Usmonov Uber sarmoyadori bo‘lib chiqdi

Image copyright interfax.ru
Image caption Usmonovning Uber dagi hissalari 22,5 foizga o‘sgan

Alisher Usmonovning USM Holdings shirkati va uning hamkorlari tobora ommalashib borayotgan Uber mobil taksi buyurtma berish shirkatiga millionlab dollar sarmoya kiritgan.

Rossiyaning RBK nashriga ko‘ra, janob Usmonov Amerikaning eng qimmat startapiga sarmoya kiritishni 2015 yil yozida boshlagan.

The Wall Street Journal ma‘lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yil iyulida Uber bir milliard dollar miqdorida sarmoya jalb etib, umumiy sarmoyalar hajmini 5 milliard dollarga yetkazgan.

Shirkatning butun hissalari 51 milliard dollarga baholangan.

Shu tariqa Uber sarmoyalar hajmi va hissalar narxining o‘sish tezligi bo‘yicha Facebook ijtimoiy tarmog‘idan ham o‘zib ketgan.

RBK ning hisob-kitobicha, Alisher Usmonovning so‘nggi sarmoyasining qiymati o‘tgan yil yozidan buyon 22,5 foizga o‘sgan.

Image copyright AP
Image caption Uber dunyoning 155 davlatida faoliyat olib boradi

Uber taksi xizmati dunyoning 10 ta eng qimmat startaplari qatoriga kiradi.

2009 yilda tashkil topgan shirkatning mobil ilovasi shaxsiy haydovchilar va yo‘lovchilar o‘rtasida vositachilik qilish yo‘li bilan taksi qidirish, buyurtma berish va haq to‘lashni amalga oshirish imkonini beradi.

Uber Rossiya doxil dunyoning 155 davlatida faoliyat olib boradi.

Yo‘qotishlar

Ikkinchi tomondan, Alisher Usmonovning USM Holdings shirkati jahonda xomashyo narxlarining tushib ketishi sabab yuz millionlab dollar mablag‘larini yo‘qotgani o‘rtaga chiqqan.

Britaniyada chop etiladigan Daily Telegraph nashrining yozishicha, Alisher Usmonov 2016 yil boshidan buyon qariyb 910 million dollarga yaqin mablag‘ini yo‘qotgan.

Jahon bo‘ylab hissalar narxining tushishidan eng ko‘p rossiyalik milliarderlar zarar ko‘rishmoqda.

Neft narxlarining tushishi va rublning qulashi rossiyalik milliarderlar uchun katta yo‘qotishlarga olib kelgan.

Ayni paytda nashr Rossiyadagi siyosiy mavhumlik bois ko‘plab oligarxlarning mamlakatdan o‘z pullarini olib chiqayotganiga e‘tibor qaratadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio