"IShID Afg‘onistonda dastakka ega bo‘lolmaydi"

Image copyright AP

BBCga bergan suhbatida bunday da‘vo bilan qo‘shni Afg‘oniston ijroiy raisi doktor Abdullo Abdullo chiqqan.

Uning bu iddaosi Afg‘oniston parlamenti vakillarining IShID guruhi mamlakatning aksariyat Markaziy Osiyo davlatlariga chegaradosh shimoliy-sharqiy mintaqalarida jiddiy tahdidga aylanishi mumkinligiga oid so‘nggi xavotirlari manzarasida yangramoqda.

O‘z xavotirlari manzarasida vakillar kuni-kecha Afg‘oniston Mudofaa, Ichki ishlar vazirlari va Milliy Josuslik Xizmati rahbarini parlamentga chaqirishgan, jangarilarning bahorgi amaliyotlariga qanchalik hozir ekanliklari bilan qiziqishgandi.

BBC O‘zbek Xizmatiga bergan suhbatida o‘zining tashvishlari bilan o‘rtoqlashgan Afg‘oniston shimolilik ayrim parlament vakillariga ko‘ra, bu yil har yilgisidan o‘zgacha bo‘lishi, IShID jangarilari mahalliy toliblar bilan hamkorlikda qaqshatqich hujumlar uyushtirish, mamlakat shimoli-sharqiga yanada chuqurroq kirib borishga muvaffaq bo‘lishlari mumkin.

Ammo ijroiy rais doktor Abdullo Abdulloning kecha payshanba kuni bayon qilishicha, IShID guruhi Afg‘onistonning hech bir qismida kuchli dastakka ega emas va mamlakatida o‘z mavqeini mustahkamlab ololmaydi.

IShID ayrim afg‘onlarni ham o‘z saflariga yollashga muvaffaq bo‘lganini e‘tirof etsa-da, doktor Abdullo Abdulloga ko‘ra, guruh boshqa mamlakatlarda kuzatilgani kabi Afg‘onistonda mazhabiy bo‘linishlardan foydalana olmaydi.

So‘nggi yillarda dunyodagi eng qudratli va boyvachcha guruh sifatida e‘tirof etilayotgan IShID o‘zining Janubiy Osiyodagi yangi tarmog‘iga o‘tgan yil Pokistonda asos solgan va bir yilning ichida har tomondan Afg‘onistonga ham sizib kirishga muvaffaq bo‘lgan.

Ammo, shunga qaramay, Afg‘onistondagi IShID jangarilarining aniq soniga oid rasmiy ma‘lumotlar hali-hanuz imkonli emas.

Afg‘onistonlik mas‘ullar o‘tgan bir yil davomida ularning sonlarini yuzlab ekanini taxmin etish bilan cheklanishgan, xolos.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, harbiy doiralarda jangarilarining soni bir necha yuzdan bir necha mingtagacha, deb taxmin etiluvchi O‘zbekiston Islomiy Harakati 2014 yil sentyabrida Yaqin Sharqdagi IShID guruhiga to‘lig‘icha rasman bay‘at keltirgan.

Harakat rahbari Usmon G‘oziy o‘tgan yil xos bayonot bilan chiqib, o‘zlarining Pokistondan Afg‘onistonga butkul qaytganliklarini da‘vo qilgandi.

Afg‘onistonda o‘tgan bir yil ichida kuzatilgan janglar esa, harakat a‘zolarining butun mamlakat bo‘ylab qayta faollashishga muvaffaq bo‘lganliklariga dalolat qiladi.

Lekin, shunda ham, IShID jangarilarining nomi asosan Afg‘oniston sharqi, shimoli va shimoli-sharqi misolida ko‘proq tilga olinayotgani kuzatiladi.

Image copyright

Jangarilar, oylarki, sharqiy Nangarxor viloyatida toliblar bilan qaqshatqich janglar olib borishayotgan bo‘lsa, boshqa tomondan, Afg‘oniston Tolibon harakati o‘tgan 14 yil davomida qo‘lga kiritgan eng katta muvaffaqiyatlari ham ular bilan ittifoqchilikda mamlakat shimoli-sharqida uyushtirgan hujumlari hisobiga to‘g‘ri keladi.

Bu ikki guruh jangarilari o‘tgan yil hamkorlikda Afg‘onistonning qo‘shni Tojikistonga chegaradosh Qunduz viloyati markazini bosib olishgan, bir necha hafta davomida afg‘on hukumati va xalqaro ittifoq qo‘shinlariga qaqshatqich qarshilik ko‘rsatishning uddasidan chiqishgandi.

Bundan tashqari, afg‘onistonlik mas‘ullarning o‘zlari shaxsan IShID guruhi a‘zolariga nisbat bergan yuzlab jangarilar Afg‘onistonning Turkmanistonga shundoqqina qo‘shni Faryob viloyatida ham ozmuncha boshog‘riqqa sabab bo‘lishmagan, ularni daf etish uchun, hatto, Afg‘oniston vitse-prezidenti general Abdurashid Do‘stum boshchiligi ostida yirik harbiy amaliyotlarga ham qo‘l urilgandi.

Jangarilar, bundan tashqari, mahalliy toliblar bilan birga Afg‘onistonning Tojikistonga bevosita chegaradosh yana bir viloyati – Badaxshonda ham jiddiy faollashishgan, muayyan muddatga bo‘lsa-da, qator tumanlarni bosib olishga muvaffaq bo‘lishgan.

Orada O‘zbekiston Islomiy Harakati Afg‘oniston Tolibon harakatini ham Yaqin Sharqdagi IShID guruhiga bay‘at keltirishga da‘vat qilib chiqqan, ammo toliblar guruh rahbari Abu Bakr al-Bag‘dodiyga ochiq maktub bilan chiqib, ularni afg‘on tuprog‘idan uzoqroq turishga da‘vat etishgan. Buning oqibatlari jiddiy bo‘lishi bilan ogohlantirishgandi.

Boshqa tomondan, IShID guruhining Afg‘onistondagi bu kabi faollashuvi yangi lideri yuzasidan Tolibon harakati saflarida jiddiy bo‘linish yuz bergan, harakat ikkiga ajralib ketgan bir yilda kuzatilgan.

Image copyright AP

So‘nggi oylarda Afg‘oniston janubi va janubi-sharqidan olingan xabarlardan IShID nomi ostida jang qilayotgan O‘zbekiston Islomiy harakati a‘zolarining Tolibon harakatining bo‘lginchi qanoti rahbari Mulla Muhammad Rasulga yaqin ekani ma‘lum bo‘lgandi.

O‘tgan yil oxirlarida Afg‘onistonning bu jangarilar boshpana topib kelayotgan janubiy Zobul viloyatida harakatning ikki qanoti o‘rtasida qaqshatqich janglar yuz berganiga oid xabarlar olingan va o‘shandan buyon O‘zbekiston Islomiy harakati lideri hamda yuzlab a‘zolarining taqdiri noma‘lumligicha qolmoqda.

Orada ularning qurshovga olingani, asir tushgani va halok etilganiga oid xabarlar ham olingan, ammo, oradan oylar o‘tsa-da, ular rasman o‘z tasdig‘ini topmagan.

Ammo so‘nggi janglar Afg‘oniston janubida yuz bergan bu hodisa harakat a‘zolarining mamlakat shimoli-sharqidagi faolliklariga jiddiy ta‘sir qilmaganiga dalolat qiladi.

Xuddi shu manzarada eslatib o‘tish joiz, ijroiy raisidan farqli tarzda, so‘nggi yillarda Afg‘oniston prezidenti va vitse-prezidenti IShID guruhi o‘z mamlakatlari va Markaziy Osiyo davlatlariga solajak tahdid xavfidan bir necha bor ogohlantirib chiqishgan.

Aynan aksariyati Markaziy Osiyo davlatlariga chegaradosh shimoliy-sharqiy mintaqalaridagi so‘nggi vaziyatni nazarda tutib, Rossiya Afg‘onistonning ikkinchi Iroqqa aylanishidan xavotir bildirgan, rasmiy Pentagon ham IShID jangarilarining soni Afg‘onistonda izchillik bilan ortib borayotganini e‘tirof etgandi.

Image copyright Reuters

Eng so‘nggi xabarlarga ko‘ra esa, AQSh Mudofaa vaziri o‘z harbiylariga IShID guruhining Afg‘onistondagi mavqe‘larini nishonga olishga rasman ruxsat bergan.

Bu – vazirlikning Suriya va Iroq chegaralaridan tashqarida IShID guruhiga qarshi olib borishni ma‘qullagan ilk harbiy amaliyotlari bo‘ladi.

Pentagon matbuot voizi bu xususda ortiqcha tafsilotlarga to‘xtalmagan esa-da, Afg‘onistondagi Amerika manfaatlariga tahdid solgan har qanday terrorchi guruhga qarshi jang olib borishlari mumkinligini aytgan.

Matbuot voiziga ko‘ra, bu guruhlar Yaqin Sharqdagi IShID guruhining mintaqadagi Xuroson bo‘limini ham o‘z ichiga oladi.

O‘tgan yil Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasida asos solingani aytiluvchi ushbu guruh esa, allaqachon AQSh Davlat departamentining "terrorchi tashkilotlar" qora ro‘yxatiga ham kiritilgan.

Yaqinda IShID guruhiga qarshi kurashish uchun Saudiya Arabistoni boshchiligi ostida yangi islomiy harbiy koalitsiyaga ham asos solingan.

Unga a‘zo bo‘lgan aksariyat aholisi musulmon o‘ttizdan ortiq davlat orasida IShId guruhi o‘zining mintaqadagi tarmog‘iga asos solgan Pokiston ham bor.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq