O‘zbek futboli: Xayr Rio, alvido Rio...

O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi Rio de Janeyroga borish huquqidan mahrum bo‘ldi. Osiyo chempionati guruh bosqichi ikkinchi turida Iroqdan 2:3 hisobida mag‘lubiyatga uchragan jamoa ijtimoiy tarmoqlarda rosa tanqidlarga uchramoqda. Futbol muxlislari anchagina "qonlarini qaynatishdi".

Hatto O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik o‘z kitob taqdimoti marosimida "dumbul futbolchilarimiz" haqida fikr bildirib o‘tdi.

Yozuvchining "Ularning barchasining bo‘yniga omoch bog‘lab, dalada qo‘sh haydatish kerak. Sizlar shular kabi tanbal bo‘lib qolmanglar!" deya "tanbeh" bergani xabar qilingan.

O‘zbekiston U-23 himoyachisi Maksimilyan Fomin Iroqqa qarshi o‘yindagi mag‘lubiyatdan keyin Facebookdagi o‘z sahifasida muxlislarga nisbatan haqorat so‘zlar ishlatilgan murojaatni qoldirdi, deb xabar berdi uff.uz.

Saytga ko‘ra, Fomin shunday deb yozgan: "Biz qanchalik yomon futbolchilar ekanligimiz haqida kommentlarda yozayotganlar va postlar qoldirayotganlar, chakagingni o‘chiring! Siz o‘zi kimsizlar? Hayotda hech narsaga erisholmagan, hech narsani ko‘rmaganlarsiz. Qiladigan ishingiz monitorning u tarafida o‘tirib, birovlarning ustidan mag‘zava ag‘darishdan iborat". O‘z xatosi va qo‘polligini tushunib yetgan Fomin bir kun o‘tar-o‘tmas muxlislardan uzr so‘radi va haqoratomuz izohini o‘chirib tashladi.

"Ijtimoiy tarmoq kuchi"ga qoyil qolgan Xayrulla Hamidov esa Maksimilyan Fominning Facebook ijtimoiy tarmoqda muxlislarni yoppasiga haqorat qilganiga o‘z fikrini bildirgan.

"Men Fominning ishini oqlamayman, so‘kish va haqoratlarni oqlab bo‘lmaydi. Lekin yigitlarning kuyib-pishib, ijtimoiy tarmoqda yozishayotganiga xursandman. Nega, deysizmi? Bir paytlari terma jamoamiz bilan birga ko‘pgina mamlakatlarga borganman va mag‘lubiyalardan so‘ng futbolchilarning holatini ko‘rganman. Yengilgan o‘yinlaridan so‘ng o‘zlarini qo‘yarga joy topa olmasalar kerak, deb o‘ylaganimda, ular xotirjam, go‘yo hech narsa bo‘lmagandek avtobusga chiqib kelishganini ko‘rib, jahlim chiqib ketgandi", deb yozadi Hamidov o‘zining Gol.uz websaytidagi maqolasida.

Umuman olganda O‘zbekiston olimpiyachilari mag‘lubiyati haqida birgina uff.uz websaytida qoldirilgan izohlar soni 18 yanvar kuniga qadar 1,600 dan oshgan.

Jumladan, websayt faollari quyidagi fikrlarni bildirishgan:

"CHEF-D'OEUVRE": "Shavkat Mirziyoyevni shaxsan o‘zlari shug‘ullanishlari kerak federatsiya faoliyati bilan. Faqat Mirziyoyev aybdorlarni jazolashi mumkin. Kadrlarni yangilab, PFLni faoliyatini nazoratga olishlari kerak. Hamma kirdikorlar aslida PFLda".

"NEFTCHIREALMADRID": "Ehhh essiizzz! Har safar shunday, bunday futbolda vijdoni bor odam qoldimi ozi, deyarli butun o‘zbek halqining peshona terisi evaziga bunyod etilayotgan paxta, bug‘doy umuman, barcha sohalardagi tinimsiz mehnat evaziga shakllantirilgan daromadlar hisobidan shuncha shart sharoitlar yaratilsa...bularga Xudoning o‘zi bas kelmasa, biz muxlislarning gapi zarracha ham ahamiyati yo‘q ular uchun!..." (izoh tahrir qilingan - BBC)

"AKADEMIYA": "Bizga haqiqiy mutaxassis - professional bosh murabbiy kerak! Bor gap shu!". (tahrir qilingan)

"FENIX-8990": " Jonga tegdi bunaqa mag‘lubiyatlar. Qachongacha chidash kerak bularga. Sabrni ham oxiri bor-ku axir. Babayan murabbiy emas, chetdan qachon kuchli murabbiy keladi. Milliy terma jamoa xam Babayan bilan keyingi bosqichdan o‘ta olmasligiga 99 foiz ishonaman. Chunki unda aniq ishlangan raqibni chalg‘itadigan taktika yo‘q. Menimcha,Mirobror Usmonov ketmaguncha bu ishlar tugamasa kerak".

"SARDORTEMUR": "Bir e‘tibor bering, Iroqda, Suriyada ahvol kanday. Ularda urush. Bizni vatanimizda Xudoga ming qatla shukr tinch va osuda hayot kechirmoqdamiz. Mana shu tinch hayotni qadriga yetib maydonga vatan g‘ururi uchun uynamaysanlami"...

"ACMILANCOMGALLIANI": "Xayr,Olimpiada, xayr JCh-2018! Nimanidir o‘zgartirish vaqti keldi janob MUZ. Halollik bor joyda baraka buladi. Bu omadsizliklar chempionatimizdagi va futbolimizdagi king‘irliklar uchun munosib javobdir. Janob MUZ uyg‘oning endi...".

Twitter ijtimoiy tarmog‘ida esa quyidagi fikrlar tarqalgan:

"@Dilshodff": "Bugungi o‘yin - Futbolimizi yuzi! Buni jurnalistlarimizdan eshitishni, tushunishni xohlamayotgan futbolimiz rahbarlariga Iroq tushuntirib qo‘ydi!". "Uxlayotganda, dalasifat maydonlada mashg‘ulot qilayotganda bomba ovozini eshitilib turgan yurt futbolchilari, bizning osoyishta yurtning erkatoylarini yutdi", deb qo‘shimcha qilgan ushbu faol.

O‘zbek futbol ishqibozlari, xususan, Xayrulla Hamidov "Rioga alvido" she‘rini ulashgan.

"@X_Hamidov":

Bo‘ldi bizga sabr haftasi, Yetdi bizga shu bir haftasi... Uchta o‘yin - qaytish chiptasi... Xayr, Rio, alvido, Rio!

She‘rni yozdim erinmasdan men, Senga bir bor ko‘rinmasdan men: O‘zi, bizni kutganmiding sen? Xayr, Rio, alvido, Rio!

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio