Shaxmat o‘ynash "harom"mi?

Image caption Saudiya muftiysiga ko‘ra, shaxmat "vaqtni zoye ketkazish"dir

Saudiya Arabistoni bosh muftiysi Shayx Abdulaziz al-Shayx shaxmatni taqiqlash haqida fatvo bergan.

Shaxmatni "harom" va "vaqtni zoye ketkazish" deb ta‘riflagan ulamo "uni o‘ynaganlar orasida dushmanlikka yo‘l ochishi"ni aytgan.

Bundan avval Iroqning eng mashhur shia ulamosi Oyatulloh Ali al-Sistoniy ham shaxmat taqiqlanishi kerakligini aytgan edi.

Shaxmat o‘yini 1988 yilgacha Eronda "harom" deya taqiqlangan.

Ammo Eronning sobiq diniy rahbari Oyatulloh Humayniy qimor sifatida o‘ynalmasa, shaxmatga izn berilishini aytgan.

Eronning hozirda xalqaro o‘yinlarda ishtirok etadigan Shaxmat Federatsiyasi ham bor.

O‘zbekistonlik ulamo, Shayx Abdulaziz Mansur bilan bu mavzudagi suhbatni tinglash uchun mana bu yerga bosing.

Qimor emas

Britaniyada chiqadigan "Gardian" ro‘znomasi Saudiya Arabistoni bosh muftiysining fatvosidan hayratga tushgan.

Ro‘znomaning yozishicha, 7-asrda bugungi Eron tuproqlarini fath qilgan musulmonlar shaxmatdan zavq olib, uni "Ovro‘poga ham yetkazishgandi".

Image copyright THINKSTOCK

"Gardian" musulmon olimlari shaxmatni omaddan ko‘ra iqtidorga asoslangan bir o‘yin bo‘lgani uchun qimordan ajratishganiga e‘tibor qaratadi.

BBCga gapirgan shaxmat bo‘yicha Angliya chempioni Nayjel Short Saudiya muftiysining fatvosini "buyuk fojia" deb atagan.

Uning fikricha, shaxmat jamiyatga tahdid solmaydi.

"Hatto Oyatulloh Humayniy ham o‘z vaqtida shaxmatni taqiqlash bilan haddan ziyod chuqur ketganini e‘tirof etgandi", - degan ingliz shaxmatchisi.

Bir savolga javob sifatida berilgani uchun Saudiya muftiysining fatvosi bir tavsiya sifatida ko‘rilmoqda va taqiq holiga kelishi kutilmaydi.

O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasi raisining o‘rinbosari, taniqli ulamo Shayx Abdulaliz Mansurning aytishicha, Markaziy Osiyo ulamolari shaxmatni "harom" deb taqiqlamaydilar.

Uning so‘zlariga ko‘ra, "shaxmat qimor maqsadida o‘ynalsa va yutqazgan odam cho‘ntagidan to‘lasa harom, agar bir kishi bu musobaqaning homiyligini zimmasiga olsa, halol deb ko‘riladi".

Abdulaziz Mansurning aytishicha, o‘zbek ulamolari, imom xatiblari orasida shaxmatni yaxshi o‘ynaydiganlar oz emas.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio