Qo‘y go‘shti millatni "o‘ldirmoqda"

Image caption Qo‘y go‘shti ise‘moli tufayli vazni og‘ir Tongaliklar nisbati tobora oshib bormoqda

Tinch ummonidagi Tonga oroli aholisi jahondagi eng "semiz millat"lardandir.

Aholining 40 foizi ikkinchi toifadagi qand kasalligiga ham duchor bo‘lgan. Orolda uzoq umr ko‘rish darajasi tobora kamayib bormoqda.

Buning asosiy sabablaridan biri Yangi Zellandiyadan keltiriladigan arzon va yog‘li qo‘y go‘shti turi ekan.

82 yoshli Papiloa Blumfild Tongaliklar an‘analarini tushuntiradi. Qo‘lida qadimiy qayiq maketi.

"Tongaliklar bir vaqtlar mana bu qayiqlarda suzib, qirg‘oqqa kelganda qayiqni o‘girib, uy qilib yashaganlar. Lekin hozirda hech kim bu kabi uyni xohlamaydi. Chunki hamma g‘arbdagidek yashashni istaydi. An‘anaviy yashash tarzi qashshoqlik deya ko‘riladi".

Tongaliklarning an‘anaviy ovqati esa baliq, sabzavot va kokosdan iborat bo‘lgan.

Lekin 20 asr o‘rtalarida AQShdan kurka va Yangi Zellandiyadan qo‘y biqini ko‘p miqdorda import qilina boshladi.

Arzongina bu mahsulotlar tez orada ommabop bo‘lib ketdi.

"Odamlar xorijdan keltirilgan narsa mahalliysidan ustun deb o‘ylashadi", deydi sobiqda hamshira, hozirda siyosiy faol Foliaki.

"Hozir baliqchilar baliq tutib, uni sotib keyin puliga qo‘y biqinini olib yemoqdalar. Sog‘liqqa zarar ekanligini bilmaydilar".

Nima uchun Tongaga aynan biqin keladi?

Qo‘y qovurg‘asining pastki qismidagi biqin go‘shtining har 100 grammida 40 gramm yog‘ bor.

Yangi Zellandiya va Avstraliya Xitoy, Meksika va Afrika davlatlariga ko‘plab miqdorda qo‘y biqini sotadilar.

Ovro‘poda bu kabi go‘sht doner kaboblarida ishlatiladi.

"Biqin go‘shti yeb voyaga yetgan butun boshli avlod bor bizda hozir", deydi sog‘liqni saqlash sohasi rasmiysi Suniya Soakay.

"Bu go‘shtni Yangi Zellandiyada yeyishga yaroqsiz deya tashlab yuborishadi. Keyin biz va bizga o‘xshagan o‘lkalarga ham jo‘natishadi".

Suniya Soakayning aytishicha, bir tongalik bir o‘tirishda bir kilogrammgacha biqin go‘shtini yeb tushirishi mumkin. Uning o‘zi ham bir vaqtlar shunday qilgan.

"Bir kun kelib vaznim 170 kiloga yetdi. Lekin o‘g‘lim tug‘ilgandan keyin u yetim qolmasin deb, ozishga qaror qildim. Ikkinchidan, o‘zim sog‘liqni saqlash tizimida ishlaganim uchun bu muhim edi. Va uchinchidan, qandli diabet kasalligiga uchradim".

"Tongada ne qadar semiz bo‘lsang, shu qadar go‘zal sanalasan", deydi Tonga Fuqaro Jamiyatidan Dryu Xavea.

Bundan tashqari oziq-ovqatga mo‘l mehmondorchilik ham mahalliy an‘ana.

Ustiga ustak, oxirgi yillarda shirin gazli ichimliklar ham udumga kirgan.

"Bir vaqtlar amerikaliklarni televizorda ko‘rib, "qarang nima ichyapti, biz qashshoqlar esa, suv ichyapmiz" deb havas qilardik. Hozir esa rivojlangan davlatlar suv ichyapti, biz esa shirin gazli ichimlik", deydi Soliq va Bojxona vazirligi rahbari o‘rinbosari Lepaola Vaeya.

2008 yili u qo‘y biqin go‘shtiga soliqlarni oshirdi. Aholi g‘azab otiga mindi.

Oshqozoniga tobe bo‘lib qolgan aksariyat tongaliklarning o‘rtacha umr ko‘rishi avvallari 70 yosh bo‘lsa, hozirda 64 ga tushdi.

Biz qand diabeti markazi xodimlari bilan bir oilani ko‘rgani bordik.

Oila a‘zolarining hammasi - ota-ona va uch qiz qand kasalligiga duchor bo‘lishgan.

14 yoshli qizlarining oyog‘idagi yarasi kasallik tufayli 4 yil bitmagach, oxir oqibat amputatsiya qilishdi.

Hukumatning to‘g‘ri ovqatlanish yo‘lida qilayotgan targ‘ibot harakatlariga qaramay, odamlarni ishontirish uchun hali ko‘p vaqt kerak ko‘rinadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio