"Ramzan Qodirov Rossiyaga isnod"mi?

Image copyright Getty
Image caption Muxolifatni xalq dushmani deb biladigan siyosatchi

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Rossiyaning norasmiy muxolifatini "xalq dushmanlari" deb atagan.

Qodirovga ko‘ra, muxolifat mamlakatdagi siyosiy tuzumga izdan chiqarmoqchi va ularni "qo‘poruvchilik faoliyati" uchun mahkamaga tortish kerak.

"Avvallari hech kim tanimagan, bilmagan odamlar bugun jon jahdlari bilan Rossiya prezidenti Vladimir Putinga qarshi chiqishmoqda, maqsadlari shu yo‘lda tanilib olish...Bular hozirgi mushkul iqtisodiy vaziyatdan foydalanish niyatidadir. Ularga nisbatan xalq dushmanlariga, xoinlarga bo‘lganday munosabat qilinishi kerak. Ular uchun hech narsa muqaddas emas", deb aytgan Qodirov jurnalistlar bilan uchrashuv chog‘ida.

Muxolifat, Qodirovning nazarida, Rossiya taqdiridan tashvishda emas.

"Muxolifat G‘arb davlatlari maxsus xizmatlari tomonidan to‘qib chiqarilgan o‘yinni o‘ynashmoqda, ularning nog‘orasiga raqs tushmoqdalar va vijdonsizlarcha o‘zlarini vatan kelajagi uchun kuyunchaklar qilib ko‘rsatishayotir", deb qo‘shimcha qilgan Checheniston rahbari.

Ramzan Qodirov Rossiyadagi aksar hodisalar uchun javobgarlikni darrov G‘arb maxsus kuchlarining bo‘yniga osib qo‘yishi yangilik emas.

Muxolifat liderlaridan Boris Nemtsov o‘ldirilishidan keyin Qodirov o‘z Instagram sahifasida bu hodisa ortida "har qanday yo‘l bilan Rossiyada ichki nizo keltirib chiqarish harakatida bo‘lgan G‘arb maxsus kuchlarini" ayblagan edi.

Rossiya muxolifati esa Nemtsovning qotillarini aynan Checheniston yashirayotganiga ishonishadi.

"Rossiya uchun isnod"

Image copyright AP
Image caption Rossiya qahramoni

Krasnoyarsk shahar kengashi deputati Konstantin Senchenko esa o‘zining Facebook sahifasida Checheniston rahbarining muxolifat haqidagi chiqishiga javoban Qodirovni "Rossiya uchun isnod" deb atadi.

"Ramzan, sen Rossiya uchun isnodsan! Sen hamma narsaga ishonchni yo‘qotding. Rossiya Qahramoni unvoniga ham dog‘ tushirding. Men Krasnoyarskda bir paytlar Chechenistonga urushga ketgan yigitlarimiz uchun qanday qilib yordam to‘plaganimizni eslayman. Sen esa o‘shanda tog‘u toshda yurib bizning yigitlarimizni o‘ldirgansan. Ular bugun yer ostida, sen esa Rossiya qahramonisan", deb yozgan edi Senchenko.

Oradan ko‘p o‘tmay Checheniston telekanalida Senchenko bilan suhbatning audio yozuvi berilgan.

Unda Krasnoyarsk shahar kengashi deputati Checheniston rahbaridan uzr so‘ragan.

"Men Checheniston respublikasi rahbari sha‘niga qilgan haqoratlarim uchun uzr so‘rayman. Sen nimadir qilmoqchi bo‘lsang, harakat qilsang va seni dushman deb atashsa, ba‘zan shunaqa holat paydo bo‘ladi", deb aytgan Senchenko.

BBC bilan suhbatda esa Konstantin Senchenko ayni masalada intervyu bermaganini aytgan.

"Men o‘zim hurmat qilgan bir shaxs bilan suhbatlashdim, xolos".

"U menga o‘z chiqishim bilan Ramzan Qodirov va Chechenistondagi boshqa insonlarni xafa qilganimni aytdi. Ana shu suhbat davomida biz o‘zaro qarashlarimiz qanchalar farqli bo‘lmasin, hammasi imkon qadar to‘g‘rilikka qurilishi kerak, deb kelishib oldik. Albatta, siyosatchilardan muxolifatga nisbatan adolatli munosabat talab qilib, ayni paytda o‘zimiz xato qilishimiz, betgachopar bo‘lishimiz mumkin emas. Shuning uchun kechirim so‘radim. Mening Facebookdagi chiqishim siyosatchiga yarashmaydigan darajada o‘ta qo‘pol edi va buni men oshkora tan oldim", deb aytgan deputat Senchenko.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio