AQSh va OI Eronga qarshi sanktsiyalarni to‘xtatdi

Image copyright Reuters

Xalqaro atom energiyasi agentligi rasmiy Tehron o‘z yadroviy dasturini to‘xtatishga bog‘liq barcha shartlarni bajarganini aytishi ortidan AQSh va Ovro‘po Ittifoqi Eronga qarshi sanktsiyalarni bekor qildi.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, Eronning yadroviy qurol yaratish tahdidi ancha kamaydi.

"Eron ko‘rgan choralarga javoban AQSh va Ovro‘po Ittifoqi yadroviy dasturga bog‘liq barcha sanktsiyalarni zudlik bilan to‘xtatadi", - dedi Venada chiqish qilgan Kerri.

Unga ko‘ra, mazkur jazo choralarining bekor qilinishi eronliklar uchun yangi imkoniyatlarni ochib beradi.

BMT, AQSh va Ovro‘po Ittifoqining sanktsiyalari bir necha yildan beri Eronning iqtisodiga qattiq ta‘sir qilib keladi.

2006 yilda kiritilgan yadroviy sanktsiyalar bir necha o‘n yillardan beri amalda bo‘lgan jazo choralarining ustiga qo‘shilgandi.

Hozirda Ovro‘po Ittifoqi savdo, dengiz yuk qatnovi va sug‘urtaga qo‘yilgan sanktsiyalarni bekor qilayapti.

AQSh esa yadroviy dasturga bog‘liq choralarini bekor qilmay, vaqtincha to‘xtatmoqda. Lekin, bu ham Eronga global bank tizimiga qayta qo‘shilishga yo‘l ochib beradi.

BMT mudofaa va yadroviy texnologiyalar savdosiga qo‘yilgan sanktsiyalarini bekor qilmoqda, hamda Erondagi nufuzli shaxslar va kompaniyalarning muzlatilgan mol-mulkiga nisbatan choralarni to‘xtatmoqda.

Yadroviy dasturga bog‘liq bo‘lmagan choralar saqlanib qoladi. Ular sirasiga AQSh fuqarolari va kompaniyalarining Eron bilan savdo qilish, hamda AQSh va Ovro‘po Ittifoqining terrorchilikda ayblangan eronliklarga qarshi cheklovlari kuchda qolmoqda.

Ovro‘po Ittifoqi jazo choralarining bekor qilinishi borasidagi qaror Ittifoqning rasmiy jurnalida chop qilinganidan keyin kuchga kiradi.

Ovro‘po Ittifoqining yuqori darajali vakili Federika Mogerini Eronga qarshi nafaqat Ittifoq, balki Ittifoqning ba‘zi vakillari bir tomonlama kiritgan sanktsiyalar ham bekor qilinishini aytdi.

Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy o‘z vatandoshlarini jazo choralarining to‘xtatilishi bilan tabrikladi.

"Ollohning bu marhamati uchun unga rahmat aytaman, hamda sabrli Eron xalqining ulug‘vorligi oldida boshimni egaman. Bu sharafli g‘alaba bilan sizlarni tabriklayman!", - dedi u Twitterdagi sahifasida.

Eron tashqi ishlar vaziri Javod Zarif o‘z hukumati olti oy avval kelishilgan barcha shartlarni qondirishga uringanini aytdi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio