Prezident Rahmon: TIUP sentyabr "davlat to‘ntarishini" dastaklagan

Image copyright Getty

Tojikiston Prezidenti 20 yanvar kuni o‘zining xalqqa yillik murojaati bilan chiqqan.

O‘z nutqida Prezident Rahmon yana bir bor Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasi(TIUP)ni 2015 yil sentyabridagi qonli hodisalarni qo‘llab-quvvatlaganlikda ayblagan.

Prezident Imomali Rahmonning yillik murojaati Tojikiston davlat televideniyesi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etilgan.

Ma‘ruzasida Prezident Rahmon sentyabr boshidagi hodisalarni taqiqlangan Islom Uyg‘onish partiyasi dastaklagan "qurolli davlat to‘ntarishiga urinish" deb ta‘riflagan.

"Sentyabr boshida Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasi sobiq rahbariyatining to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashi va nazorati ostida uyatli hodisalar ro‘y berdi, bu yana bir bor xorijdagi siyosiy doiralar o‘zlarining Tojikiston xalqiga qarshi iblisona niyatlaridan qaytmaganlarini va o‘zlarining makkor qo‘poruvchilik rejalarini bu yerdagi yollanmalar ko‘magida amalga oshirishni va xalqimiz ustida xorijiy tizimni barpo etishni xohlayotganlarini isbotlaydi", deb aytgan Prezident Rahmon.

Prezident Rahmon so‘zlariga ko‘ra, Tojikiston xalqi "1990 yillar boshida bo‘lganidek o‘zining tinch, bexavotir hayotini kimlardir fitna-nayranglar bilan buzishiga yo‘ql qo‘ymaydi".

"Shuning uchun mamlakat xalqining faol dastagi bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlar va xavfsizlik kuchlari "terrorchilarning guruhi"ni qisqa vaqt ichida yo‘q qildi", deb aytgan Tojikiston prezidenti.

Imomali Rahmon so‘zlari davomli qarsaklar bilan qarshi olingan.

U Tojikiston xalqini siyosiy hushyorlikni yo‘qotmaslikka chaqirgan.

Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasi aholi orasida kuchli ta‘sirga ega ikkinchi va Markaziy Osiyodagi yagona qonunan ro‘yxatga olingan yagona islomiy partiya edi.

Islom Uyg‘onish partiyasi Prezident Imomali Rahmon hukumatiga qarshi urushda ishtirok etgan, Tojikistondagi fuqarolar urushi 1997 yili BMT vositachiligida to‘xtatilib tinchlik bitimiga erishilgan edi.

2000 yillardan buyon ilk bor 2015 yil martidagi parlament saylovida Islom Uyg‘onish partiyasi parlamentda birorta ham o‘ringa ega bo‘lolmadi.

Bu saylov xalqaro kuzatuvchilar va muxolifat tomonidan soxtagarchiliklarga to‘la deb ta‘riflandi.

Tojik rasmiylari TIUP faoliyatini 2015 yil avgustida taqiqladilar.

Sentyabr oyida esa terrorchilik tashkiloti deb e‘lon qilindi.

Parlament saylovidan keyin partiya lideri Muhiddin Kabiriy Tojikistonni tark etdi va u hozir muhojirotda qolmoqda.

Tojik rasmiylari Islom Uyg‘onish partiyasini sentyabr oyidagi sobiq Mudofaa vaziri o‘rinbosari Abduhalim Nazarzoda rahbarligidagi qurolli isyonga aloqadorlikda aybladilar.

Bir kunda islomiy partiyaning kamida 13 a‘zosi hibsga olingan va ularga jinoiy ayblovlar ilgari surilgan.

TIUP rahbariyati o‘zlariga nisbatan Tojik rasmiylari ilgari surayotgan ayblovlarni rad etadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq