IShID urush jinoyatlarida ayblandi

Image copyright Reuters

Birlashgan Millatlar o‘zini Islomiy davlat deb atayotgan guruhni tinch fuqarolarga qarshi muntazam zo‘ravonliklarda ayblagan.

BMTning Inson haqlari bo‘yicha Oliy Komissari idorasi tomonidan tayyorlangan hisobotda aytilishicha, o‘tgan yili Iroqda tinch fuqarlarga qarshi sodir etilgan 18 mingdan ortiq zo‘ravonliklarning aksari uchun IShID jangarilari mas‘ul.

Hisobotda aytilishicha, IShID asosan ayollar va yosh bolalardan iborat uch yarim ming insonni qul sifatida ushlab turibdi.

BMT hisoboti shuningdek, iroqlik harbiylar, kurd jangchilari va boshqa jangarilar tomonidan sodir etilgan zo‘ravonliklarni ham qayd etgan.

BMTning Inson haqlari bo‘yicha Oliy Komissari Zayd Raad al-Husaynning aytishicha, hisobot Ovro‘po va boshqa mintaqalardan boshpana izlayotgan iroqliklarning nimadan qochayotganliklarini yaqqol ko‘rsatadi.

"Bu ular vatanlarida yuz tutayotgan dahshatlardir", - degan BMT mulozimi.

Birlashgan Millatlarning Iroqdagi vakolatxonasi bilan hamkorikda tayyorlangan hisobot uylarini tashlab chiqqan odamlar, zo‘ravonlik qurbonlari va shohidlar bilan suhbatlarga asoslangan.

Unda aytilishicha, 2014 yilning 1 yanvaridan 2015 yilning 31 oktyabrigacha bo‘lgan davrda 18 ming 802 nafar inson o‘ldirilgan, 36 ming 245 kishi yaralangan.

Image copyright Getty
Image caption IShID 3500 nafar ayol va yosh bolalarni qul sifatida ushlab turibdi

Hisobotda keltirilgan 2015 yildagi IShID zo‘ravonliklari jumladan, quyidagilarni o‘z ichiga olgan:

10 iyul: IShID jangarilari markaziy Mosulda qurbonlarni olomon qarshisida yotishga majburlagan. Ularning ustidan buldozer haydalgan.

4 iyun: Ikki yosh yigit va 60 yashar erkak hamjinsbozlik uchun Ninevadagi baland binodan tashlab yuborilgan.

1-2 avgust: IShID Mosulda 19 nafar ayolni jangarilar bilan jinsiy aloqadan bosh tortgani uchun o‘ldirgani da‘vo qilingan.

21 iyun: Mosuldagi Qur‘on musobaqasida ilk uch o‘rinni egallaganlarga ayollar jinsiy qul sifatida taklif qilingan.

23 iyun: IShID videosida mashinaga o‘tqazilgan bir guruh erkaklarning reaktiv granatomyotdan o‘qqa tutilgani; temir qafasda suvga cho‘ktirilgani; portlovchi modda bilan boshi tanasidan judo etilgani aks etgan.

12-15 iyul: IShID mahkamasi Mosulda 4 imomni taqiqlangan Taroveh namozlarini o‘qishda ayblaydi. Ular peshonasidan otilgan.

Manba‘: BMT hisoboti.

Urush jinoyatlari

O‘lim hollarining qariyb yarmi Bag‘dod viloyatida qayd etilgan.

Hisobot mualliflariga ko‘ra, aksariyat qismi IShID tomonidan nazorat qilinayotgan Anbar viloyatiga tegishli raqamlar tugal emas.

Iroqdagi tinch fuqarolar o‘limiga doir raqamlar mazhablararo nizolar eng avjiga chiqqan 2006 va 2007 yillardagi raqamlardan pastdir.

Hisobotda aytilishicha, o‘zini Islomiy davlat deb atayotgan guruh muntazam va keng ko‘lamli zo‘ravonliklar sodir etish, inson haqlariga doir xalqaro va insonparvarlik qonunlarini poymol qilishda davom etmoqda.

"Bu harakatlar, ayrim holatlarda, urush jinoyatlari, insoniyatga qarshi jinoyatlar va ehtimol qatliomga teng bo‘lishi mumkin", deya qayd etgan hisobot.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio