"Yo‘l solig‘i"ni olib nimaga sarflamoqchilar?

Image copyright ferghana.ru

O‘zbekistonda ilk bor byudjet ko‘rsatkichlari keng jamoatchilikka oshkor etilgan.

Toshkent shahri hokimligining tashkent.uz rasmiy web-saytida poytaxtning 2016 yilga mo‘ljallangan byudjeti parametrlari e‘lon qilingan.

Agar O‘zbekiston yopiq mamlakat bo‘lib, asosiy statistik ma‘lumotlar sir saqlanishi inobatga olinsa, poytaxt byudjetidan omma boxabar etilishini ko‘pchilik olqishlayapti.

Ayni paytda byudjet daromadlari va xarajatlari borasida savollar ham yuzaga kelgan.

Byudjet ikki asosiy bo‘limga bo‘lingan: daromadlar va xarajatlar.

tashkent.uz web-saytiga ko‘ra, Toshkent shahrining byudjeti 1 trillion 803 milliard 663 million so‘mdan ziyodni tashkil etadi.

Shu kecha-kunduzdagi O‘zbekistondagi AQSh dollari qiymatidan kelib chiqilsa, poytaxt Toshkentning bir yillik byudjeti 300 million 600 ming dollardan ziyodni tashkil etadi, deb aytish mumkin.

Byudjetning daromad qismiga qaraladigan bo‘lsa, daromadlar asosan soliqlardan, jarimalar va DAN xodimlari yig‘adigan yig‘imlardan tarkib topishini ko‘rish mumkin.

Byudjet qanday shakllantirilib, qanday sarflanishini tahlil qilishga harakat qilgan mustaqil jurnalist Aleksey Volosevich, "agar hamma haydovchilar yo‘l qoidasini buzmasdan avtomobil haydashsa, nima bo‘ladi?" degan savolni qo‘yadi.

"Byudjetning 15 foizi qoidani buzgan haydovchilarni jarimaga tortishdan tarkib topadi, deb ko‘zda tutilgani qiziq. Agar haydovchilar hammasi qoidani buzmasdan yurishsa, 15 foiz qayerdan olinadi? Nega jarimalar aynan 15 foizni tashkil qilishi kerak? Bu, agar 15 foizga yetadigan pul yig‘ilmasa, DAN xodimlari qoidani buzmagan haydovchilardan pul undirishadi, deganini anglatadimi?", deydi Aleksey Volosevich.

O‘zbekiston poytaxti byudjetiga pullar qayerdan kelishi nisbatan batafsil tushuntirib berilgan bo‘lsa, byudjet xarajatlari ancha mavhum chizib berilgan.

Xarajatlar qismi 8 bo‘limdan iborat bo‘lib, bular ijtimoiy-madaniy tadbirlar, iqtisodiyot, markazlashtirilgan sarmoyalar, boshqaruv va mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish organlarini ushlab turish xarajatlari, bolali va kam ta‘minlangan oilalarga to‘lovlar, rezerv jamg‘armasi va boshqa xarajatlar.

Xarajatlarning eng ko‘pi ijtimoiy-madaniy tadbirlarga yo‘naltirilishi aytilgan. Maorif, tibbiyot va jismoniy tarbiya, kadrlar tayyorlash, madaniyat va ilm, ijtimoiy ta‘minot xarajatlari ana shu ijtimoiy-madaniy tadbirlar tarkibiga kiritilgan.

Bu tadbirlarga jami byudjetning 78 foizini sarflashni xohlashayapti.

Jurnalist Aleksey Volosevich Toshkent byudjeti parametrlari o‘zida uyg‘otgan yana bir savolni qo‘yadi.

"Byudjet daromadlar qismida "yo‘l solig‘i" deb atash mumkin bo‘lgan "transport vositasi uchun benzin, dizel yoqilg‘isi va gazdan foydalangani uchun jismoniy shaxsdan soliq" olinishi ko‘zda tutilgan. Bu soliq yo‘llarni ta‘mirlash va obodonlashtirishga yo‘naltirilishi lozim. Lekin byudjetning xarajatlar qismida yo‘l ta‘mirlash maqsadi ko‘zda tutilgan band yo‘q. To‘plangan "yo‘l solig‘i" nimaga sarflanadi? Noma‘lum", deydi Aleksey Volosevich.

Toshkent byudjetida daromad va xarajat tiyin-tiyinigacha to‘g‘ri keladi.

Bundan shunday xulosa qilish mumkinki, misol uchun Toshkentdagi bir maktab ta‘miri uchun Xalq ta‘limi vazirligi umuman mas‘ul emas, Toshkent uchun respublika byudjetidan bir tiyin ajratish ham ko‘zda tutilmagan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq