Eri Rizagulning burnini kesib tashladi

Image copyright Social Media

Bu mash‘um hodisa qo‘shni Afg‘onistonning Turkmaniston bilan chegaradosh shimoliy Faryob viloyatida yuz bergan.

Navbatdagi oilaviy janjal ortidan, eri yoshgina xotinining burnini pichoq bilan kesib tashlagan.

O‘zi esa, qilgan qilmishi ortidan, Tolibon nazorati ostidagi hududlarga qochib ketgan.

Pushtun qavmiga mansub yoshgina er-xotin Faryob viloyatining G‘o‘rmoch tumanidagi Sharar qishlog‘ida yashab kelishgan.

20 yashar Rizagul o‘zidan 10 yosh katta erkakka turmushga chiqqan bo‘lgan.

Erining tayinli ishi bo‘lmagan, ko‘chmanchilik qilib, hayot kechirishgan.

Ikkovlonning 2 yoshlar atrofida bir qizchalari ham bo‘lgan va yuz bergan hodisadan so‘ng, uni Rizagulning qarindoshlari o‘zlari bilan birga olib ketishgan.

Zo‘ravon er

Image copyright bbc

Ularning BBCga aytishlaricha, kuyovlari o‘zining zo‘ravonligi bilan butun tumanda nom chiqargan bo‘lgan.

Rizagulni tinimsiz kaltaklab kelgan, unga tinimsiz jabru sitam o‘tkazgan va alal-oqibat o‘tgan shanba kuni tushdan so‘ng uning burnini pichoq bilan kesib tashlagan.

G‘o‘rmoch tumani va Faryob viloyati markazi Maymana orasidagi yo‘lning uzoqligi esa, qariyb 300 chaqirimcha keladi.

Xuddi shu bois ham, yaqinlari Rizagulni faqat yakshanba kuni ertalab viloyat markaziy kasalxonasiga eltishga muvaffaq bo‘lishgan.

Orada yuz bergan mash‘um hodisadan Faryob viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi ham xabar topgan.

Boshqarma mas‘ullariga ko‘ra, viloyat markaziy kasalxonasida Rizagulga lozim tibbiy muolaja ko‘rsatilgan va hozir uning ahvoli u qadar og‘ir emas.

Ammo, ularga ko‘ra, zo‘ravon eri burnining 80 foiz qismini kesib tashlagani bois, Rizagulga maxsus plastik jarrohlik amaliyoti zarur.

Maymananing o‘zida bu kabi imkoniyat yo‘qligini e‘tirof etgan Faryob viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasining boshlig‘i Ma‘ruf Samarning BBCga aytishicha, Afg‘onistonda tibbiyot sohasida faoliyat yuritayotgan turk shirkatlaridan biri jonlariga oro kirgan.

Shirkat Rizagulni plastik jarrohlik amaliyoti uchun Turkiyaga yuborishga va‘da bergan.

G‘o‘rmoch tumani politsiya mas‘ullarining aytishlaricha, Rizagulni shu kuyga solgan erini topish uchun allaqachon maxsus qidiruv amaliyotlarini ham boshlab yuborishgan.

Va zo‘ravonliklar...

Afg‘onistonda xotin-qizlarga qarshi bu kabi shafqatsiz ko‘rinishdagi zo‘ravonliklar ilk bor kuzatilayotgani yo‘q.

So‘nggi yillarda markaziy Daykundi va g‘arbiy Hirot viloyatlaridan ham xuddi shunga o‘xshash xabarlar olingan.

Jumladan, 2013 yilda Hirotda bangi eri Sitora ismli yoshgina xotinining burni bilan birga lablarini ham kesib tashlagandi.

Ammo, mahalliy faollar o‘zlarining e‘tirof etishlaricha, bu yaqin yillar ichida Afg‘oniston shimolida bu kabi voqea kuzatilmagan.

O‘zining o‘ta an‘anador mavqei bilan tanilgan Tolibon tuzumi qulatilib, yangi afg‘on hukumati qudratga kelganiga o‘n besh yil bo‘lgan esa-da, maishiy zo‘ravonliklar – afg‘on xotin-qizlari to‘qnash kelib turgan eng asosiy muammoligicha qolmoqda.

Afg‘onistondagi muxbirimiz Humoyun Hadidning aytishicha, qator davlat va nodavlat tashkilotlarining, yillarki, bu yo‘lda olib borayotgan sa‘y-harakatlari deyarli samara bermagan.

Image copyright epa

Aksincha, butun Afg‘oniston bo‘ylab xotin-qizlarga qarshi turli ko‘rinishdagi maishiy zo‘ravonlik hollari ortib bormoqda.

Afg‘onistonlik faollarga ko‘ra, bugun aynan maishiy zo‘ravonlik hollari afg‘on xotin-qizlarini o‘z jonlariga qasd qilishga undayotgan asosiy omillardan biriga aylangan.

Agar, ularning so‘zlariga tayanilsa, hatto, yangi afg‘on hukumati tomonidan 2009 yilda qabul qilingan maxsus qonun ham ularning himoyasi yo‘lida hech bir ish qila olmagan.

O‘zlarining boshlariga tushgan dahshatli ko‘rguliklardan yana hayotga qaytishlari oson kechmaydigan bu kabi ayollar esa, hozir yengib o‘tishi kerak bo‘lgan yana bir mushkulot qarshisida qolishgan.

Afg‘onistonda Tolibonga o‘xshash o‘ta an‘anador guruhlarning ta‘sirlari yana kuchaya boshlarkan, Rizagulu Sitora va boshqa afg‘on ayollarining taqdirlaridan xavotirlar ham kuchayib bormoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq