

O‘tgan yillarda O‘zbekiston askarlari paxta tergani yo mardikorlikka chiqqani haqidagi xabarlarga ham javoblar kelgan.

Azamat Shoxo‘jayevning yozishicha, O‘zbekiston armiyasi kerakli darajada jangovor va armiyaning noodatiy ishlarga jalb qilinishi, aksincha, armiya salohiyatiga soya solmay, uni xalqqa yaqinlashtiradi.

"Chet el armiyalari askarlari ham harbiylarga xos bo‘lmagan ba‘zi yumushlarni bajarib yurganiga guvoh bo‘lamiz" - deydi Azamat Shoxo‘jayev.

"Kim aytsa, bekor gap o‘zbek askari paxta teradi, deb" - yozadi Ibrohim Po‘latov - "Bu mavzular bo‘lib o‘tgan".

"Jizzaxga boring, ko‘rasiz paxtani kim terayotganini!" - unga javob bergan Toxir Abdullayev.

"O‘zbek armiyasi - universal armiya!" - yozadi Xon Keldi Alim.

Armiya va Andijon

Erkin Saidovning yozishicha, O‘zbekiston harbiy sohada juda to‘g‘ri siyosat yuritmoqda va mamlakat hech qachon birovning qo‘g‘irchog‘i bo‘lmaydi.

"O‘zbek yigiti onasi bo‘lganimdan faxrlanaman" - degan Sabinabonu Nusratullayeva.

"(Armiya) hukumatni himoya qiladi. Xalq harbiylarni hurmat qiladi" - yozadi Alisher Abdujabbarov.

Ali Xan esa o‘zbek armiyasi xalqni himoya qilishiga ishonmasligini, balki hukumatni himoya qilishini aytadi.

"Bu armiyaning nimalarga qodirligiga guvoh bo‘ldik" - deydi Abror Abduraxmonov - "Andijon voqealari chog‘i o‘z xalqiga qarata o‘q uzgan".

"Bilmaganlar bilib olsin" - deydi Asadulloh Sayfulloh "Armiya bu - xalq".

Ayrim izohlar imloviy jihatdan tahrir qilindi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq