Tojikiston xavfsizligiga nima tahdid solmoqda?

Image caption Rustam Rahmon uchun prezidentlikka yo‘l ochilmoqdami?

Tojikiston bo‘ylab xavfsizlik kuchlarining favqulodda tayyorgarlik holatiga keltirilgani turfa mish-mishlarni urchitib yuborgan.

Mulozimlar esa buni odatiy mashq amallari deya qisqa izoh berishgan.

Mamlakatning yirik shaharlariga kirish-chiqish nuqtalarida qo‘shimcha tekshiruv postlari tashkil qilingan.

Sentyabr oyida Mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari Abduhalim Nazarzoda guruhiga qarshi, hukumatga ko‘ra, "davlat to‘ntatirishi urinishini bartaraf etish" amaliyoti ommaviy-axborot vositalarida keng yoritilar ekan, so‘nggi favqulodda tayyorgarlik mashqlari aholi orasida xavotir uyg‘otgan.

Muxolifat nashrlari esa Tojikiston xavfsizlik kuchlari tarkibida bo‘lgan bir necha zobitlar isyonkorlar va jihodiy guruhlarga qo‘shilgani haqida yozishmoqda.

Bu xabarlar mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlangani yo‘q.

Ayrim kuzatuvchilarga ko‘ra, mamlakatda katta ta‘sir va dastakka ega bo‘lgan Islom Uyg‘onish partiyasining "terrorchi guruh" o‘laroq noqonuniy deb e‘lon qilinishi Tojikistondagi siyosiy va kuch tizimlari tomonidan birday olqishlanayotgani yo‘q.

Tojikiston rahbari Imomali Rahmonga "millat peshvosi" maqomi berilishi, prezident saylovlarida cheklovsiz ishtirok etish huquqiga ega bo‘lish ehtimoli ham hukumatga ko‘z tikkan ba‘zi qudratli shaxslarga yoqmayotgan bo‘lishi mumkin.

Prezidentlikka nomzodlar yoshi ham 35 dan 30 yoshga qisqartirilishi rejalari ortida qanday maqsad turganiga, jurnalistlarga ko‘ra, Tojikistonda hech kim shubha qilayotgani yo‘q.

"Kelasi saylovlarda otaning mazasi qochib qolsa, qudratni sekin o‘g‘liga topshirib qo‘yadi. Shu ketishda unga qarshi chiqadigan kuch yo‘q. Islom Uyg‘onish partiyasi ovozini chiqarib turardi, bu ovozni o‘chirishdi", deydi ismini oshkor etishni istamagan tojikistonlik jurnalist.

Tahlilchi Arkadiy Dubnovga ko‘ra, bundan uch-to‘rt yil avval ham Imomali Rahmon o‘z o‘g‘li Rustamni merosxo‘rlikka tayyorlayotgani aniq edi.

"Bugunga kelib Tojikistonda Rahmonning qudratiga muxoliflar deyarli qolmadi. Ular yo o‘lgan, yoki qamoqda va yo muhojirotda", deydi Arkadiy Dubnov.

Tazyiqlar va radikallashuv

Image copyright internet
Image caption Muhiddin Kabiriy Tojikistonni tark etgan

Tojikiston hukumatiga muxolif fikrda bo‘lgan guruh va shaxslarga qarshi avvallari mo‘‘tadil bo‘lgan bosimlar so‘nggi paytlar kuchayib bormoqda.

BBCning Tojikistondagi muxbiri Anora Sarkorovaga ko‘ra, so‘nggi bir necha oy ichida Islom Uyg‘onish partiyasi siyosiy kengashining deyarli barcha a‘zolari hibsga olingan. Partiyaning 100 ortiq boshqa a‘zolari ham qamoqqa tashlangan.

Islom Uyg‘onish partiyasining yuzlab a‘zolari hukumat tazyiqlaridan cho‘chib, vatanni tashlab chiqishgan.

Partiya rahbari Muhiddin Kabiriy Interpol orqali qidiruvga berilgan.

Bosh prokuratura Muhiddin Kabiriyni sentyabr oyida sobiq Mudofaa vaziri o‘rinbosari Abduhalim Nazarzoda boshchiligida qurolli qo‘zg‘olonni tashkillashtirishda ayblagan.

Muhiddin Kabiriy bu ayblovlarni rad etib keladi.

BBCga ma‘lum bo‘lishicha, Islom Uyg‘onish partiyasi faollarining oila a‘zolariga nisbatan bosimlar kuchaygan.

Huquq-tartibot xodimlari tomonidan ularni tergov qilish va tahqirlash odatiy tus olgani aytiladi.

Qamoqqa tashlangan faollarning advokatlari ham o‘zlariga nisbatan bosimlardan shikoyat qilishmoqda.

Image copyright BBC World Service
Image caption Mehnat muhojirlari

Islom Uyg‘onish partiyasi faollarining qiynoqqa solinayotgani haqida so‘z ochgan advokat Buzurgmehr Yorov ham hibsga olingan edi.

Siyosatshunos Parviz Mullajonovga ko‘ra, Islom Uyg‘oniy partiyasining taqiqlanishi hukumat tomonidan qo‘yilgan eng katta xatolardan biridir.

"Islom Uyg‘onish partiyasi yashirin faoliyatga o‘tdi. Avvallari partiyaning o‘n minglab faollari siyosiy faoliyatdan chetda turar edi..."

Mamlakatdagi ishsizlik va korruptsiyaning misli ko‘rilmagan darajada tarqagani, mutaxassislarga ko‘ra, jamiyatda ekstremistik kayfiyatdagi diniy guruhlarni faollashuviga sabab bo‘lmoqda.

"O‘zimizda ish yo‘q edi, Rossiyaga borib amal-taqal qilayotgandik. Rossiyadagi inqiroz tufayli ayrimlar vatanga qaytishmoqda, boshqalar uyga pul jo‘natolmay qolgan... Pora bermasangiz biror qadam qo‘yish mumkin emas bizda. Biror bir korxona yoki kichikroq do‘kon ochdingizmi, tamom, bir oyga qolmay yopishga majbur bo‘lasiz. Hamma pora talab qiladi. Sal korxonaningizni tiklab olsangiz, hukumatga yaqinroq birortasi kelib bemalol tortib oladi, hech kimga dodingizni aytolmaysiz. Sizni tinglaydigan, o‘zlarining nazarida haq yo‘lni ko‘rsatib, bu bedodlikka chek qo‘yishga da‘vat qiladiganlar esa...diniy guruhlar. Boshqa qayerga borasiz", deydi hozir Rossiyada istiqomat qiladigan tojikistonlik tujjorlardan biri.

Tojikiston mulozimlari esa mamlakatda radikallashuv tashqi kuchlar ta‘siri ostida ro‘y berayotganini urg‘ulashadi.

Hukumatga yaqin manbalarning aytishicha, bugungi kunda Yaqin Sharqdagi jihodiy guruhlar safida yuzlab tojikistonliklar jang qilishmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq