O‘zbekiston muzlatilgan pullarni qaytarmoqchi

Ovro‘po va AQShda boshlangan O‘zbekistondagi korruptsiyaga bog‘liq yirik tekshiruvlar ortidan xorijiy banklarda qariyb 1 milliard AQSh dollari muzlatilgan. O‘zbekiston moliyaviy jinoyatlar uchun javobgarlar allaqachon jazoga tortilganini aytib va mamlakat yirik korruptsion sxemaning qurboni bo‘lganini ro‘kach qilib, mablag‘larni O‘zbekistonga qaytarishga bel bog‘lagan.

Shveytsariyadagi L'Hebdo nashri jurnalisti François Pilet ning "Dada Karimov o‘z malikasining o‘ljasini qaytarib olmoqchi" maqolasida yozishicha, O‘zbek rasmiylari muzlatilgan pullar uchun jadal kampaniya boshlaganlar.

O‘zbekiston Adliya vazirligi AQShdagi mahkama raisidan pullarni qaytarishni so‘ragan.

2015 yil 16 dekabrida O‘zbekiston Adliya vaziri Muzraf Ikromov imzosi bilan jo‘natilgan maktubda yozilishicha, "…R. Madumarov boshchiligidagi uyushgan guruh a‘zolari, jumladan, G. Avakyan, B. Ergashev, Sh. Sabirov va boshqa shaxslar uzoq muddat qamoqqa hukm etilganlari va "MTS", "Vimpelkom" telekom kompaniyalaridan R. Madumarov va boshqalar egalik qilgan "Takilant", "Swisdorn", "Expoline" shirkatlariga koruptsion pullar o‘tkazilib, jinoiy daromadlarni qonuniylashtirish(pul yuvish) maqsadida tashkil etilgan "First Global Investment Ltd sxemasi yuzasidan o‘tkazilgan har tomonlama tergov yakunlandi..."

Shuningdek, xatda yozilishicha, mahkama qaroriga binoan, mazkur "First Global Investment Ltd doxil jinoiy uyushgan guruhning barcha mol-mulki O‘zbekiston hududida musodara qilindi.

So‘ng O‘zbekiston Adliya vaziri "xalqaro siyosiy va fuqaroviy huquqlar pakti"ning 7-bandini eslatgan, bu bandda jazoga tortilgan muayyan shaxsning sodir etgan jinoyati uchun ikkinchi marta mahkamaga tortib jazolanmasligi lozimligi urg‘ulanadi.

Xalqaro kelishuvlarga asoslanib, Adliya vaziri Ikromov xorijda muzlatilgan pullar va mol-mulkni O‘zbekistonga qaytarishni so‘ragan.

Xat oxirida vazir janoblari ushbu jinoyat ishining ba‘zi qismlari ustidan tergov jarayoni nihoyasiga yetmagani uchun o‘zining maktubida keltirilgan ma‘lumotlarni maxfiy saqlashni Amerika mulozimlaridan so‘ragan.

Image caption Hukm etilgan Rustam Madumarov va Gayane Avakyan Gulnora Karimovaning eng yaqinlari bo‘lgan

Noqulay ahvol

Hozirgi kunda O‘zbekiston va yirik telekommunikatsiya shirkatlari bilan bog‘liq tergov jarayoni yuzasidan AQSh, Belgiya, Lyuksemburg, Shvetsiya, Shveytsariya, Norvegiya va yana qator Ovro‘po mamlakatlarida bir milliarddan ortiq AQSh dollari muzlatilgani aytilmoqda.

François Pilet ning BBCga aytishicha, hatto Shveytsariya andozalari bilan qaraganda ham korruptsion sxemalar orasida O‘zbekiston ishi juda yirik sanaladi. Buning miqyosini Fillipinning Markos va Nigeriyaning Abacha bilan bog‘liq korruptsion mojarolariga taqqoslash mumkin.

Shveytsariyalik jurnalistga ko‘ra, AQSh adliya mulozimlari O‘zbek rasmiylaridan deyarli ikki yil jarayonida hech qanday javob olmaganlar.

Va 2016 yil yanvari boshida "defolt qaror" qabul qilmoqchi, ya‘ni, pullarni Amerikada qoldirishni ko‘zlagan qarorni imzolamoqchi bo‘lganlar.

François Pilet nazarida, O‘zbek tomoni zudlik bilan nufuzli amerikalik yuridik shirkatni yollab juda aqlli ish tutgan.

Bu Holwell Shuster&Goldberg advokatlar shirkati bo‘lgan. Holwell Shuster&Goldberg Nyu-York distrikt mahkamasi hakamiga maktub yo‘llagan va bu xatda O‘zbekiston ushbu korruptsion mashmashada jabrlangan tomon ekani ta‘kidlangan, shuning uchun pullarni O‘zbekiston hukumatiga qaytarib berish imkoniyati berilishi kerak deya qonunan isbotlagan.

Mazkur shirkatning asoschilaridan biri Richard Holwell o‘tmishda aynan Nyu-York distrikt mahkamasida o‘n yil hakam bo‘lib ishlagandi.

Uning xatini olgach, 7 yanvar kuni Nyu-York distrikt mahkamasi O‘zbek hukumatiga ma‘lum muddat berilsin degan qaror chiqardi, deb aytadi jurnalist.

Shu taxlit O‘zbek tomonida Amerika hukumati muzlatgan pullar va mol-mulkni qaytarish imkoniyati paydo bo‘lgan.

"Biroq AQSh va Shveytsariya hukumatlari hozir juda noqulay ahvolga tushganlar. Chunki agar qaror O‘zbekiston foydasiga chiqarilsa, ular pullarni korruptsiyaga botgan deb sanalgan mamlakatga qaytarib berishlari lozim bo‘ladi", deydi jurnalist François Pilet.

Gulnora Karimovaning aloqasi...

Amerika adliya mulozimlari muzlatilgan pullar taqdirini hal etish maqsadida AQSh qonunlariga muvofiq barcha tegishli tomonlarga mahkamada hozir bo‘lishni so‘rab bir necha maktub yuborishgan.

Shuningdek, Gulnora Karimova doxil unga aloqador deb topilgan shaxslarning barcha manzilgohlariga, ham O‘zbekiston va ham xorijiy mamlakatda qayd etilgan adreslariga xatlar jo‘natilgan. Adliya vaziri Ikromovning maktubida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi bu xatlarni hibsga olgani haqida yoziladi.

Ya‘ni, jurnalist François Pilet ning aytishicha, shu bilan O‘zbek tomoni mazkur shaxslarning aloqasi yo‘q ekanini ta‘kidlab, muzlatilgan pulga yagona da‘vogar O‘zbekiston davlati deb ifodalashga urinmoqda.

O‘zbekistonda Gulnora Karimovaga tegishli ekani aytilgan korruptsion tuzilmalar va unga yaqin shaxslarga nisbatan tergov Ovro‘podagi korruptsiya bilan bog‘liq yirik tekshiruvlar ortidan 2013 yilda boshlangandi.

2014 yil sentyabrida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Prezident Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova millionlab dollar mablag‘larni noqonuniy o‘zlashtirish va pul yuvish bilan bog‘liq yirik jinoyat ishi yuzasidan tergovga jalb etilganini tasdiqlagan, ammo uning jinoyat ishidagi roliga aniqlik kiritmagan.

2014 yilning 22 sentyabrida Bosh prokuratura "savol-javobida" Gulnora Karimova jinoiy ish bo‘yicha qay yuridik maqomda o‘tayotgani borasidagi savolga – "uyushgan jinoiy guruhning har bir a‘zosiga jazo muqarrar", degan javobni bergan. Javobning oxirida prokuratura tergov natijalari borasida jamoatchilikka mufassal ma‘lumot berishga va‘da etgan.

Biroq ushbu bayonotdan so‘ng O‘zbek rasmiylari ushbu ish borasida sukut saqlamoqdalar.

Bir emas, bir necha yirik korruptsiya ayblovlariga aloqasi bor deya ta‘riflanayotgan Gulnora Karimovaning O‘zbekistonda uy qamog‘ida ekani taxmin qilinadi.

Vaqt o‘tgan sayin uning jazoga tortilishi borasidagi fikr-mulohazalar ham susayib borayotir.

Shveytsariyada istiqomat qilayotgan va voqealar rivojini yaqindan kuzatib borayotgan mustaqil iqtisodiy sharhlovchi Alisher Taksanovning aytishicha, O‘zbekiston tomoni siyosiy o‘yin qilmoqda.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Milliy Xavfsizlik Xizmati bilan birgalikda Gulnora Karimovani bu o‘yindan imkon qadar beziyon olib chiqishga juda qattiq harakat qilmoqda.

Unga ko‘ra, "jazoga tortilgan qo‘shiqchi, sotuvchi va hisobchi kabi shaxslar davlat aktivlaridan foydalanish darajasida imkoniyatga ega bo‘lishmagan, buning ortida katta qudratga ega bo‘lgan shaxs turgani aniq".

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq