O‘zbek laylagi - dunyo ilmida jumboq

Image copyright bbcuzbek.com
Image caption O‘zbekiston laylagining o‘troqlashishi dunyoni hayratlantirmoqda

Xalqaro olimlar guruhiga ko‘ra, inson o‘zgartirayotgan iqlim va sharoitlar bois ko‘chmanchi qushlar allaqachon o‘troqlashmoqda.

Masalan, Ovro‘podagi laylaklar uzoqqa uchishmaydi.

O‘zbekistondagi laylaklar esa, umuman, hech qayerga uchmay, qishni O‘zbekistonda o‘tkazishayapti.

O‘troq qushlar

Dunyo olimlaridan iborat guruh Germaniya, O‘zbekiston, Armaniston, Ispaniya, Tunis, Rossiya va Yunonistondagi laylaklarni o‘rgangan.

Tadqiqotlarga ko‘ra, ochiq havodagi mavjud ovqat chiqindilari ko‘chmanchi qushlarni "dangasa" qilib qo‘ygan.

Buning ustiga, shimoliy yarim sharda iqlim isiyotgani bois qator hududlarda qishlar hozir ancha mo‘‘tadil.

Xususan, laylaklar qishda ovqat va issiq iqlim izlashlari shart emas.

Ovrosiyo laylaklari avvalgi ko‘chish yo‘llarini qisqartirib, Qora Afrika va Janubiy Osiyoga uchishni o‘zlariga ep bilishmayotir.

Maxsus sun‘iy yo‘ldoshli kuzatuv asboblari orqali kamida 70 dona laylakni o‘rganish natijasida ana shunday xulosaga kelinmoqda.

Image copyright bbcuzbek.com
Image caption Toshkentdagi qanoti qirqilgan laylaklar

Ancha sovuq o‘lkalar bo‘lgan Rossiya va Polshadagi laylaklar hamon Afrika va Osiyoga borib, qishni o‘tkazishadi.

Lekin Ispaniya, Tunis va Germaniyadagi laylaklar ajdodlaridan farqli tarzda Sahroi Kabirni kesib o‘tishmayapti.

Marokashdagi ulkan chiqindixonalar Ovro‘po laylaklari uchun asosiy oziq-ovqat manbaiga aylangan.

Armaniston laylaklari esa qish oldidan janub tarafga juda qisqa masofaga ko‘chishmoqda, xolos.

O‘zbek laylaklari - jumboq

Olimlarni O‘zbekiston laylaklari eng ko‘p hayratga solmoqda.

O‘zbekistonda iqlim keskin kontinental va issiqqa o‘rgangan qushlar qish chillasiga dosh berolmasligi mumkin.

Lekin kuzatuvlarga ko‘ra, O‘zbekiston laylaklari qishda hech qayerga ko‘chmay, O‘zbekistonda qolishmoqda.

O‘zbekistonda baliqchilik xo‘jaliklari ko‘paygan.

Shuningdek, qurigan Orol dengizi hisobidan paydo bo‘lib, kengaygan Haydarko‘l atrofida ham yangicha mikroiqlim va hayvonot dunyosi yuzaga kelgan.

Buning ustiga, qish ba‘zan mo‘‘tadil kelib, ko‘pincha juda qisqa davom etayotgani aytiladi.

Image caption Issiq iqlim, tayyor ovqat turganda, qishda ko‘chish shartmi?

Shu bois O‘zbekistondagi laylaklar qishda ham baliqchilik xo‘jaliklarida oziq-ovqat topib, Afg‘oniston osmonini kesib, Janubiy Osiyoga uchmay qo‘yishgan.

Laylaksiz Afrika

Ovrosiyo laylaklari Sahroi Kabirdan nariga uchib o‘tishmaskan, bu holat Qora Afrikadagi dehqonchilikka zarar yetkazishi mumkin.

Laylaklar Afrikadagi ekinlarga zarar yetkazuvchi hasharot, kemiruvchi va chigirtkalar bilan oziqlanardi.

Ayni damda, aholi o‘sayotgan va dehqonchilik maydonlari kengayib borayotgan Ovrosiyoda qishlayotgan laylaklar kelajagi haqida ham aniq bashoratlar yo‘q.

Ular shu asno yangicha sharoitlarga o‘rganib, o‘troq qushga aylanib, yashab qolishadimi?

Yoki biron boshqa iqlim o‘zgarishiga moslasha olmay, yo‘qolib ketishlari mumkinmi?

Bu savollar ochiq.

Ammo bir narsa aniq: Laylaklarni insonlar o‘troq qushga aylantirishmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq